90-YILLARDA SHAXSIY ARMIYA TUZGAN O‘ZBEK YOZUVCHISI
yoxud Nabijon Hoshimovning hayotidan quvnoq intervyu
Bugungi suhbatdoshimiz “Dizayn-Print” bosmaxonasini tashkil etgan poligrafiyachi tadbirkor, yozuvchi, dramaturg, senariychi, qolaversa, o‘tmishdagi bog‘bon va fermer Nabijon Hoshimov. Bu adibning kitoblariga muharrirlik qilganimda, qalami hajviy janrlarga moyilligini his etganman. Suhbatdan ma'lum bo‘ladiki, Nabijon Hoshimovning hayoti quvnoq sarguzashtlarga boy bo‘lgan va voqealarning ko‘pchiligi asarlariga ko‘chgan.
– Nabijon aka, ijodkor bo‘lish uchun avvalo kitobga mehr uyg‘ongan bo‘lishi kerak. Sizda kitobga mehr qachon paydo bo‘lgan?
– Ne'matjon akamning aytishicha, kitobga bo‘lgan havas onam menga yukli bo‘lgan davrdanoq paydo bo‘lganmish. Akam bilan oramizda olti yosh farqimiz bor. Bu degani akam maktabga boradigan, ayni harf o‘rganib, onamga “ertak o‘qib bering” deb tixirlik qiladigan davrda bunyod bo‘la boshlagan bo‘lsam ajabmas. Onam – Hafiza Ibrohim qizi, o‘zlari ilgari muallima bo‘lgani uchun, akamga ko‘p kitoblar o‘qib berarkan, ammo u har vaqt uxlab qolib ertakning qolganini men eshitishga musharraf bo‘lar ekanman.
Yapon olimlarining fikricha, ona homiladorligi davrida kitobni ko‘p o‘qishi va yoqimli musiqalar eshitishi kerak ekan. O‘sha vaqtda uyimizda to‘xtamay doimo axborot berib, mumtoz qo‘shiqlar yangrab turadigan mo‘'jaz radiomizning borligi ham, undan tong-sahardan taraladigan diltortar musiqalar ham, ehtimol, menda tafakkur va iqtidorning shakllanishiga yordam bergan bo‘lsa ajabmas.
– Bu sizning taxminlaringiz va xulosalaringiz. Agar fikringiz to‘g‘ri bo‘lsa, demak, siz ilk bolalik chog‘laringizdan kitob o‘qishga qiziqqansiz va bolalarga xos ijodiy tafakkurga berilgansiz. Shundaymi?
– Ha, bolaligimdan ko‘p kitob o‘qirdim. Ayniqsa, Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo”sini deyarli har yili bir bor qayta o‘qib chiqardim. Bu kitob meni tom ma'noda mehnat qilishga, yashash uchun kurashga, mustaqil fikr yurita olishga, jumladan, tavakkalchilikdan qo‘rqmaslikka, tadbirkorlik bilan ish tutishga o‘rgatdi desam xato bo‘lmaydi. Bundan tashqari Jyul Vern, Lev Tolstoy, Chexov, Chingiz Aytmatov, Abdulla Qodiriy, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdulla Qahhor kabi mashhur yozuvchilar asarlari tufayli dunyoviy olamni o‘zim uchun kashf eta oldim. Sarguzashtlarga qiziqdim. Kitoblar zamiridagi sirli, sinoatli voqealar o‘ziga rom etdi. Ular meni tarbiyalab hayot yo‘liga soldi. Ehtimol, shu tufaylimi, yozuvchilik qismatimga bitilib uning ma'suliyatini bo‘ynimga olgach, ijodimni asosan sarguzasht asarlar bilan boyitdim. Jumladan, “Qora yostiq”, “Yovvoyi kuyov”, “Chayonlar so‘qmog‘i”, “Afg‘on fig‘onlari”, “O‘q va tig‘”, “Birovning haqi”, “Adashgan avtobus”, “Kutkan kunlar”, “Marjon tabib”, “Oriyat isyoni”, “Tog‘lik qiz” kabi asarlarim yozilishiga o‘sha kitoblardan olgan bolalikdagi qiziqishlarim turtki bo‘lgan.
