Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/STEFANI MAYER: yozuvchining tarjimai holi

STEFANI MAYER: yozuvchining tarjimai holi

83

original

Stefani Mayer

Yozuvchi (romannavis-avantyurachi, novellanavis)

Stefani Morgan Mayer 1973-yil 24-dekabrda AQSHning Konnektikut shtatidagi Xartford shahrida tavallud topgan. Biroq bo‘lajak yozuvchi u yerda yashamagan. Arizona shtatidagi Finiks shahriga ko‘chib ketishgan. Stefani ota-onasi, ikki opasi va uch akasidan iborat oilada ulg‘ayib, yaxshi tarbiya ko‘rdi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Kristian Mayer bilan o‘smirlik chog‘idayoq tanish edi. Ular 1994-yilda oila qurishdi.

1995-yilda Yuta shtatidagi Brigama Yanga xususiy universitetini ingliz tili mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, bakalavr diplomini oladi. Talabalik chog‘larida juda ko‘p kitob o‘qib, badiiy ijodga ichki qiziqishi ortgan Stefani Mayerni kelajakda mashhur yozuvchilik karerasi kutib turardi.

2003-yil 2-iyun kuni g‘alati tush ko‘radi. Tushiga ko‘rkam qomatli, ko‘zlari shishadek, terisi ko‘zni qamashtiradigan darajadagi oq rangli chiroyli vampir yigit kiradi. U Stefani bilan o‘tloqda suhbatlashib o‘tirishni istaydi va qo‘lidan kelgunicha uni yemaslikka harakat qilishini aytadi. Ertalab uyg‘ongan 29 yoshli uy bekasi, uch bolaning onasi, risoladigidek tarbiya ko‘rgan, cherkovga qatnovchi taqvodor ayol, eriga vafodor bo‘lgan Stefani Mayer g‘alati bo‘lib qoladi. U tushida ko‘rgan vampir yigitni yoqtirib qolgandek edi. Ammo hammasi tush va xayol edi. Shundan so‘ng Stefani xayolotini qog‘ozga tushira boshlaydi va oradan uch oy o‘tib besh yuz betli “Sumerki” romanini yozib tugatadi. Shu vaqtgacha asar yozmagan, uy bekasi bo‘lmish oddiy ayolni hech kim yozuvchi deb bilmasdi. Romanni tugatib, opasiga qo‘ng‘iroq qiladi va “menda roman bor”, deydi. Ular dindor oila emasmi, opasi “singlim eri va uch bolasi bo‘la turib, boshqani sevib qolibdi” deb qo‘rqib ketadi. Singlisi eriga xiyonat qilishidan, oilasi buzilishidan tashvishga tushib, o‘sha zahotiyoq yetib boradi. Qarasaki, Stefani “roman” deganda ishqiy munosabatni emas, haqiqiy romanni nazarda tutgan. U yozuvchiga aylangandi.

“Sumerki” romanlar seriyasining birinchi kitobi 2005-yilda nashr etilib, AQSHda shov-shuvga sabab bo‘lib, bestseller kitoblar reytingida beshinchi o‘rinni ishg‘ol etadi. 2006, 2007, 2008-yillarda “Sumerki” romanlar seriyasining keyingi kitoblari ham ketma-ket nashr etilib, jahonga mashhur bo‘ladi. Dunyoning qirqdan ortiq tiliga tarjima qilinadi. Xususan, O‘zbekistonda 1-kitob “Zulmat ostonasidagi muhabbat”, 2-kitob “Yangi oy” nomlari bilan Dilfuza Sobirova tarjimasida, 3-kitob “Yangi tug‘ilganlar” Muhabbat Yo‘ldosheva tarjimasida “Ijod-Press” nashriyotida nashr etildi. Asarda Bella Svon ismli oddiy qizning vampir yigit Edvard Kallenni sevib qolishi va qizning vampirlarga qarshi kurashuvchi hindu do‘sti Jeykob Blek bilan do‘stona munosabati, uchalasining kechinmalari, ziddiyatlari, sarguzashtlari hikoya qilinadi. Kitoblarga Amerika, Yevropa va boshqa qit'alarda asosan o‘smirlar qiziqishadi, millionlab adadlarda sotib olishadi. Adabiy tanqidchilar esa yozuvchi o‘z asarlarini yuqori badiiy saviyada yozmaganini, oddiy tilda hikoya qilganini aytishgan. Biroq Stefani Mayerning o‘ndan ziyod kitobi chop etilib, millionlab kitobxonlarning sevimli kitoblari bo‘lishda davom etdi, asarlari asosida suratga olingan filmlar ham dunyoga dong taratdi va yozuvchi oddiy uy bekaligidan mashhur millioner yozuvchi darajasiga chiqdi.

Hozirda Stefani Mayer turmush o‘rtog‘i bilan baxtli umr kechirmoqda. Ularning uch farzandi bor. Oila hamon nasroniycha taqvo va madaniyat bilan yashamoqda.

Boshqa mualliflarning tarjimai hollari

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!