Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/SHOYIM BO‘TAYEV: yozuvchining tarjimai holi

SHOYIM BO‘TAYEV: yozuvchining tarjimai holi

126

Шойим Бўтаев

Shoyim Bo‘tayev

Yozuvchi, senariychi, essenavis

Shoyim Bo‘tayev 1959-yil 20-iyunda Tojikiston Respublikasi O‘ratepa tumani Maydoncha qishlog‘ida tavallud topgan. 1976-yil 44-o‘rta maktabni tamomlab, 1978-1982-yillarda Xo‘jand Davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan. Institutni bitirgach, “Guliston” jurnalida ish boshlagan. Keyinchalik “Tong yulduzi” gazetasida bo‘lim muharriri, “Cho‘lpon” nashriyotida muharrir bo‘lib ishlagan.

Yoshligidan adabiyotga mehr qo‘ygan adib maktab va qishloq kutubxonalaridagi barcha kitoblarni o‘qib chiqadi. Yozuvchining o‘zi bu haqda “Maktabda juda boy kutubxona bor edi. Qishloq kutubxonasi eshigi ham har doim ochiq turardi. Qo‘lma-qo‘l o‘qilaverganidan “Ming bir kecha”, “Don Kixot sarguzashtlari” kabi kitoblarning varaqlari titilib ketgan edi. Nikolay Ostrovskiyning “Po‘lat qanday toblandi?” degan romanini o‘n bir yoshimda o‘qiganman” deb yozgan.

Ilk qissasi “Sirli yulduzlar” 1984-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida chop etiladi. Shundan so‘ng yozuvchining “Dunyoning sarhisobi bor” (“Yosh gvardiya” nashriyoti, 1988), “Endi bari boshqacha” (“Cho‘lpon” nashriyoti, 1990), “Shamol o‘yini” (“Yozuvchi” nashriyoti, 1995), “Qo‘rg‘onlangan oy” (“Sharq” NMAK, 1996) “Kunbotardagi bog‘” (“G‘afur G‘ulom” NMIU, 1997), “Hayot” (“Sharq” NMAK, 2000), “Ko‘chada qolgan ovoz” (“Ma'naviyat” nashriyoti, 2005), “Shox” (“O‘zbekiston milliy kutubxonasi” nashriyoti, 2007), “Sho‘rodan qolgan odamlar” (“Ijod-Press” nashriyoti, 2018), “Utashan. Yettinch tong” (“G‘afur G‘ulom” NMIU, 2021) kabi hikoya, qissa va roman janrlaridagi asarlari jamlangan kitoblari nashr etilgan. Asarlari qoraqalpoq, rus, ingliz, tojik, turk tillariga tarjima qilingan.

Shoyim Bo‘tayev 2001-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Respublika “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘olibidir.

Kinematografiya sohasida ham samarali ijod qilgan. “Bog‘”, “Sarvinoz”, “Qaldirg‘ochlar yana qaytadi”, “Dil payvandi” kabi bir qancha badiiy film va teleseriallarning senariy muallifi.

Shuningdek, yozuvchi O‘zbekiston radiosining “Adabiyot va radioteatr” muharririyatida bosh muharrir, “O‘zbektelefilm” studiyasida bosh muharrir, “Xalq so‘zi” gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Hozirda O‘zbekiston Kinematografiya agenligida faoliyat yuritadi.

Boshqa yozuvchilarning tarjimai hollari

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!