– Bolaligingiz kechgan davrlarda kitob do‘konlari hozirgidan kam edi. Kitoblarni qayerlardan topib o‘qigansiz?
– Esimni tanib, ulg‘ayib, Oltiariq bozoriga ro‘zg‘orlik xarajat uchun mustaqil borib kela boshlagach, birinchi tashrif buyuradigan joyim bozor yonidagi ulkan kitob do‘koni bo‘lardi. Avvalo, u yerga kirib, qanaqa yangi kitoblar kelgani bilan tanishib, ularni havas bilan qo‘limga olib, varaqlab ko‘rardim-da, so‘ngra narxiga e'tibor berardim. Yonimda yetarli pulim bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p, yetmaydigan bo‘lsa shu pulni topish chorasini izlardim. Birinchi navbatda mustahkam iroda va matonat ila muzqaymoqdan voz kechardim. So‘ngra uy-ro‘zg‘or xarajati uchun ota-onam tomonidan ajratilgan mablag‘ni daromadga aylantirish, tushlik lag‘mon o‘rniga gumma yeyish bilan pulni sal kam tejash bo‘lsa, yana zaxirada qandolatchi do‘kondor tog‘am Abdurahmon baqqol har safar beradigan tangalar dalda bo‘lardi. Bundan tashqari kartoshka, sabzi, piyoz sotib olayotganimda, albatta, dehqonlar bilan talashib-tortishib, ularning narxini xiyol pasaytirishga musharraf bo‘lardim.
– Bolaligingizdan bozorni, biznesni tushungan ekansiz-da?
– Ha. Misol uchun kartoshka bir so‘mga besh kilo deylik. Dehqon amakiga “Olti kilo bering” deb turib olardim. Mening qistovlarimga ular hech qiyinchiliksiz “Ha ana, olaqol, bolakay” derdi. Men bo‘lsa “Xo‘p, menga besh kilo yetadi. Manavi 1 so‘mni oling-da, 15 tiyin qaytimini qaytib bering”, derdim. Xullas, ana shu yig‘ilgan moddiy mablag‘lar evaziga har hafta bir-ikki dona badiiy kitobni uy xarajatlariga qo‘shib olib kelardim. Xarajatlar onam aytganiday miqdor va sifat jihatidan bekamu ko‘st bo‘lardi, albatta.
Bir kuni kutilmaganda men uchun omadli voqea yuz berdi. O‘sha kitob do‘konida bir martalik yirtib ko‘riladigan 25 tiyinli yutuqli lotoreya sotila boshlandi. Farqi shuki, unda yutuqqa faqat yutuq summasiga teng miqdordagi kitoblar berilardi. Tavakkal o‘ynab ko‘rdim: 5 so‘mlik yutuq chiqdi. Besh-oltita kitob oldim. Sotuvchi opa “Omadingiz kelyapti, yigitcha, yana bitta sotib oling”, dedi. Yana tavakkal qildim. Bu safar 25 so‘mlik yutuq chiqdi. Yana ikki bor o‘ynagandim, qo‘limda 15 so‘mlik kitob yutug‘i paydo bo‘ldi. Bor-yo‘g‘i 1 so‘mga 40 so‘mlik yutuqqa mos keladigan, hali o‘qilmagan va hech qachon sotib olishga pulim yetmaydigan, orzuyimdagi bebaho kitoblarning hammasini yig‘ishtirib oldim. Ular yarim qop bo‘ldi.
Uyga yarim qop ro‘zg‘orlik va yarim qop kitobni terlab-pishib, arang ko‘tarib keldim. Ammo bu harakatimning gashti o‘zgacha bo‘ldi. Yotib olib, huzur qilib kitoblarni birma-bir ko‘zdan kechirdim. Mana shu kitoblar mening dunyoqarashimning butunlay o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan deb o‘ylayman. Qo‘y boqqani yoki dalaga o‘t o‘rgani borganimda ham qo‘ynimda albatta qaysidir kitob hamroh bo‘lardi. Adirda qo‘y boqib yurib ba'zan kitob mutolaasiga shunday berilib ketardimki, bir payt qo‘ylarim ko‘zdan g‘oyib bo‘lib qolishardi. Ularni qidira-qidira charchab uyga kelsam, serka boshchiligida allaqachon o‘zlari qo‘raga kirib yotishgan bo‘lishardi.
