“JARIMA BATALONI”
Kitob nomi: “Jarima bataloni”
Janr: Roman
Muallif: Sobirjon Hakimov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Sobiq SSSR davrida xalqimizning boshiga Ikkinchi Jahon urushi tufayli ko‘plab musibatlar tushdi. Aslida xalqimiz o‘g‘lonlari fashistlar Germaniyasi bilan to‘qnash kelmasligi ham mumkin edi. Biroq “qizil imperiya” tarkibida bo‘lgan jonajon yurtimizda safarbarlik e'lon qilindi.
Sobirjon Hakimovning “Jarima bataloni” kitobini o‘qir ekansiz, Ikkinchi jahon urushidagi adolatsizliklarga va inson hayoti naqadar arzonlashganiga shohid bo‘lasiz. Andijonda tug‘ilib-o‘sgan Nuriddin ismli yigitning peshonasiga o‘sha zamonda yashash va safarbarlik ortidan begona yurtlarda jang qilish yozilgan edi. Otasi Shamsiddin qori islomiy ilm cho‘qqisiga yetib, karomatli insonga aylangandi. Frontga ketayotgan o‘g‘lini ko‘pdan-ko‘p duo qilib, falokatlardan asrovchi duolarni o‘rgatadi. Tumor ham yasab beradi. Biroq shafqatsiz frontda omon qolish mingdan bir odamga nasib etardi. Dastlabki janglarda asirga tushgan Nuriddin qahramonlik ko‘rsatib, asirlikdan qochadi va sheriklari bilan birga front chizig‘ini kesib o‘tib, sovet qo‘shinlariga yetib keladi. Ammo qahramon sifatida emas, qo‘rqoq va xoin deb qarshi olishadi. Ulardan “jarima bataloni” tuziladi va tish-tirnog‘igacha qurollangan dushmanga qarshi tashlashadi. Oldinda betinim o‘q yog‘dirayotgan fashistlar, orqada chekinganlarni otib tashlashga buyruq olgan NKVD rotasi. Boshingni ko‘tarsang, fashistlar o‘qidan, chekinsang o‘zingnikilar o‘qidan o‘lasan.
O‘shanda urush SSSR hududidan chekinib, Yevropaga ko‘chishi kutilayotgan, qaqshatqich janglar ketayotgan kunlar edi. Fashistlarning chegaradagi so‘nggi manzili yakson etilsa, ular Polshaga chekinishadi. Biroq mustahkam pozitsiyaga o‘rnashib olgan dushmanni yengish imkonsiz edi. Qo‘mondonlik jarima batalonini tashlashga qaror qiladi. Hammasi qirilib ketsa ketsin, ammo fashistlar pozitsiyasi yakson etilsin...
O‘qing! Sobirjon Hakimovning “Jarima bataloni” kitobi! Unda Nuriddin ismli o‘zbek o‘g‘loni bosib o‘tgan qonli yo‘llar, jangu jadallar, adolatning kech tiklanishi haqida hikoya qilinadi! Butun boshli batalondan Nuriddin va atigi ikki safdoshi – jami uch kishi tirik qolgan g‘alaba aslida juda-juda qimmatga tushgandi. O‘sha kuni urush SSSR hududidan Yevropaga ko‘chadi. O‘sha kuni “jarima bataloni”dagilarni oqlash to‘g‘risida qo‘mondonlikdan buyruq keladi. O‘lim haq kelganida, o‘lim muqarrar bo‘lganida, hatto g‘ayridinlar ham, ateistlar ham duo qilishni so‘raganida, tevarak-atrof o‘liklarga to‘lib ketganida, o‘qi tugab, so‘nggi fashist bilan qo‘l jangiga kirishishga hozirlanganida, Nuriddinning ko‘nglidan ne o‘ylar kechmadi deysiz... Hammasi kitobda!