Hamid Olimjon qayerda vafot etgan?
Zamonaviy o‘zbek adabiyotining eng mashhur shoirlaridan biri, shubhasiz, Hamid Olimjondir. Sal kam yuz yil avval bitilgan she'rlari bugungacha sevib o‘qiladi, bugungacha qo‘shiq qilib kuylanadi. Hatto, adabiyotga qiziqmaganlar ham Hamid Olimjon asarlaridan hozirgacha bahramand bo‘lishadi. Masalan, “O‘zbekiston” she'ri:
Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi menda...
Chappar urib gullagan bog‘in
O‘par edim Vatan tuprog‘in...
Yoki “Yodimizdagi yog‘dular” she'rini olaylik. Uni ham ko‘pchilik yoddan biladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. She'r shunday boshlangan:
Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni...
Haqiqiy shoir shunday bo‘ladi. Hamid Olimjon she'rlari xuddi kechagina yozilgandek yashashda davom etmoqda. Bu esa shoirning iste'dodi naqadar ulkan bo‘lganidan dalolat beradi. Shoirning umr yo‘ldoshi Zulfiyaxonim ham o‘zbek adabiyotining eng ulug‘ shoirasi sifatida adabiyot osmonida mangu yulduz bo‘lib qoldi. Hamid Olimjon va Zulfiya – bunday juftlik ming yilda bir keladi deb o‘ylab qoladi kishi.
...Afsuski, Hamid Olimjon jahon adabiyotining ayrim buyuk shoirlari kabi hayotni erta tark etgan. Adabiyot ahli yaxshi xabardor, adabiyotdan yiroqlar esa maktab darsliklari orqali biladiki, ulug‘ shoir 1944-yil avtohalokatdan vafot etgan.
Shoir o‘shanda Yozuvchilar uyushmasi raisi edi. Hozirgi Qibray tumanidagi “Do‘rmon” yozuvchilar ijod uyining joyi o‘shanda yozuvchi-shoirlarga berilgan edi. Hududda binolar qurish, daraxtlar ekish va boshqa tashkiliy ishlar ko‘p edi. 1944-yil 3-iyul kuni Hamid Olimjon, Chustiy va Uyg‘un yuk mashinasida Do‘rmonga borishadi. Qaytishda Chustiy va Uyg‘un yuk mashinasi bortiga, shoir esa kabinaga o‘tiradi. Yo‘lda bolali ayol qo‘l ko‘taradi. Hamid Olimjon haydovchiga to‘xtashni buyuradi. Ona va bolani kabinaga o‘tirg‘izib, o‘zi Chustiy va Uyg‘unning yoniga – ochiq bortga chiqadi. Mashina Do‘rmon yo‘lidan kelib, hozirgi “Diadora” deb ataluvchi joydan o‘tadi va chapga – hozirgi “Beshkapa” masjidi yaqinidagi chorrahaga qayiriladi. Shu yerda Bolalar suyak-sil kasalliklari sanatoriysi darvozasi bor. Darvoza yonidan “Beshkapa” chorrahasiga tushish hozir ham qiyalik. Yuk mashinasi o‘sha yerda yo‘ldan chiqib, ag‘darilib ketadi. Dastlab deyarli hech kim jarohat olmagandek tuyuladi. Hamid Olimjon ham o‘rnidan turadi va shoir do‘stlaridan “Hech nima qilmadimi? Ahvollaringiz yaxshimi?” deb so‘raydi. Ularga yordamlashishga harakat qiladi, ammo o‘zini yomon his eta boshlaydi va hushini yo‘qotadi. Aslida o‘shanda yuk mashinasi ichki a'zolarini ezib qo‘ygan, ulug‘ shoir kuchli zarbdan so‘ng yana bir necha daqiqa yashab, hatto o‘rnidan turgan, hamrohlaridan hol-ahvol so‘ragan edi.