Bolaligimda o‘rtoqlarimga va har xil bolalar o‘yinlariga unchalik qo‘shilavermasdim. Iloji boricha kitob o‘qirdim va uni o‘zimga eng yaqin do‘st deb bilardim. Hozirda kitobimni o‘qiyotgan muxlislarning barchasini do‘stlarim deb hisoblayman.
– Tarjimai holingizda ba'zi joylarda “yozuvchi, dramaturg, tadbirkor” deb yozishadi. Ijodkorlik bilan tadbirkorlik bir-biriga zid emasmi?
– Yo‘q. Yozuvchi xalqning, millatning dardi bilan yashaydi. Aks holda yozgan asarlaridagi hayot nafasi, qahramonining taqdirlari, odamlar orasidagi munosabatlar haqiqatdan yiroq bo‘ladi. Shu jihatdan toleimga yozuvchilik mas'uliyati yuklanganidan mamnunman. Ammo yozuvchilik bilan ayni paytda shoirlik, jurnalistlik, dramaturglik, muhandislik, muharrirlik, noshirlik, bog‘bonlik va nihoyat tadbirkorlik ham qila olishim mumkin ekanini hayotimda isbotlay oldim. Ba'zi taniqli shoirlar, dramaturglar bo‘lsa o‘z asarini she'riyatdan yoki p'esadan boshqasiga o‘gira olishmaydi. Tadbirkorlik qo‘llaridan umuman kelmaydi. Ular faqat davlat tomonidan beriladigan oylik maoshga, qalam haqi yoki nafaqaga qaram bo‘lishadi va doimo hayotdan nolib yurishadi.
Ma'lumki, dramaturgiyani adabiyotning eng qiyin janri deb hisoblashadi. O‘z ijodimni asosan dramaturgiyadan boshladim. Shu tufaylimi, boshqa janrlarda ijod qilishim qiyin kechmadi. Ilk sahna asarim – “Chorrahadagi hangomalar” nomli musiqali komediyam 1996-yil taniqli rejissor, O‘zbekiston Xalq artisti Muhammadsoli Yusupov tomonidan sahnalashtirildi. Ikkinchisi 2003-yil Muqimiy nomli musiqali drama teatrida “Dodaginam” nomi bilan sahnalashtirildi. (Rejissor Ma'ruf Otajonov). Spektakl O‘zbekiston Xalq artisti Sur'at Po‘latovga bag‘ishlandi va u kishining o‘zlari umrining oxiriga qadar bosh rolni ijro etdi.
Shunday qilib, men o‘z ijodiy kamolimni sahna ortida, taniqli ustozlar va ijodkorlar davrasidan boshladim. Qo‘shiqlarni ham o‘zim yozdim. Yozuvchilik toleim yana bir jihati bilan boshqa kalamkashlarnikidan biroz farq qiladi. Bu hayotim moddiy manbaining ham kitob bilan bog‘liqligidir. Ma'lumotim bo‘yicha mutaxassisligim matbaachi, noshir. Asosiy daromadim kitob savdosidir. Ya'ni xayolimdan o‘tgan ruhiy kechinmalar, odamlarga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarim, avvalo, yozuvim bilan qog‘ozda qoralanadi, nashrga tayyorlanadi, bosmaxonada chop etiladi va bozor orqali iste'molchi hisoblangan kitobxonlar qo‘liga yetib boradi. Intellektual mulk ma'naviy va moddiy mulkka aylanadi. Shu tufayli ham yomon asar yozishga, iste'molchini, ya'ni aziz kitob ixlosmandini norozi qilishga haqqim yo‘q. Aks holda asarlarim nokerak qog‘oz mahsulotlariga aylanadi. Lekin chin dildan shuni shukronalik bilan ayta olamanki, hali hech qaysi muxlisim mendan norozi bo‘lgan emas va asarlarim sotilmay qolib ketmagan.
