Ayrim xorij filmlarida biror odamning boshidagi olma yoki stakanga o‘q uzish lavhalari namoyish etiladi. Bunday voqealar Yevropa tarixida haqiqatan ham ro‘y bergan. O‘rta asrlarda Yevropada jazoga loyiq ish qilgan xizmatkorning boshiga olma qo‘yib, kamondan o‘q uzishgani haqidagi ma'lumotlar manbalarda uchraydi. Bir jihatdan bu qul egasining oliftaligidan ham, cheksiz huquqga egaligidan ham darak beradi. Zero, o‘qning bir oz xato ketishi insonning muqarrar o‘limiga olib kelishi hech gap emas-da.
Kunlarning birida, aniqrog‘i, 1951-yil 6-sentabr kuni amerikalik yozuvchi Uilyam Berrouz (1914-1997) o‘z uyida kechki ziyofat berayotgan edi. Ketma-ket qadah ko‘targan yozuvchi xotinini turg‘azib qo‘yib, boshiga stakan qo‘yadi va to‘pponchadan o‘q uzadi. U o‘tmishdagi tarixiy qahramon Vilgelm Tell uslubida o‘q uzishni rejalashtirgan edi. Ammo o‘q xato ketib, xotini hayotdan ko‘z yumadi. Yozuvchiga sakkiz yildan yigirma yilgacha qamoq tahdid soladi. Advokatning sa'y-harakatlari bilan Berrouz ko‘p o‘tmay ozod etiladi. Qotil-yozuvchi 1985-yilda “Agar men Joanni otib o‘ldirmaganimda, yozuvchi bo‘lolmasdim” (!) deb yozgan edi.
O‘g‘li esa keyinchalik o‘sha fojia ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lgan deb matbuotda chiqish qildi. Biroq mash'um ziyofatda ishtirok etgan mehmonlar “Berrouzning o‘g‘ilchasi o‘sha paytda boshqa xonada edi” deyishgan.
Ichkilik va oliftalik bir ayol umriga fojiali nuqta qo‘ydi. Marhumaning eri na o‘rta asrlar oligarxi, na kallakesar edi. U yozuvchi edi.