“MUNIR QALBLAR ARMUG‘ONI”
Kitob nomi: “Munir qalblar armug‘oni”
Janr: She'rlar va hikoyalar
Nashrga tayyorlovchi: Ikrom Rajabov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Bu kitob O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar Jamiyati tomonidan to‘plangan va nashrga tayyorlangan hikoyalar va she'rlar to‘plami bo‘lib, undan O‘zbekistondagi ko‘zi ojiz ijodkorlardan 97 nafarining she'rlari va hikoyalari joy olgan. Kitob O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati tashkil topganining 90 yillik yubileyi munosabati bilan “Ijod-Press” nashriyotida chop etilgan. Unda Jamiyat a'zolari bo‘lgan taniqli yozuvchi-shoirlarning, havaskor qalamkashlarning hamda badiiy adabiyot maydoniga katta umidlar bilan kirib kelayotgan yosh iste'dodlarning hayot va ijod yo‘li haqida ma'lumotlar, eng sara nasriy va nazmiy asarlari jamlangan.
Xususan, Tohir Yo‘ldoshevning “Muhabbat bekati”, Mashrabxon Juvonmardiyevaning “Mushfiq dil zori”, A'zam O‘roqovning “O‘qilmagan xat”, Tojixon Oxunovaning “Saodatning ayasi”, Nishon Shakarovning “Iztirob”, Malika Oblaqulovaning “Ikki o‘t orasida”, Azamat Xoliqovning “Oqibatli qo‘shni”, Yodgorjon Zokirjonovning “Telba” kabi asarlarini va yana boshqa ijodkorlarning bir qancha hikoyalarini mutolaa qilishingiz mumkin. Shuningdek, Jalil Rahmatov, Qobiljon Mirzaahmedov, Abdukarim Jumaboyev, Bahrillo Berdiyev, Abduhamid Abdumannonov, Tursunoy Matqulova kabi o‘nlab shoiru shoiralar she'riyatidan ham bahramand bo‘lasiz.
“Munir qalblar armug‘oni” kitob-almanaxi dunyoni boshqalar kabi oddiy ko‘z bilan emas, qalb ko‘zi bilan ko‘rgan ijod ahlining asarlari bayozidir. Kitobni mutolaa qilar ekansiz, tuyg‘u bir, muhabbat bir, tasavvur bir ekaniga amin bo‘lasiz. Shu bilan birga bu bitiklar mualliflari Ko‘zi ojizlar jamiyati a'zolari hisoblanishini, ko‘rish qobiliyati cheklanganini unutib yuborasiz. Shu unutish asnosida birdan yodingizga tushsa, hayratlanasiz. Insonda eng muhimi ko‘ngil dunyosi emasmikan?!