– Suhbatlarning birida jurnalistikada o‘qishni orzu qilganingizni, ammo adashib poligrafiya institutiga o‘qishga kirganingizni aytgandingiz. Bu qanday sodir bo‘lgan edi?
– Maktabni bitirish arafasida jurnalistikaga – Toshkentga o‘qishga borishni orzu qilardim. Bu paytda tuman va viloyat gazetasida bir necha kichik maqolalarim va she'rlarim bosilib chiqqan, o‘zimni ijodiy konkursga tayyor deb bilardim. Bu haqda maktabda rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan Zokir akamga aytdim. U negadir o‘ylanib qoldi va “Toshkentga borib o‘qishing shartmi? Ana, yaqingina Farg‘onada o‘qiyver”, dedi. Keyinchalik bilsam, akam oilamizdagi moliyaviy yetishmovchilik tufayli mening poytaxtda qiynalib qolishim haqida qayg‘urgan ekan.
Bir kuni akam sevinib kirib keldi. Nima emish, Farg‘onada ham jurnalistika fakulteti ochilganmish. Men ajablanib “Yo‘g‘-e, qayerda?” deb so‘radim. Akam “Ana, politexnika institutida”, deb javob qaytardi.
Hali dunyo ko‘rmagan soddagina yigitcha edim. Shunday bo‘lsa-da, “bo‘lmagan gap” deya e'tiroz bildirdim. “Nima, ishonmayapsanmi? Bo‘lmasa, ertaga birga boramiz. Hujjatlaringni tayyorla. Ma'qul bo‘lsa, topshirasan, yo‘qsa, o‘zing bilasan”, – dedi akam. Ertasi Qirgulidagi Politexnika instituti qabul komissiyasiga bordik. Akam meni to‘g‘ri mexanika fakulteti bo‘yicha hujjat qabul qilayotgan qizlar oldiga olib keldi. “Anavi redaksiyada ishlaydiganlarni tayyorlaydigan ixtisoslik bor-ku...” – dedim. “Ha, “Poligrafiya ishlab chiqarish texnologiyasimi?” – dedi u. “Opajon, shuni bitirsam, men rostdanam redaksiyada ishlaymanmi?” – so‘radim ishonqiramay. “Ha, albatta. Lekin bu sohaga negadir juda kam hujjat topshirishyapti. O‘tib ketish imkoningiz ko‘proq”, – dedi qiz. “Ana eshitdingmi? Hech ikkilanmay topshiraver. Toshkentda nima bor?” – dedi akam.
Men ikkilanibroq hujjatlarni topshirdim. 13-raqamda bo‘libman. U vaqtlar baholar uch kundan so‘ng radiokarnay orqali e'lon qilinardi. Avvalo guruh raqami, so‘ngra abituriyent ismi-sharifi yangroq ovozda e'lon qilinib, olingan bahoga kuchliroq urg‘u berilib o‘qilardi. Bu lahzalar ko‘plar uchun hayot-mamot lahzalari bo‘lib, yoshlarning taqdirini belgilab berardi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Hamma hayajonda: kimdir quvonar, kimdir xafa.
Nihoyat, bizning guruhga ham navbat keldi. Men negadir “ikki” olsam kerak degan o‘yda edim. “Agar “ikki” chiqsa hujjatlarimni tez olaman-u Toshkentga jo‘nayman” deya ahd qildim va har ehtimolga qarshi hujjatlarni qaytarib olish uchun turnaqator navbatda turganlar ketidan joy oldim. Chunki o‘sha kuni institut “Qabul komissiyasi”ga bir o‘zim borgandim, oqshom tushayotgan bo‘lib, qishlog‘imga qaytib ketish muammosi bor edi. Yiqilsam biryo‘la hujjatimni qaytib ola qolay, dedim.
Bir payt suxandon bizning 13-guruhimizni chaqira boshladi. Bir boshdan “Ikki!”, “Ikki!” deya qichqiraverdi. 12 ta abituriyentga “ikki” deb olgach, negadir to‘xtab qoldi. Men 13-raqamda edim. Hadeganda e'lon qilavermadi. Aytishlaricha, tushlikka chiqqanmish. Bir soatdan ziyod kutdik. Ungacha olib qo‘ygan navbatim 3-4 marta yetib keldi. Hujjatlarini qaytib olayotganlar aksariyat “ikkichilar” edi.
