Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/“BOZOR OSHXONASIDAGI QIZ”

“BOZOR OSHXONASIDAGI QIZ”

88

Бозор ошхонасидаги қиз

“BOZOR OSHXONASIDAGI QIZ”

Kitob nomi: “Bozor oshxonasidagi qiz”

Janr: Qissa

Muallif: Azamat Qorjovov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Bu qissa oddiy dehqon yigitning tengsiz janglarda g‘olib bo‘lib, haqiqiy o‘g‘lon, haqiqiy erkak, “mard bola” degan nomga erishgani haqidagi o‘tkir syujetli asardir. Yigitda g‘urur, or-nomus, olov yurak, bilagida esa kuch bor edi. O‘sha kungacha Zafar qishlog‘idan narini ko‘rmagan, talabalardek hayot qozonida qaynamagan, harbiylardek toblanmagan, xorijda ishlovchi mehnat migrantlaridek musofirchilikni tatib ko‘rmagan g‘o‘r yigitcha edi. Oila qo‘l uchida hayot kechirardi. Onasi surunkali kasallikdan bosh ko‘tarolmay uzzu-kun to‘shakda yotar, davolatishga pul yo‘q. Turmushga chiqqan opasini qudalar “nega ota-onang mebel olib kelmadi” deb holi-joniga qo‘ymayotgan, opasi ko‘zda yosh bilan tez-tez ota uyiga birrovga kelib-ketib yurgan yoqimsiz kunlar edi. Ezilgan qishloq ahli aroqqa ham pul topolmay, uyida spirt sotuvchi kishidan bemaza spirt olib, suv qo‘shib achchiq aroq tayyorlab, tomorqadagi pomidorni va tandirda yopilgan past navli tegirmon unidan yopilgan qora nonni gazak qilib yashashardi. Shuni hayot deb o‘ylashardi.

Ro‘zg‘orni butlash uchun otasi dalaga kartoshka ekadi. Biroq kartoshka bor-yo‘g‘i bir yuk mashinasiga joy bo‘ladi. Kartoshka urug‘i ham qarzga olingandi. Zafarning otasi qishloqdagilardan eshitadiki, cho‘lning narigi tomonidagi Iroqli shaharchasida kartoshka qimmat. Shunday qilib, otasi yuk mashinasi haydovchisi bilan gaplashib, barcha hosilni minglab chaqirim naridagi Iroqlidagi bozorda sotishga qaror qiladi. O‘zi bilan esa Zafarni ham olib ketadi. O‘sha paytlarda yo‘llarda o‘g‘rilar, bozorlarda esa zo‘ravonlar uchrab turadigan tahlikali zamon edi.

Iroqlida kartoshka savdosidan mo‘maygina daromad olish mumkinligini ko‘rgan otasi bir mashina kartoshkani bozorga to‘ktirib, Zafarni sotuvchilikka tashlab, o‘zi yana yuk mashinasi bilan ortga qaytib ketadi. Qishloqdoshlarining ham kartoshkalarini arzon narxda olib, Iroqliga keltirmoqchi, daromadga esa ayolini davolatib, qiziga mebel (o‘sha davrda “stenka” deb atalardi) xarid qilishni rejalashtirgandi.

Ko‘rimsiz, xarob ulgurji cho‘l bozorida, begona joy va begona odamlar orasida yosh yigit yolg‘iz qoladi. Shunda u bozorning oshxonasida ishlaydigan ko‘hlikkina qizga duch keladi. Qiz o‘zlari tomondan ekanini bilgach, mehri oshadi. Biroq bu qizning o‘tmishi Zafarga falokat keltirishi mumkin edi...

O‘qing! Azamat Qorjovovning haqiqiy yigit qanday bo‘lishi haqidagi “Bozor oshxonasidagi qiz” qissasi! Zafar ortga chekinishi yoki qochib ketishi, hech bo‘lmaganda, zo‘ravonlarga xushomad urishi, yalinishi mumkin edi. Ammo yigit g‘ururi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Yolg‘iz o‘zi yigirmaga yaqin baquvvat, quturgan, armatura va kaltaklar bilan qurollangan to‘dani qanday yorib o‘tgani, dahshatli ijara uydagi voqealar, millionerga aylantiruvchi lotoreya o‘yini, cho‘lda uchragan piyonista daydining qismati, cho‘l yo‘lida talangan kartoshka yuklagan mashinalar karvoni – barchasi ushbu kitobda! Bu urush edi. Ha, o‘qotar qurolsiz haqiqiy urush! Urushda bitta g‘olib bo‘ladi. Bu g‘olib qishloqning yosh yigiti – o‘sha dehqon bolasi – Zafar bo‘lib chiqishini hech kim kutmagan edi, hatto otasi ham. “Bozor oshxonasidagi qiz” kitobi – qishloqning kambag‘al, lekin mard yigitlariga qo‘yilgan haykaldir.

Boshqa kitoblar bilan tanishish

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!