BOSIM VA TANQIDLARGA UCHRAGAN YOZUVCHI “ADABIY RAZVEDKA” VA BOSHQA HAQIQATLAR HAQIDA GAPIRDI
(Intervyu 2018-yilda O‘zA saytida e'lon qilingan. www.Ijoddpress.uz sayti to‘liq variantini taqdim etmoqda.)
Azamat Qorjovov – 40 yoshni qoralamay 40 ta kitob chiqarishga ulgurgan ijodkor. Raqamlar ijodkorning naqadar sermahsul ekanligiga ishora qilmoqda. 40 ta kitob, bu – hazil ish emas. Lekin kimdir uning bu darajada ko‘p kitobi chiqarganiga havas qilsa, yana kimdir buni saviyasizlikka yo‘yadi.
Ko‘p yozishga intilish – grafomaniya, saviyasizlik, oldi-qochdi voqeabozlik deyishadi. Biroq ijodkorning o‘quvchilari ko‘p, shu bilan birga, uni tanqid qiluvchilar safi ham kam emas.
Shu kungacha nashriyotlar Azamat Qorjovovning 41 ta kitobini chiqargan. O‘ndan ortiq kitoblari ommabop bo‘lgani va tez sotilgani uchun qayta-qayta nashr etilmoqda. Bu bizning sub'ektiv fikrimiz yoki bahoimiz emas. Nashriyotlar va kitob do‘konlaridagi kuzatuvlarimiz, surishtiruvlarimizning xulosasi. Statistika Qorjovovning kitoblari mamlakatimizda eng ko‘p sotilayotgan kitoblardan ekanidan dalolat bermoqda. Ayrim yozuvchi va adabiyotshunoslar esa uni tanqid qilishdan charchamayaptilar. Shu sababli biz bu yozuvchiga minbar berdik. Uning o‘z asarlari haqidagi fikrlari, tanqidlarga yarasha javob va takliflari bor...
“BIZGA TEZKOR ADABIY NAZORAT VA MUHOKAMALAR KERAK”
– Adabiy tanqid – yuksak san'at. Kimnidir tanqid qilayotgan kishi uning ijodi bilan atroflicha tanishishi, kamchilik va yutuqlarini ko‘rsatishi kerak. Adabiy haqoratga ham, shaxsiyatga tegadigan haqoratga ham hech kim haqli emas. Ayniqsa, “Cen ijod qilma, birinchi asaring sayoz chiqdi, ikkinchisi undan kam emas, uchinchisi ham sayoz chiqadi” deb ijodkorni turtkilashi, uning kitoblarini taqiqlash uchun tashkilotlar orqali bosim o‘tkazishi nohaqlikdir. Yurtimizda diniy ekstremistik, bemaza g‘oyalarga targ‘ib qiluvchi bir yoqlama asarlar, kommunistik g‘oyalarni targ‘ib etuvchi kitoblar, shuningdek, pornografik, erotik adabiyotlar, vahshiylik, behayolik aks etgan asarlar taqiqlangan. Bir vaqtlar meni ham ogohlantirishgan.
O‘shanda, ya'ni 2007-2008-yillarda yozgan ikkita-uchta hikoyamda va qissamda xatolarga yo‘l qo‘yganman. Ustoz ko‘rmagan, hech kim yordam ko‘rsatmagan, yo‘lga solmagan ijodkorda bunday hol yuz berishi mumkin ekan. Ammo men darhol tanqidlardan xulosa chiqardim, o‘qidim, izlandim. Bundan keyin hatto sevgi haqidagi hikoyalarimda ham “quchoqladi“, “o‘pdi“, deb yozmayman, dedim. Jargon so‘zlardan o‘sha paytlardayoq voz kechganman. Men jargonsiz ham yoza olishimni o‘n yildan beri isbotlab kelyapman. Har qanday ijodkorga ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilsa, u o‘zgara boshlaydi. Shuning uchun aytmoqchimanki, mamlakatimizda kim nima yozyapti, kitoblari qanaqa, muallif qaysi tomonga ketyapti, unga qanday yordam kerak – barchasidan boxabar adabiy nazorat, boshqacha aytganda, “adabiy razvedka” bo‘lishi lozim.