Qornim ochib ketib bir chetdagi gummaxonaga bordim. Endigina issiq qahvani ho‘plagandim, uzoqdan radiokarnay jarangladi: “Hoshimov Nabijon Nishonboyevich – “Besh!” – deya bir oz to‘xtadi-da, keyingi abituriyentlarni “uch”, “to‘rt”, “ikki” deb davom etdi. Men quloqlarimga ishonmadim. Bu hayotimdagi eng quvonchli kutilmagan voqea edi. O‘zimni qayerga qo‘yishni bilolmay qoldim. U yoqqa chopdim, bu yoqqa yugurdim, quvonganimdan yeru ko‘kka sig‘masdim. Uyga kelgach, akam “Omading bor ekan, tabriklayman, yaxshi tekshirishmabdi-da” deb qo‘ydi.
13-guruhda darslar boshlandi. Ammo dars jadvalida adabiyot fani ko‘rinmasdi. O‘qish jarayonida qandaydir texnik chizmalar, oliy matematika, texmexanika, materiallar qarshiligi, KPSS tarixi, ilmiy kommunizm, fizika, ximiya va boshqa son-sanoqsiz fanlardan bosh ko‘tara olmay qoldik. So‘ngra tez orada Quva tumaniga paxta terimiga safarbar qilindik. Alamimni chanoqlardan olardim. Tez orada “to‘rt qatorli” mashina nomini olib, fakultetdagi eng ilg‘or terimchilardan biriga aylandim. 2-kursga o‘tganimizda institutda yangi “Injener” nomli haftalik gazeta chiqa boshladi. Bu men uchun ayni muddaodek tuyuldi. Tahririyat manziliga bir-ikkita she'r va maqolalar yozib jo‘natdim. Quvonarlisi, yozganlarim hech qanday tahrirsiz va tuzatishsiz bosilibdi.
3-kursga o‘tdim. Yangi o‘quv yili boshlangan kuniyoq ishtiyoq bilan yana “Dars jadvali” yoniga keldim. Nigohim texnik fanlar orasidan “adabiyot” so‘zini qidirardi, lekin topolmadim. Ko‘nglimda allaqanday g‘ashlik paydo bo‘ldi va shart burildim-da, dekanimiz Ohunboyev huzuriga kirib bordim. “Domla, bizga adabiyot fani qachon qo‘yiladi?” – deb so‘radim salom-alikdan so‘ng. Domla allanimalarni qitirlatib yozib o‘tirardi. Yozishdan to‘xtab ko‘zoynagining tepasidan asta menga nigoh tashladi-da, biroz meni kuzatgan bo‘ldi. “ Adabiyotmi, hm-m... Qayerliksiz o‘zi, uka?” – “Oltiariqdan”. – “Oltiariqning qayeridan?” – “Povulg‘on qishlog‘idan”. Domla ko‘zoynagini olib qo‘yib, to‘satdan ho-holab kula boshladi. “Obbo siz-ey, povulg‘onlikman deng!” Mening g‘ashim keldi. Lekin sir boy bermadim. “Adabiyot, uka, sizlarga ikki dunyodayam qo‘yilmaydi”, – dedi u kulgidan o‘zini bazo‘r tiyib olib. Jahlim chiqib, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib ketganday his qildim va “Nega?!” deya so‘radim. “Chunki sizlar, ya'ni siz tanlagan soha, matbaa sohasini rivojlantirishga qaratilgan. Xudo xohlasa, kelajakda yozuvchi va shoirlar, jurnalistlarning yozgan ijodiy asarlarini bosib chiqaradigan zamonaviy texnikalarning yetakchi muhandislari bo‘lib yetishasizlar, tushunarlimi?”
