“O‘ZBEKCHA-INGLIZCHA LUG‘AT”
Kitob nomi: “O‘zbekcha-inglizcha lug‘at”
Janr: Ikki tilli lug‘at
Muallif: Lutfullo Jo‘rayev
Nashriyot: “Ijod-Press”
“Ijod-Press” nashriyoti nashr etgan qulay va arzon ushbu o‘zbekcha-inglizcha lug‘at eng ko‘p qo‘llaniladigan 10 mingta so‘z va iboralarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, repetitorga qatnayotganlar, umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan o‘quvchi hamda talabalar, shuningdek, ingliz tilini mustaqil o‘rganayotgan, so‘z boyliklarini oshirayotgan keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Lug‘at eng ko‘p qo‘llaniladigan so‘zlarni, shu bilan bir qatorda, ayni paytda amalda qo‘llaniladigan ingliz tili darsliklarida uchragan so‘zlarni ham imkon darajasida qamrab olgan. Lug‘atdan o‘quvchi va talabalar dars jarayonida hamda uyda foydalanishlari mumkin. Kitob arzonligi va qulayligi bilan xaridorbopdir.
Lug‘atdagi so‘z va iboralar o‘zbek alifbosi tartibida to‘q qora rang bilan ajratib berilgan. Har bir so‘z va ibora avval o‘zbek tilida, so‘ng inglizcha tarjimasida berilgan. Keyin esa qaysi so‘z turkumiga oidligi qisqartma shaklda og‘ma yozuv bilan ifodalangan. Agar so‘z bir necha so‘z turkumiga oid bo‘lsa, tegishli quyuq qora rangda arab raqami bilan ajratib ko‘rsatilgan. Ma'nolar bir nechta bo‘lgan taqdirda, ularning inglizcha ma'nolari nuqtali vergul hamda raqamlar bilan ifodalangan. Zarurat tug‘ilganda so‘z turkumi ishorasi yoki so‘z ma'nosi raqamidan keyin bu so‘z yoki atama qaysi sohaga oidligi og‘ma yozuv bilan qisqartirib berilgan. Lug‘at boshida, ya'ni to‘rtinchi sahifada lug‘atda qo‘llanilgan qisqartmalar ro‘yxati keltirilgan. Foydalanuvchi shu ro‘yxat orqali so‘z fizikaga oidmi, musiqa, sport, din, geografiya, grammatika kabilarga oidmi, eskirgan so‘zmi bilib oladi. Omonimlar esa I va II rim raqamlari bilan ajratib ko‘rsatilgan.
Sahifaning yuqori chap va o‘ng qismlarida sarlavhasimon so‘zlar berilgan. Bular o‘sha sahifa qaysi so‘z bilan boshlanib, qaysinisi bilan tugaganini bildiradi. Sahifa qaysi so‘zlarni alifbo tartibida o‘zida jamlaganini anglagan foydalanuvchida qidirayotganini tezda topish imkonini beradi.
Lug‘at til o‘rganuvchilarning ingliz tilidan olgan bilimi va so‘z boyliklarini yanada kengaytirish imkonini ham yaratadi. Bugungi kunda har bir uyda bo‘lishi foydadan xoli bo‘lmagan kitob.