Yusuf Samado‘g‘li
Yozuvchi, senariychi, tarixchi, pedagog, siyosiy arbob
Ozarbayjon xalq yozuvchisi Yusuf Samado‘g‘li (Yusuf Vakilov) 1935-yil 25-dekabrda Boku shahrida tug‘ilgan. U Ozarbayjon xalqining ulug‘ shoiri, birinchi “xalq shoiri”, madhiya muallifi Samad Vurg‘unning o‘g‘li edi. Yoshligidan adabiyot oshno bo‘lib ulg‘aydi. Otasi “xalq shoiri”, keyinchalik ukasi Voqif Samado‘g‘li ham “xalq shoiri” bo‘ldi. O‘zi esa 1998-yilda “Ozarbayjon xalq yozuvchisi” unvoniga loyiq topildi.
Adib 1953-yilda Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutiga o‘qishga kirgan. 1957-yilda institutning IV kursidan Ozarbayjon davlat universiteti filologiya fakultetining V kursiga o‘tkazilgan. 1958-yilda mazkur universitetni tamomlagan. O‘sha yili Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a'zoligiga qabul qilingan. “Ozarbayjon” jurnalida adabiy xodim, keyinchalik 1960–1965-yillarda nasr bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 1965–1969-yillarda “Ozarbayjonfilm” kinostudiyasida senariylar tahririyati a'zosi bo‘lib, so‘ngra 1969–1976-yillarda bosh muharrir va kinostudiya direktori o‘rinbosari bo‘lib mehnat faoliyatini davom ettirgan. 1976–1987-yillarda “Ulduz” jurnali bosh muharriri, 1987-yildan esa “Ozarbayjon” jurnalida bosh muharrir lavozimlarini egallagan. 1991-yilda esa Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi nasr kotibiyati a'zoligiga saylangan.
Yozuvchining “220-xona” (1960), “Galaktika” (1973), “Qatl kuni” (1987) kabi kitoblari chop etilgan. “Qatl kuni” romani o‘zbek adabiyotshunoslari va yozuvchi-shoirlari tomonidan 1999-yilda tuzilgan “XX asrning eng yaxshi 111 asari” ro‘yxatiga kiritilgan. Shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan bu roman 2021-yilda “Ijod-Press” nashriyoti tomonidan nashr etilib, o‘zbek kitobxonlariga qayta tuhfa etildi.
Adib 1990-yil 19-yanvardan 20-yanvarga o‘tar kechasi, soat 23:00 da “Ozodlik” radiosi orqali Bokuda sobiq Ittifoq qo‘shinlari tomonidan tinch aholi qirg‘in etilgani haqidagi xabarni jahon jamoatchiligiga yetkazgan insondir. 1991-yilda Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi deputati etib saylangan.
Yusuf Samado‘g‘li 1998-yil 17-avgustda Boku shahrida vafot etgan. Uning hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film suratga olingan. Yozuvchidan bitta roman, o‘nlab hikoyalar, senariysi asosida suratga olingan 14 ta film meros qolgan. “Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” (1979) va “Shuhrat” ordeni (1995) sohibi hamdir.