Xullas, dekan oldidan hafsalam pir bo‘lib chiqdim. Xayolimga “Nima qilsam ekan? Yo shart o‘qishni tashlab Toshkentga ketavoraymi? O‘sha yerda ham ishlab, ham jurnalistikada o‘qisam-chi? Lekin qayerda ishlayman?” degan o‘y o‘tdi. Ko‘z oldimga negadar bir gal Toshkentga borganimda ko‘rgan ko‘prik tagidagi mardikor bozori keldi.
– Ammo kelajakda sizdan nafaqat bosmaxona muhandisi, balki jurnalist, muharrir, hatto gazeta tashkil qilgan shaxs yetishib chiqdi. O‘z vaqtida mashhur bo‘lgan “Adolat yo‘li” va “Ogoh” gazetalarini qanday tashkil qilgansiz?
– Institutda amaliy jurnalistikadan olgan saboqlarim keyinchalik, yigirma yildan so‘ng “Farg‘ona” nashriyotini va uning qoshida Farg‘ona viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikdagi “Adolat yo‘li” gazetasini, 2001-yilda esa Toshkent shahar IIBB muassisligidagi “Ogoh” gazetalarini tashkil qilib, o‘zim ularga muharrirlik qilishimga sabab bo‘ldi. (Harbiy xizmatda ham shtab kotibi bo‘lgandim va rassomlik ham qilgandim.)
Biroq bu ishlar jo‘ngina amalga oshgani yo‘q. Jamiyatda byurokratik to‘siqlar ko‘p edi, ayniqsa, sobiq Ittifoq tugab borayotgan davr edi. Hayot yo‘limda meni ko‘rolmaydigan, hasadgo‘y, amalimni egallab olish istagida bo‘lgan jirkanch nusxalar ham paydo bo‘lishdi.
“Adolat yo‘li”ning ham o‘z tarixi bor. U o‘z-o‘zidan osmondan tushib qolmadi, balki bu gazeta ilk bora xayolimga kelgan va o‘zim yaratgan ijodkorlik hamda tadbirkorlik mahsulimdir. O‘sha davrda (1990-yillar) sobiq Ittifoq ham iqtisodiy, ham siyosiy tanazulga yuz tutgandi. O‘zim tashkil qilgan respublika viloyatlari ichidagi ilk davlat nashriyoti hisoblangan “Farg‘ona” nashriyotining rahbari, qolaversa, viloyat matbuot boshqarmasida yetakchi matbaachi mutaxassis edim.
Bir kuni boshqarmada katta yig‘ilish bo‘lib, unda barcha gazeta muharrirlari ham ishtirok etishdi. Gazetalarning ahvoli tang va obuna miqdori juda past darajada edi. Menga ham so‘z berishdi. Shunda tuman gazeta muharrirlarini ochiq tanqid qildim. Muharirlardan biri (Quvasoy tumani) menga qarata o‘shqira ketdi: “Qanday obuna qilamiz?! Siz bu yerda kabinetda o‘tirib olib aytaverasiz-da! Ana, o‘zingiz bir gazeta tashkil qilib ko‘ring, keyin ko‘ramiz, qanaqa obuna qilishni!” – dedi u. Bu gapni taklifdek, xotirjam qabul qildim va “Bo‘pti. Nashriyotim qoshida tashkil qilaman, tiraji siznikiday 800 dona emas, 20 000 nusxadan ziyod bo‘ladi”, – dedim dangal. “Jo‘jani kuzda sanaymiz”, – dedi u mensimay.
