Dostoyevskiy aytmagan gap, Xeminguey yozmagan hikoya, Gogol o‘ylab topmagan voqea, Shtirlits…
♦ ♦ ♦
Mashhur iboraning asl muallifi
Rus adabiyotidagi “biz Gogol shinelidan chiqqanmiz” degan iborani birinchi bo‘lib Fyodor Dostoyevskiy aytgan deyishadi. Aslida bu iborani ilk marta fransuz tanqidchisi Ejen Vogyue tilga olgan. U Dostoyevskiy ijodini tadqiq qilayotib, mazkur iborani qo‘llagan. Bir kuni Dostoyevskiy boshqa bir fransuz adabiyotshunosi bilan suhbatlashayotganida, “Gogol shinelidan chiqqanligi” haqida gapirib o‘tgan va fransuz adabiyotshunosida bu iborani Dostoyevskiyning o‘zi o‘ylab topgandek tuyulgan. Shu-shu iborani Dostoyevskiy o‘ylab topgan degan noto‘g‘ri tushuncha tarqalib ketgan.
♦ ♦ ♦
Xeminguey yozmagan hikoya
Amerikalik yozuvchi, “Alvido, qurol”, “Chol va dengiz” kabi ko‘plab mashhur asarlarning muallifi, Nobel mukofoti sovrindori Ernest Xeminguey qalamiga mansub bo‘lmagan bir hikoyani unga nisbat beradilar. Bir kuni adib do‘stlari bilan o‘tirganida, olti so‘zdan iborat o‘ta kichik hajmdagi hikoya yoza olishini aytib, o‘n dollarga garov o‘ynaydi. Hikoya quyidagicha edi: “Bolalar poyabzali sotiladi. Kiyilmagan”. (Inglizchasi olti so‘z: «For sale: baby shoes, never worn».) Biroq bunday mazmundagi kichik e'lonlar Amerika matbuotida Xeminguey ijodni boshlamasdan avval e'lon qilingan. “Bolalar tuflisi sotiladi. Kiyilmagan”, “Bolalar aravachasi sotiladi. Yangi” va hokazo. Mitti hikoyacha Ernest Xeminguey qalamiga mansub ekani haqidagi noto‘g‘ri ma'lumotlar 1990-yillarda matbuotda tarqalgan.
♦ ♦ ♦
Pushkinning sovg‘asi
Rus adabiyotidagi eng mashhur asarlardan biri Gogolning “O‘lik jonlar”i bo‘lib, bu asar boshqa xalqlar orasida ham dong taratgan. Gogol “O‘lik jonlar” ustida 17 yil ishlagan. Asar syujetini rus adabiyotining yana bir buyuk namoyandasi Pushkin “sovg‘a qilgan”. Bu haqda Gogol o‘z kundaligida shunday yozgan: “Pushkin menga “O‘lik jonlar”ning syujetini topib berdi va shunisi yaxshi bo‘ldiki, asar qahramonlari bilan butun Rossiyani kezib chiqib, ko‘plab xarakterlarni yaratish imkoniyati tug‘ildi”.
♦ ♦ ♦
Shtirlitsning familiyasi Isayev emas
Rus yozuvchisi Yulian Semyonovning “Bahorning o‘n yetti lahzasi” asari nemis-fashistlar orasida yurib, razvedka bilan shug‘ullangan mashhur sho‘ro josusi Shtirlits haqida bo‘lib, u haqdagi teleserial ham o‘z vaqtida ancha shov-shuv bo‘lgandi. Ba'zilar hali-hanuz Shtirlitsning asl familiyasi Maksim Maksimovich Isayev, u fashistlar orasiga Shtirlits nomi bilan boradi deyishadi. Aslida Shtirlitsning ism-familiyasi Vsevolod Vladimirovich Vladimirov bo‘lib, u avvalgi ayg‘oqchilik ishida Maksim Maksimovich Isayev nomini oladi, keyingi ishida esa Shtirlitsga aylanadi.