Bir kitob nashr ettirilishidan avval uning muhokamasi bo‘lishi, lozim topilsa, qayta ishlashi kerak bo‘lgan joylari ko‘rsatilib, maslahat berilishi kerak. To‘g‘ri, hozirda adabiy kengashlar ishlab turibdi, men boshqacha bir adabiy filtrni nazarda tutyapman. Bu filtr bo‘g‘maydi, aksincha, keng tarqalayotgan kitoblarning mualliflari yuksalishiga xizmat qiladi. Shunda kecha paydo bo‘lgan ijodkor ham o‘sadi, o‘zgaradi. Ijodkorni kuch ishlatib taqiqlash yaxshi emas. Uning yutuqlari va kamchiliklari murabbiylik pozitsiyasidan ko‘rsatilishi, albatta, samara beradi.
Masalan, kitoblarim nashr etilganidan so‘ng menga nimalar yetishmasligini hech kim aytmadi. Goh-gohida qayerlardadir meni saviyasiz, oldi-qochdi yozadi, deyishgani qulog‘imga chalinardi. Tanqidga va saboqlarga tayyor edim. Bir gal Monitoringdan xat kelgan. Unda men bitta kitobda 25 marta “kulimsiramoq” fe'lidan foydalanganim, bir lavhada jahli chiqqan odam aroq ichgani orqali spirtli ichimlikni targ‘ib qilganim yozilgan edi. Shugina tanqiddan juda katta xulosa chiqardim. Goho “agar menga ustozlar murabbiylik qilishsa, Yozuvchilar uyushmasi muhokamalarga eshik ochsa, rostdan ham yozuvchi bo‘lib ketar ekanman-a” deb hazillashaman.
“KITOBIMNI CHIQARIB, BOYIB KETGANIM YO‘Q”
Men haqimda “kitob yozib boyib ketibdi”, “kitob chiqarib, biznes qilyapti” degan fikrlar umuman noto‘g‘ri.
Chirchiqdagi arzon ikki xonali uyimni bir odamning sharofati bilan qirq yosh arafasida zo‘rg‘a olganman, buni tanishlarim yaxshi bilishadi. Uyimda bolalarimga hatto karavot ham yo‘q, pul yig‘sam, olib beraman. Kitob chiqarish biznes qilish uchun esa kamida ellik million so‘m kerakligi ko‘pchilikka ayon. Menda ellik million nima qiladi?!
Mustaqillikdan keyin xususiy nashriyotlar ko‘paydi, rivojlandi. Xususiy sektorning asosiy planga chiqishi adabiyotga xuddi Yevropa va Amerikadagidek ta'sir o‘tkazishi oldindan ma'lum edi. Xuddi chet ellardagidek bestsellerlar paydo bo‘lishi, kitoblar chang bosib yotadigan davr nihoya topishi aniq edi.
Respublikada qad rostlaydigan ulgurji kitob savdosi tizimi klassik asarlarni ham, o‘rtamiyona asarlarni ham, sayozlarini ham o‘zining o‘rgimchak to‘ri orqali mamlakatimizdagi barcha kitob do‘konlariga yetkazib berishi, buning ijobiy va salbiy tomonlari yuzaga chiqishi ham aniq edi. Qalam haqiga kelsak, ijodkor bir asar yozib nashriyotdan chiqarganidan keyin, unga albatta qalam haqi berilishi shart. Bu pul uchun yozadi, degani emas-ku! Muallim ham o‘tgan darsi uchun oylik oladi. Uni pul uchun dars o‘tadi deb haqorat qilish qanchalik bema'nilik?!
Shuni unutmaslik kerakki, bizda kitob savdosidan to‘lanadigan qalam haqi Yevropa, AQShdagi yoki sobiq Sho‘rolar davridagidek ham emas. Bunda noshirlarni ayblamoqchi emasman, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat bitta kitobga yuz million so‘m qalam haqi to‘lab, muallifning yaxshi yashashini ta'minlashiga xizmat qila olmaydi. Bu hech qaysi noshirning qo‘lidan kelmaydi, uni inqirozga uchratadi. Yozuvchilarga yurtimizda yaratib berilayotgan sharoit haqida ham shunday fikrdaman. Ayni damda bizda xorijdagidek katta qalam haqlari ham yo‘q va sobiq Sho‘rolar davridagidek yozuvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash ham yo‘q.
