Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/“BOBURNOMA”

“BOBURNOMA”

225

Бобурнома

“BOBURNOMA”

Kitob nomi: “Boburnoma”

Janr: Nasriy memuar, tarixiy-ilmiy

Muallif: Zahiriddin Muhammad Bobur

Nashriyot: “Ijod-Press”

“Boburnoma” buyuk sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) ning jahon adabiyoti va manbashunosligida muhim yodgorlik hisoblanadigan asari bo‘lib, unda Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron va Hindistonda 1494–1529-yillarda sodir bo‘lgan tarixiy-siyosiy voqealar bayon etilgan. Asar nasriy memuar va tarixiy-ilmiy janrdadir. Shuningdek, o‘zbek adabiyotidagi dastlabki memuar asar ham hisoblanadi. Voqealar eski o‘zbek tilida, ya'ni chig‘atoy tilida bayon etilgan. Bobur o‘z hayotini tarixiy-siyosiy voqealar bilan hikoya qilarkan, Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindistondagi hukmronliklarini va mazkur jarayonga bog‘liq boshqa voqealarni yilma-yil, o‘ta aniqlik bilan yozgan.

Bobur o‘z kitobini “Boburnoma” deb atamagan. “Boburnoma” keyinchalik asar eski o‘zbek tilidan fors tiliga tarjima qilinish chog‘ida paydo bo‘lgan. Boburning o‘zi unga nisbatan “Vaqoye” va “Tarix” degan nomlarni ishlatgan. Bulardan tashqari kitobning “Boburiya”, “Voqeoti Bobur”, “Voqeanoma”, “Tuzuki Boburiy”, “Tabaqoti Boburiy”, “Tavorixi Boburiy” kabi nomlari ham bor. O‘zbek adabiyotiga “Boburnoma” deb kiritildi va o‘tgan asrda ham, hozirgi davrda ham shu nom bilan turli nashriyotlarda nashr etilib, kitobxonlar qo‘liga yetib bormoqda. “Ijod-Press” nashiryoti ham xayrli ishga qo‘l urdi va “Boburnoma”ni chop etib, sifatli va qulay narxlarda xaridorlarga yetkazib bermoqda. Bu kitob bugungi kunda barcha kutubxonalarda bo‘lishi, barcha kitob do‘konlarida sotilishi ulug‘ asarni o‘qishni istaganlarga qulaylik tug‘diradi. “Boburnoma” dunyo bo‘ylab o‘qib-o‘rganilayotganda, o‘z vatani O‘zbekistonda sevib mutolaa qilinishi tabiiy hol, albatta.

Oddiy tilda aytganda, Andijonda tug‘ilgan va o‘n ikki yoshida davlat rahbari bo‘lgan shahzoda qanday qilib Markaziy Osiyo hududida dushmanga qarshi jangu jadallar olib borgani, keyinchalik Afg‘onistonni egallagani, maxsus tayyorgarliklardan so‘ng Hindistonni zabt etgani, buyuk boburiylar davlatiga asos solgani haqida ma’lumotlarga ega bo‘lasiz. Shu bilan birga o‘sha davrlarda biz hozir foydalanadigan qanday so‘zlar ishlatilgani, ularning ma'nolari, o‘sha zamonlarda Farg‘ona vodiysi-yu atrofimizdagi boshqa hududlar qanaqa bo‘lgani, odamlarning yashash tarzlari, meva-cheva-yu hayvonu qushlar – barchasi haqida bilib olasiz. Bugun ko‘rib turganingiz viloyatlar, dovonlar, shaharlar – hammasining o‘tmishdagi qiyofasi ko‘z o‘ngingizda jonlanadi.

Sohibqiron Amir Temur temuriylar davlatiga, Bobur esa boburiylar davlatiga asos soldi. Bobur Amir Temurning beshinchi avlodidir: Amir Temur – Mironshoh Mirzo – Sulton Muhammad Mirzo – Sulton Abu Said – Umarshayx Mirzo – Zahiriddin Muhammad Bobur.

Boshqa kitoblar bilan tanishish

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!