“SO‘NGGI GUNOH”
Kitob nomi: “So‘nggi gunoh”
Janr: Qissalar
Muallif: Azamat Qorjovov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Bu kitobga Azamat Qorjovovning ikki qissasi kiritilgan: “So‘nggi gunoh” va “Uch ayol fitnasi”. Birinchi qissa mistika janrida bo‘lib, unda to‘yiga bir kun qolganda vafot etgan yigitning o‘limidan so‘ng ro‘y bergan sirli voqealar hikoya qilinadi. Kuyov yigit bir qizni sevardi. Unga sovchi yuboradi, to‘y kuni belgilanadi. Biroq to‘yga bir kun qolganida, dahshatli fojia yuz beradi: kuyov yigit ishxonasiga kelib, hamkasblarini ertangi to‘yga taklif etadi. Butun jamoa to‘yga borishga tayyorlanadi. Kuyov yigit esa o‘sha kuni ishxonasidan tirik chiqmaydi. Hammasi korxona binosidagi hovuzda yuz beradi...
Yillar o‘tib, bu fojia unutiladi. Korxona ham iqtisodiy inqiroz tufayli yopilib, bino qarovsiz, tashlandiq makonga aylanadi. Mudhish hovuz joylashgan binoga yillar o‘tgach bir qizning kelishi bilan asosiy sarguzashtlar boshlanadi. Endilikda qarovsiz binoning bir qismini tikuvchilik sexi egasi ijaraga olgan bo‘lib, xotin-qizlar ishlashardi. O‘sha hovuz haqida ayollar orasida turli mishmishlar kezib yurardi. Go‘yoki yarim kechasi hovuzdan yig‘i ovozi eshitilarmish yoinki u yerda mung‘ayib o‘tirgan kuyov yigitning arvohini ko‘rganlar bor emish.
Nihoyat, kunlarning birida shaharga bir abituriyent qiz keladi. U olis qishloqdagi mullaning qizi edi. O‘qishga o‘tolmagach, qishlog‘iga qaytib ketishni istamay, biror joyda ishlab, kelgusi yilgi imtihonga tayyorgarlik ko‘rishga qaror qiladi. Taqdir taqozosi bilan bu qiz o‘sha eski binodagi sexga ishga keladi. Qizga xosiyatsiz hovuzga yaqinlashmaslik buyurilgan edi. Ammo bir kuni binoda hashar bo‘ladi. Asosiy voqealar shu joydan boshlanadi...
Shuningdek, kitobdan muallifning «Uch ayol fitnasi» qissasi ham joy olgan bo‘lib, maktab chog‘lari qalin dugona bo‘lgan uch sinfdoshning achchiq sirlari yillar o‘tib birin-ketin ochiladi. Shaharda uchrashgan sinfdosh dugonalar o‘zlarining maktab davridagi sirlarini ro‘y-rost hikoya qilishga qaror qiladilar. Kutilmaganda ularning baxtsizliklariga sabab bo‘lgan odamlar kimligi ayon bo‘ladi. Uch dugonaning uch fitnasi uchalasini ham baxtsiz ayollarga aylantirgandi. Dushmanlar begona emas, ularning o‘zlari edi...