Prezidentimizning sa'y-harakatlaridan so‘ng endi shakllanyapti, ammo bu imkoniyatlar ham Toshkent shahrida propiskasi bor, Uyushmaga a'zo ayrim shoirlarga va kam sonli yozuvchilarga taalluqli. Kitobim uchun olgan ilk qalam haqim oyligimdan to‘rt barobar kam edi. 2011-yilda “Davr-Press”dan chiqqan “Go‘r qizi” nomli kitobimga 180 ming so‘m, “O‘lib tirilganlar qismati” uchun 230 ming so‘m gonorar olganman. Keyinchalik boshqa bir “Dizayn-Press” nashriyoti plastik kartamga 1 million 200 ming so‘m qalam haqi bergach, menda sal-pal o‘zgarish bo‘ldi, lekin boyib ketmadim, kitob yozib boyib ketish hali-hanuz birorta yozuvchiga nasib etgani yo‘q. Bizning nashriyotlar kitob orqasidan katta daromad qilmaydi, qog‘oz qimmat va o‘ziga yarasha yana xarajatlari ham bor. Ko‘pchiligida kitob uchun katta gonorar beradigan sharoitning o‘zi yo‘q.
“HAR OYDA BITTA KITOB YOZAMANMI?”
Ilk hikoyamni 1993-yilda yozganman. Keyinchalik “Milliy tiklanish” gazetasida chiqqan. “Yosh kuch” jurnali va “Vatanparvar” gazetasida ham asarlarim e'lon qilinganida, mendan baxtli inson yo‘q edi.
1998-yilda SamDUning O‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga o‘tdim. 2002-yilda shu fakultetning magistraturasida o‘qidim. Keyin aspiranturafa o‘tdim, lekin ilmiy tadqiqotni tashlab, matbuotga ishga ketib, hikoya va qissalar yozishni boshlab yubordim. Sharq xalqlarining g‘aroyib rivoyat va hikoyatlari, shuningdek, Yevropaning qiziqarli syujetga ega asarlarini o‘zimga yo‘nalish qilib oldim. Asarlarim qiziqarli va sirli syujeti, oddiy odamlar ham tushunadigan tilda yozilishi bilan kitobxonlarni o‘ziga jalb etishini istadim. Sharq rivoyatlari besh yuz yildan keyin ham o‘qilyapti, tili sodda, voqea qiziqarli, demak, men ham shu yo‘l bilan hikoyalarimning yashovchanligini ta'minlashga qaror qildim. Biroq nashriyotlarga borsam, yo o‘zingizning pulingizga chop etamiz, yo homiy pul o‘tkazsin, deyishdi. Ayrim nashriyotlar qalam haqiga yuzta kitob beramiz, deyishdi. Men rad etdim. Oradan yillar o‘tib, 2011-yilda “Davr-Press” va “Dizayn-Press” nashriyotlari kitoblarimni nashr etib ko‘rishdi va xalqning reaktsiyasini kutishdi.
Kutilmaganda minglab odamlar kitob do‘konlaridan men yozgan asarlarni izlay boshlashdi, o‘z navbatida, do‘kondorlarning yangi kitoblarimga bo‘lgan talabi ortib ketdi, nashriyotlar esa menga taklif bilan chiqa boshladi. Natijada 2012-yilda 13 ta kitobim chop etildi. Bu asarlar avval yozilgan va fleshkamda saqlanib turardi. Natijada men haqimda “har oyda bitta kitob yozar ekan” degan mish-mish tarqalib ketdi.
To‘g‘ri, o‘shanda biroz hayajonlanib qolganman va hamma yozganlarimni berib yuborganman. Ularning orasida bugungi kunda tanqid qilinayotgan ayrim “asar”larim ham bor edi. Bundan afsusdaman, albatta.
