Bosh sahifa/KITOBLAR/“O‘tkan kunlar”

“O‘tkan kunlar”

“O‘TKAN KUNLAR”

Kitob nomi: “O‘tkan kunlar”

Janr: Roman

Muallif: Abdulla Qodiriy

Nashriyot: “Ijod-Press”

Ulug‘ o‘zbek adibi, o‘zbek adabiyoti tarixida birinchi bo‘lib roman yozgan, sobiq Ittifoqning qatag‘onlik davrida qo‘lga olinib, Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi hozirgi “Shahidlar xiyoboni”da otib o‘ldirilgan, jahon adabiyotida oltinchi romanchilik uslubini yaratgan unutilmas zabardast yozuvchi – Abdulla Qodiriy (1894-1938)ning “O‘tkan kunlar” romani bundan yuz yildan ortiq avval 1920-yillar boshida yozila boshlagan. 1922-yilda ilk bor “Inqilob” jurnalida chop etilgan. 1926-yilda kitob holida nashr etilgan. O‘zbek adabiyotidagi birinchi roman o‘sha davrdan beri ko‘plab nashriyotlarda nashr etib kelinmoqda. Xalqimizning adabiy merosi bo‘lgan bu asar “Ijod-Press” nashriyoti tomonidan ham lotin yozuvida nashr etilib, bugungi kitobxonlarga qulay narxlarda yetkazib berilmoqda.

Abdulla Qodiriy mazkur romanini arab yozuvchisi Jurji Zaydon asarlaridan ilhomlanib yozganini e'tirof etgan. Manbalarda roman nomi hozirgi shaklda, ya'ni “O‘tgan kunlar” shaklida ham uchraydi. Roman asosida “O‘zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan tasvirga olingan “O‘tgan kunlar” filmi nafaqat sobiq Ittifoq zamonasida, bugungi kunlarda ham mashhur kinoklassika hisoblanadi.

“O‘tkan kunlar” bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan bo‘lib, birinchi bo‘lib 1931-yilda ozarbayjon tiliga, 1958-yilda rus tiliga o‘girilgan. Keyinchalik ingliz tiliga tarjima qilinib, AQSHning Kongress kutubxonasidan o‘rin olgan. Bu romanni nafaqat adabiyotga oshno bo‘lgan kitobxonlar, balki har bir o‘zbek farzandi o‘qishi kerak.

Roman syujeti toshkentlik Otabek ismli yigitning Marg‘ilonga tijorat ishlari bilan borib, Kumushbibi ismli qizni sevib qolishi va unga uylanishi, keyinchalik Otabekning Toshkentdagi ikkinchi xotini Zaynab tomonidan Kumushning o‘ldirilishi, Otabek esa Rossiyaga qarshi jangda halok bo‘lishi haqidagi voqealar atrofida qurilgan bo‘lib, o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy muhit, hokimiyat talashishlar, maishiy hayot, tijorat, infratuzilmalar, ishlab chiqarish, tovarlar aylanmasi, uch xonlik davridagi harbiy hayot, sud tuzilmalari, hatto e'tibor berib o‘qilsa, Qo‘qon xonligi va Toshkent bekligining o‘z davridagi ichki ishlar tizimlari, razvedka, shuningdek, tansoqchilar va harbiylarning qurol-yarog‘lari, kiyinish uslublari va boshqa ko‘plab  ma'lumotlarni mujassam etadi. Masalan, Toshkent begining tansoqchisi o‘ng tomoniga qilich, chap tomoniga to‘pponcha taqqani yozilgan. Harbiylarda esa buning teskarisi, ya'ni o‘ng tomonida to‘pponcha, chap tomoniga qilich. Nima uchun? Yoki Qo‘qon xonligining maxsus xizmatlari qanday ishlashi masalasi. Ma'lumki, asardagi salbiy obraz – Homid buzg‘unchilik maqsadida Otabekni josuslikda ayblab, ustidan arz qiladi. Kimga? Ertaklardagidek xonga emas, qo‘rboshiga. Qo‘rboshining o‘n-o‘n besh askari borligi bitilgan. Qo‘rboshi ma'lumotni qushbegiga yetkazadi. Qushbegi qaror qabul qilib, Otabekni ushlashga buyruq chiqaradi. Demak, xonlikda har bir mahalla, qishloq kichik harbiy bo‘linmaga ega qo‘rboshilar tomonidan nazoratga olingan. Qo‘rboshilar qushbegiga hisobot bergan. Qushbegi esa qaror qabul qilib, tegishli chora ko‘rgan, o‘ta muhim ish bo‘lsa, xonning qabuliga kirib, vaziyatdan ogoh etgan. Shu tarzda romanda xon, bek, devonbegi, oftobachi, qutidor, qo‘rboshi, qushbegi, mudofi', sipohi, botirboshi, qahramon kabilarning vakolatlari va ish faoliyatlari haqida bilib olasiz. Porox nima deb atalgani, to‘pponcha nomi, xonliklar artilleriyasidagi zambarak va to‘fanglar farqi, miltiqlar, shashvarlar va boshqa qurollar, o‘q-dorilar, shu bilan birga liboslar, taqinchoqlar, matolar – oddiy xon atlas guppi, sariq atlas rupoh ko‘ylak, boshga tashlanadigan xom dakana, atlas ko‘rpa, par yostiq, qala kavush, po‘stin, chakmon, zarrin to‘n, oq shohi ko‘ylak, movut shim, kimxob to‘n, oltin kamar, qiyiq kabilar qalamga olib o‘tilgan. Otabek Marg‘ilonga gazmol, qalapoy afzali va qozon olib kelib sotadi. Xo‘sh, u yerdan Toshkentga nima olib ketadi?..

Xullas, “O‘tkan kunlar”ni o‘qing! Bu roman faqatgina kundoshlar fojiasi haqidagi asar emas. Unda siz hech qaysi filmda to‘liq ko‘rsatib berishning iloji bo‘lmagan haqiqiy hayot bilan tanishasiz! “Ijod-Press” nashriyoti matbaa mahsuloti!

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!