BOSIM VA TANQIDLARGA UCHRAGAN YOZUVCHI “ADABIY RAZVEDKA” VA BOSHQA HAQIQATLAR HAQIDA GAPIRDI
(Intervyu 2018-yilda O‘zA saytida e'lon qilingan. www.Ijoddpress.uz sayti to‘liq variantini taqdim etmoqda.)
Azamat Qorjovov – 40 yoshni qoralamay 40 ta kitob chiqarishga ulgurgan ijodkor. Raqamlar ijodkorning naqadar sermahsul ekanligiga ishora qilmoqda. 40 ta kitob, bu – hazil ish emas. Lekin kimdir uning bu darajada ko‘p kitobi chiqarganiga havas qilsa, yana kimdir buni saviyasizlikka yo‘yadi.
Ko‘p yozishga intilish – grafomaniya, saviyasizlik, oldi-qochdi voqeabozlik deyishadi. Biroq ijodkorning o‘quvchilari ko‘p, shu bilan birga, uni tanqid qiluvchilar safi ham kam emas.
Shu kungacha nashriyotlar Azamat Qorjovovning 41 ta kitobini chiqargan. O‘ndan ortiq kitoblari ommabop bo‘lgani va tez sotilgani uchun qayta-qayta nashr etilmoqda. Bu bizning sub'ektiv fikrimiz yoki bahoimiz emas. Nashriyotlar va kitob do‘konlaridagi kuzatuvlarimiz, surishtiruvlarimizning xulosasi. Statistika Qorjovovning kitoblari mamlakatimizda eng ko‘p sotilayotgan kitoblardan ekanidan dalolat bermoqda. Ayrim yozuvchi va adabiyotshunoslar esa uni tanqid qilishdan charchamayaptilar. Shu sababli biz bu yozuvchiga minbar berdik. Uning o‘z asarlari haqidagi fikrlari, tanqidlarga yarasha javob va takliflari bor...
“BIZGA TEZKOR ADABIY NAZORAT VA MUHOKAMALAR KERAK”
– Adabiy tanqid – yuksak san'at. Kimnidir tanqid qilayotgan kishi uning ijodi bilan atroflicha tanishishi, kamchilik va yutuqlarini ko‘rsatishi kerak. Adabiy haqoratga ham, shaxsiyatga tegadigan haqoratga ham hech kim haqli emas. Ayniqsa, “Cen ijod qilma, birinchi asaring sayoz chiqdi, ikkinchisi undan kam emas, uchinchisi ham sayoz chiqadi” deb ijodkorni turtkilashi, uning kitoblarini taqiqlash uchun tashkilotlar orqali bosim o‘tkazishi nohaqlikdir. Yurtimizda diniy ekstremistik, bemaza g‘oyalarga targ‘ib qiluvchi bir yoqlama asarlar, kommunistik g‘oyalarni targ‘ib etuvchi kitoblar, shuningdek, pornografik, erotik adabiyotlar, vahshiylik, behayolik aks etgan asarlar taqiqlangan. Bir vaqtlar meni ham ogohlantirishgan.
O‘shanda, ya'ni 2007-2008-yillarda yozgan ikkita-uchta hikoyamda va qissamda xatolarga yo‘l qo‘yganman. Ustoz ko‘rmagan, hech kim yordam ko‘rsatmagan, yo‘lga solmagan ijodkorda bunday hol yuz berishi mumkin ekan. Ammo men darhol tanqidlardan xulosa chiqardim, o‘qidim, izlandim. Bundan keyin hatto sevgi haqidagi hikoyalarimda ham “quchoqladi“, “o‘pdi“, deb yozmayman, dedim. Jargon so‘zlardan o‘sha paytlardayoq voz kechganman. Men jargonsiz ham yoza olishimni o‘n yildan beri isbotlab kelyapman. Har qanday ijodkorga ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilsa, u o‘zgara boshlaydi. Shuning uchun aytmoqchimanki, mamlakatimizda kim nima yozyapti, kitoblari qanaqa, muallif qaysi tomonga ketyapti, unga qanday yordam kerak – barchasidan boxabar adabiy nazorat, boshqacha aytganda, “adabiy razvedka” bo‘lishi lozim.
Bir kitob nashr ettirilishidan avval uning muhokamasi bo‘lishi, lozim topilsa, qayta ishlashi kerak bo‘lgan joylari ko‘rsatilib, maslahat berilishi kerak. To‘g‘ri, hozirda adabiy kengashlar ishlab turibdi, men boshqacha bir adabiy filtrni nazarda tutyapman. Bu filtr bo‘g‘maydi, aksincha, keng tarqalayotgan kitoblarning mualliflari yuksalishiga xizmat qiladi. Shunda kecha paydo bo‘lgan ijodkor ham o‘sadi, o‘zgaradi. Ijodkorni kuch ishlatib taqiqlash yaxshi emas. Uning yutuqlari va kamchiliklari murabbiylik pozitsiyasidan ko‘rsatilishi, albatta, samara beradi.
Masalan, kitoblarim nashr etilganidan so‘ng menga nimalar yetishmasligini hech kim aytmadi. Goh-gohida qayerlardadir meni saviyasiz, oldi-qochdi yozadi, deyishgani qulog‘imga chalinardi. Tanqidga va saboqlarga tayyor edim. Bir gal Monitoringdan xat kelgan. Unda men bitta kitobda 25 marta “kulimsiramoq” fe'lidan foydalanganim, bir lavhada jahli chiqqan odam aroq ichgani orqali spirtli ichimlikni targ‘ib qilganim yozilgan edi. Shugina tanqiddan juda katta xulosa chiqardim. Goho “agar menga ustozlar murabbiylik qilishsa, Yozuvchilar uyushmasi muhokamalarga eshik ochsa, rostdan ham yozuvchi bo‘lib ketar ekanman-a” deb hazillashaman.
“KITOBIMNI CHIQARIB, BOYIB KETGANIM YO‘Q”
Men haqimda “kitob yozib boyib ketibdi”, “kitob chiqarib, biznes qilyapti” degan fikrlar umuman noto‘g‘ri.
Chirchiqdagi arzon ikki xonali uyimni bir odamning sharofati bilan qirq yosh arafasida zo‘rg‘a olganman, buni tanishlarim yaxshi bilishadi...