To‘g‘risi, qalam haqi olish uchun ham ko‘p kitob yozmayman. Odam o‘zini majburlab qachongacha ham yozishi mumkin? Misol uchun, hozir bir odam bitta uy sovg‘a qilaman, bir oyda bitta kitob yozib ber, desa ham yozmayman, yoza olmayman. Har oyda bitta kitob yozish mish-mish, xolos.
Qaniydi rostdan ham kitoblarim ortidan boyib ketsam! Chet elni qo‘ya turing, Buxoroni, Xivani ko‘rsam. Qaniydi kitoblarim ortidan men ham bolalarimga Toshkentdan uy olib bersam! Yozuvchilar uyushmasiga hujjat topshirganimda, biror narsa o‘rganarmikanman, men ham yozuvchilar davrasida yurib, tajribam osharmikan deb o‘ylaganman. Uyushmaga hujjat topshirganimni eshitganlar esa “Uyushmaga a'zo bo‘lishga da'vo qiladigan darajaga yetdingmi?” deb malomat toshlarini otishdi.
Ularga, ayniqsa, behayo va vahshiylik asarlarini yozadi, deydiganlarga aytmoqchimanki, shunchaki ziyo.uz saytiga kiring va hikoyalarimni o‘qing, keyin fikr bildiring. Yaqinda “Otalar so‘zi” ko‘rsatuvi “O‘g‘irlanmagan velosiped”ni videofilm qilgani ham bejiz emas. Men kuchli yozuvchi emasman, ammo ayrimlar tuhmat qilayotgan yozuvchi ham emasman. Ijodim boshidagi ayrim asarlarimda yo‘l qo‘ygan xatolarimni keyin to‘g‘rilaganman.
“MTRK KANALINI SUDGA BERGAN EDIM”
Bir kun oila davrasida televizor ko‘rib o‘tirsak, “Sano-standart” nashriyotida nashr etilgan “Marhum kelinning xiyonati” nomli mistika janridagi kitobimni qo‘lida ko‘targan jurnalist behayo kitob deb gapira boshladi. So‘ng Solih Qahhorning “Daydi qizning daftari” asaridan parcha o‘qib berib, u matn mening o‘sha kitobimda borligiga ishora qildi. Undagi parchada jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bir o‘quvchi qizga axloqsiz xatti-yarakat qilgani tasvirlangan edi. Tasavvur qiling, asar boshqa odamniki, lekin kadrda mening ismim bitilgan kitob. Shunda tuhmat uchun o‘sha kanalni, ko‘rsatuv muallifini sudga berdim. Kamida 100 million so‘m ma'naviy zarar to‘lab berishlarini talab qildim. Biroq do‘stlarim og‘ir bo‘lishim kerakligini aytib, arizamni qaytarib olishimga erishdilar.
“PORTALGA UCH MARTA XAT YOZGANDIM”
O‘z hisobimdan boshlang‘ich to‘lovni to‘lab, Toshkent shahridan kreditga uy olish maqsadida propiskaga yordam berishlarini so‘rab portalga uch marta hat yozdim. Birinchi xat uy-joydan foydalanish depertamentiga yuborildi, ikkinchisi Toshkent shahar pasport stoliga, uchinchisi to‘g‘ri Yozuvchilar uyushmasiga yo‘naltirildi. Uyushmada esa menga uy-joyni ushbu tashkilot a'zosi bo‘lgan odamga va Toshkent shahrida propiskasi bor kishiga berilishini aytishdi. Demak, men va boshqa qancha Uyushma a'zosi bo‘lmagan ijodkorlarga yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga oid hukumat hujjatlari aloqador emas ekan-da?
Qarorlar faqat Uyushma a'zolari uchun yaratilsa, mayli, bu moddiy imkoniyatdir, ammo men moddiy yordam so‘ramadim-ku? O‘z pulimga deyapman, xolos. Portalga yozgan murojaatimda hukumat yozuvchi ijodkorlarni imtiyozga ega bo‘lgan va imtiyozi yo‘qlarga ajratmasligi kerakligini bildirgandim. Bu taklifim inobatga olinmasa, ijodkorlarni himoya qiladigan yana qanday tashkilot bor? Madaniyat Vazirligiga murojaat qilsak, ular ham bizni Yozuvchilar uyushmasiga yuboradi-da.
