Nurali Qobul
Yozuvchi, shoir, tarixchi
Nurali Qobul 1950-yil 2-yanvarda Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi O‘smat qasabasida tug‘ilgan. 1968-yilda Jizzax shahridagi 8-o‘rta maktabni bitirgan. 1974-yilda Farg‘ona Davlat universiteti tarix fakultetining sirtqi bo‘limini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 22-Bobur nomli maktabda o‘qituvchi, pioner vojatiylikdan boshlagan. Shundan so‘ng Baxmal tuman “G‘alaba bayrog‘i”, “Jizzax haqiqati” viloyat gazetasi, keyinchalik viloyat hokimiyatida xizmat qilgan. 1977-yildan Toshkentda, “Sovet O‘zbekistoni sanʼati” jurnalida bosh muharrir, “Cho‘lpon” nashriyotida bosh direktor bo‘lib ishlagan. Mustaqillikni eʼlon qilgan respublika parlamentida millat vakili, SSSR xalq deputati etib saylangan. SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi vazifalarida xizmat qilgan.
Badiiy ijodni o‘tgan asrning 70-yillarida boshlagan. “Oyqor” (1978), “Salom, tog‘lar” (1979), “Odam, Oyqortog‘ va Daydi shamol haqida ertak” (1980), “Tubsiz osmon” (1981), “Небо твоего детство” (1981), “Kaptarlar qaytmagan tun” (1984), “Yashash uchun kechikma” (1985), “Unutilgan sohillar” (1988), “Oq kaptarlar” (1990), “Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar” (1992), “Sen vatansan, muhabbat” (1994), “Vatandan yaxshi yor o‘lmas” (1995), “Не опоздай жить” (1996) kabi o‘nlab asarlari nashr etilgan. O‘n bir jilddan iborat roman-pamfletlarning sakkiz jildi nashrdan chiqqan.
1999-yilda dunyodagi eng yirik asarga – “Temuriylar epopeyasi”ga qo‘l urdi. Mazkur epopeyaning shu vaqtgacha o‘n sakkiz tomi “Sharq”, “Ijod-Press” va “Maʼrifat bitiklari” nashriyotlarida kitob holida chop etilgan.
Nurali Qobul bir qancha asarlarni o‘zbek tiliga muvaffaqiyatli o‘girgan. Gabriel Garsia Markesning “Tanholikning yuz yili” romani (Аnvar Jo‘raboev bilan hamkorlikda), Chingiz Аytmatovning “Bolaligim” asari shular jumlasidandir. O‘zining asarlari esa turk, ingliz, rus, fors, rus, ispan va o‘nlab boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan. Shuningdek, eng yirik “Аmazon” internet doʼkonida “Buyuk Turon amiri” va “Sukut suiqasdi yoxud Stalindan Saddamgacha” romanlari ingliz tilida sotilmoqda.