AKA-UKA GRIMMLAR: lug‘at tuzishda vafot etgan ertakchilar
Ertakka qiziqqanlar ham, qiziqmaganlar ham mashhur ertakchilar bo‘lmish aka-uka Grimmlar haqida eshitishgan. Ular kimlar edi?
Grimm familiyasidagi aka-uka, ya'ni Yakob (1785-1863) va Vilgelm (1786-1859) Yevropa adabiyotshunoslari, tilshunoslari hamda folklorshunoslari bo‘lganlar. Ular Prussiya Qirolligi davridagi Gessen-Kessel nemis knyazligida, Xanau shahrida tavallud topib, Berlinda vafot etishgan. Ko‘p yillar Kessel shahrida yashashgan.
Ularni nemis filologiyasining asoschilari ham deyishadi. Aka-uka Grimmlar ilk nemis lug‘atini tuzishni boshlab berishgan. Yakob Grimm Napoleon Bonapartning akasi Jerom Bonapartning kutubxonachisi bo‘lgan. Napoleon hukumati barham topgach, aka-uka Grimmlarni Prussiyadan badarg‘a qilishmoqchi bo‘lishgan, ammo ularning ko‘p sonli muxlislari oyoqqa turgach, aka-ukalarni nemis tili lug‘atini tuzish sharti bilan Prussiyada (hozirgi Germaniyada) qoldirishadi. Shu tariqa ular umrlarining oxirigacha nemis tilining birinchi lug‘ati ustida ishlashdi. Vilgelm 1859-yil dekabrda lug‘atning “D” harfidagi ishlarni yakunlab vafot etgan. Yakob esa ukasidan keyin to‘rt yil yashab, lug‘atning A, B, C va E harflarini tugatib, “F” harfi bo‘limiga etganida, aniqrog‘i, “meva” so‘zi (nemischa “Frucht”) ustida ishlayotib ish stolida jon taslim qilgan. Nemis tili lug‘ati 1961-yilga kelibgina to‘liq tugatilgan.
Aka-uka Grimmlar jahonga ertaklari orqali tanildi. Qiziqarli voqealar sodda tilda hikoya qilingan ertaklarni to‘plashgani, nashr etishgani ularni tarixda qoldirdi. Hozirgi kungacha aka-uka Grimmlarning ertaklarini yosh avlodlar qiziqib o‘qishadi, badiiy filmlar suratga olinadi, multfilmlar ishlanadi. Ularning “Zolushka”, “Oppog‘oy”, “Qizil qalpoqcha”, “Bo‘ri va yettita echki bolasi” kabi ertaklarini o‘qimagan yoki ular haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak.
Aka-uka Grimmlarning ertaklar to‘plamiga kirgan “Baliqchi va uning xotini” ertagi syujetidan o‘z vaqtida Aleksandr Sergeyevich Pushkin ham foydalangan va o‘zining mashhur “Baliqchi va baliq haqida ertak” (“Oltin baliq”) asarini yozgan. Aka-uka Grimmlar ertagida baliqchi kambala balig‘ini tutib oladi. Baliq agar qo‘yib yuborsa uning tilaklarini amalga oshirishini aytadi. Bu haqda eshitgan baliqchining kulbada yashovchi qashshoq xotini Ilzebil yaxshiroq uy so‘rashni buyuradi. Kulba katta yangi uyga aylanadi. Bunga qanoat qilmagan xotin qal'a so‘raydi, uy hashamatli tosh qal'aga aylanadi. Shundan so‘ng Ilzebil qirolicha bo‘lishni istaydi. Qirolichalikdan keyin imperatorlikni so‘raydi. Undan so‘ng esa Rim papasi bo‘ladi. Oxirida esa xudolik da'vo qiladi va kambala balig‘i uni eski holatiga qaytarib qo‘yadi.
Aka-uka Grimmlarning qabrlari Germaniyaning Shyoneberg shahridagi Muqaddas Matfey qabristonidadir.