“MODDIY YORDAM BILAN YOZUVCHI YETISHTIRIB CHIQARILMAYDI, LEKIN....”
Adabiyotning rivojlanishida hech qachon birgina sabab turtki bo‘lmaydi. Agar misol uchun, adabiyot rivojlanishining 10 ta omili bo‘lsa, ularning eng birinchisi, odamlarda kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otish. Ana shu o‘nta sabablardan yana biri esa yozuvchini moddiy ta'minlashdir. To‘g‘ri, moddiy jihatdan yaxshilash bilan yozuvchi yetishtirib chiqarilmaydi, lekin bu ham omillardan biri bo‘ladi. Yozuvchilarning boshqa narsalarga chalg‘imasligi, ko‘proq o‘qib, o‘z ustida ishlashi uchun ularga sharoit yaratib berilishi kerak deb o‘ylayman.
Tarixdan ma’lumki, yozuvchi boylardan ham, kambag‘allardan ham yetishib chiqqan, kerak bo‘lsa, qamoqlarda o‘tirib asar yozgan yozuvchilar ham bo‘lgan. Lekin, mening nazarimda, qalam haqi bilan kun kechirish qiyin bo‘lgan davrda u qo‘llab-quvvatlansa, yomon bo‘lmaydi. Ba'zi iste'dodlar ro‘zg‘or tashvishi, ikki-uch joyda ishlash, dunyoni ko‘rolmaslik fojiasi va boshqa sabablar oqibatida so‘nish sari yuzlanmoqda. Ularga yordam kerak deb o‘ylayman. Kimdir bir marta bo‘lsa ham qo‘ng‘iroq qilib, falon asaringiz chiqibdi, o‘qidim, bundan keyin falon narsalarga rioya qilsangiz, yaxshi bo‘ladi, deb dalda bersa, yo‘l ko‘rsatsa, o‘sadi. Agar u kimlarningdir eshigini yillab taqillatsa-yu ochilmasa, ruhan sinishi mumkin. Kuchli yozuvchi sun'iy yetishtirilmaydi, u bo‘laman dedimi, bo‘ladi. Ammo adabiyot faqat klassiklardan va daholardan iborat emas. Yoshlarni ko‘proq olib chiqadigan, ularni mudrashga qo‘ymaydigan operativ tizim tashkillashtirilsa, sobiq Sho‘rolar davridagidan ham ko‘p yozuvchi yetishib chiqishiga ishonaman. Chunki yozuvchi ijtimoiy muhit va davr mahsulidir.
SUHBATDAN SO‘NG
Azamat Qorjovov bilan uzoq suhbatlashdik. U o‘zini klassik yozuvchilar qatoriga qo‘shmasliklarini tan oladi va bunga da'vo ham qilmasligini aytadi. Uning fikricha, muxlislari ortib borishining sababi – u juda oddiy tilda ijod qiladi. Oddiylik, bu – adabiyotdan yiroqlik emas. Uningcha, bizning rivoyat, hikoyatlarimiz ham aynan oddiy, sodda tillarda yozilgan. Ularda ortiqcha yasama bo‘yoqlar yo‘q, ular xalqbop.
“Men doim rivoyat va hikoyatlardan ilhomlanaman, ular orqali xalq ichiga kirib borishga intilaman”, deydi yozuvchi.
Azamat Qorjovovni adabiyotimizning ko‘pgina bugungi kunda ko‘zga ko‘ringan namoyandalari, ustozlari tanqid qilishi rost. Lekin bu, nazarimizda, yozuvchi kitob yozishni to‘xtatishi kerak degani emas. Azamat Qorjovov kitoblari o‘quvchilarni ma'naviy qashshoq qilmaydi. Shunday ekan, nega uni “do‘pposlashimiz” kerak? Nazarimizda, adabiyotda har kimning, jumladan, Qorjovovning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Qolaversa, xalq orasida u juda mashhur. Bunday qalamkashni tanqid qilish emas, balki yuksalishiga imkon yaratish kerak.
Nima dedingiz?..
Anora Sodiqova, O‘zA