“YANA BAHOR KELDI, SIZNI SO‘ROQLAB...”
Kitob nomi: “Yana bahor keldi, sizni so‘roqlab...”
Janr: Esse va lirik she'rlar
Mualliflar: Nurali Qobul, Hulkar Olimjonova
Bosmaxona: “Dizayn-Print” MCHJ O‘ICHK
Xalqimizning sharafli farzandi va suyukli shoirasi, mehru muhabbat hamda sadoqat kuychisi, oqibat malikasi Zulfiyaxonim (1915-1996) haqidagi ushbu kitobda shoiraning tarjimai holi, bosib o‘tgan shonli hayot yo‘li bayon etilgan hamda lirik she'rlaridan namunalar keltirilgan.
Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-martda Toshkentda, hunarmand oilasida tavallud topgan. Onasi Xadicha opadan ertaklar, qo‘shiqlar, afsonalar va dostonlar tinglab ulg‘aygan qiz keyinchalik Toshkent Xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida o‘qiydi va o‘tmish shoirlari ijodi bilan birga o‘z zamonasining shoiru adiblari – Abdulla Qodiriy, G‘ayratiy, Uyg‘un, Hamid Olimjon kabilarning ijodini kuzatib boradi. O‘zi ham she'rlar bitadi. 1932-yilda, 18 yoshida Zulfiyaxonimning “Hayot varaqlari” nomli ilk she'riy to‘plami nashrdan chiqadi. Keyinchalik Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil olgan, undan so‘ng Pushkin nomidagi til va adabiyot ilmiy-tekshirish instituti aspiranturasida o‘qigan Zulfiyaxonim ijodda va ilmda yuksaladi. Ikkinchi Jahon urushi arafasida u taniqli shoiraga aylanib bo‘lgan edi..
Shoiraning Hamid Olimjon bilan bog‘langan umr yo‘li, ijodi, turli voqealar, tadbirlar, adabiy kechmishlar haqida hikoya qiluvchi Nurali Qobulning “Sadoqat mulkining malikasi” essesi ham kitobga alohida ko‘rk baxsh etadi.
Shuningdek, kitobdan Zulfiyaxonimning eng sara she'rlaridan namunalar ham keltirilgan. Yorqin satrlar sizda ajib hislarni uyg‘otadi, tasavvurlarga jon kiritadi, xalqimizning Zulfiyaxonim va Hamid Olimjondek farzandlari yashab o‘tgani haqiqat shaklidagi afsona va afsona shaklidagi haqiqatdek tuyuladi. Ular adabiyotimizning buyuk juftliklariga aylanib, mangulik osmonidagi yulduz bo‘lib ko‘rinadi.
1944-yilda Hamid Olimjondan ayrilgan shoira yarim asrdan ko‘proq uning yorqin xotirasini kuylab yashadi va 1996-yilda 81 yoshida vafot etdi.
Zulfiyaxonim shunday yozgan edi:
“Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga,
Ey qalbimning dilbari shoir!
Qancha bo‘ldi birga o‘ltirib,
So‘zlashmadik dillarga doir...”