Bu gapni qizig‘ida aytib qo‘yib, qanaqa gazeta tashkil qilish haqida boshim qotdi. Nihoyat, bir qarorga keldim: “Kriminal gazeta tashkil qilaman! Chunki hozir jinoyatchilik kuchaygan!” Ertasi shu xayol va taklif bilan to‘g‘ri viloyat prokurori huzuriga bordim. Prokuror Yoqub Jalolov meni yaxshi qarshi olib, taklifimni jimgina tingladi. O‘sha davrda jinoyatchilik ayni avjiga chiqqan, reketchilar, bosqinchilar, o‘g‘ri-kazzoblar ko‘paygan bo‘lib, ularga qarshi kurashga qaratilgan har qanday jamoatchilik taklifi muhim hisoblanardi. Ammo prokuror Jalolov e'tiroz bildirdi: “Juda yaxshi. Lekin bizda na mablag‘ bor, na qog‘oz”, – dedi afsuslanib. “Bizga mablag‘ingiz ham, qog‘ozingiz ham kerakmas. Eng muhimi, sizning roziligingiz. Jinoyatchilikka qarshi targ‘ibot yo‘li bilan hamkorlikda kurashamiz. Sizning axborot markazingizdan kerakli materiallarni olib turamiz”. Prokuror jiddiy o‘ylanib qoldi va huzuriga o‘rinbosari Abdullayevni chaqirdi. “Mana bu yigit jinoyatchilikka qarshi birga kurashaylik, buning uchun birgalikda gazeta chiqaraylik deb kelibdi. Siz nima deysiz?” – “Yaxshi. Avval nishona sonini tayyorlab bizga olib kelib ko‘rsatsin-chi. Keyin o‘ylab ko‘ramiz-da”, – dedi yordamchi xotirjam. “Tushunarlimi?” – so‘radi mendan prokuror. “Demak, sizlar rozisizlar. Bo‘lmasa, boshlayveraylikmi?” – “Ha, avval 500 nusxa chiqaring, uch kundan so‘ng mana shu stolga qo‘yib keting”, – dedi o‘rinbosar ishonqiramay.
Men katta ishtiyoq bilan ishga kirishdim. Dastlab gazetani nomlashim, prokuror yoki viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i nomidan bosh maqolalar tayyorlashim zarur edi. Gazetani “Xalq minbari”, “Adolat minbari” va “Adolat yo‘lidan” deb nomladim. Oxirgisi muassisga ma'qul bo‘ldi.
Ishga shiddat bilan kirishdim. Tezlik bilan nashriyot xodimlarini to‘pladim va atayin vahima qildim: “Meni viloyat prokuraturasiga chaqirtirishdi. Viloyatda vaziyat jiddiy, jinoyatchilik avj olgan. Shuning uchun meni shaxsan viloyat prokurorining o‘zi qabul qildi. Birgalikda gazeta chiqarar ekanmiz. Hammamiz shu bo‘yicha ishlaymiz. Uylaringga xabar beringlar. Gazeta tayyor bo‘lmagunicha hech kim ketmaydi. Uch kun ichida 500 dona nishona gazeta nusxasi prokurorning stoli ustida bo‘lishi shart ekan”, – dedim va har bir xodimga topshiriq berib chiqdim.
O‘zim “Adolat yo‘lidan”ni rassomga chizdirib qolip (klishe) qilish va bosh maqola tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldim. Nihoyat, maqolalar viloyat bosmaxonasida qo‘rg‘oshin harfda terdirilib, sahifalandi va chop qilishga tayyorlandi. Tungi soat ikki bo‘ldi. Gazetani to tongga qadar chop etish lozim edi. Ammo bir muammo chiqdi. “Adolat yo‘lidan” so‘zining qolipi eniga katta bo‘lib ketibdi, ya'ni “dan” qo‘shimchasi sig‘may qoldi. Yarim tunda – qolip tayyorlovchi rus ayolni topib bo‘lmadi. Men “dan” qo‘shimchasini kesib tashlashni buyurdim. Shunda so‘z “Adolat yo‘li”ga aylandi va va'da qilingan gazeta ertalab soat 9:00 da prokuror stoli ustida paydo bo‘ldi.
Biryo‘la shartnomani ham olvoldim. U gazetalar ustida turardi. Prokuror buni kutmagan ekan, quvonib ketdi va gazeta bilan yaxshilab tanishib chiqqach, barcha xodimlarni huzuriga to‘pladi. “Manavi bola bir so‘zli ekan. Oldimga jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashaylik degan taklif bilan keluvdi, “qanaqa qilib?” deb so‘rasam, “gazeta chiqarib”, degandi. Mana, uch kun ichida tayyorlab kelibdi. Sodir bo‘layotgan juda ko‘p jinoiy ishlarni qo‘rqmay fosh qilib tashlabdi. Mana, tarqatinglar... Xo‘sh, sizlar nima deysizlar?” Xodimlar gazetaga katta qiziqish bilan yopishishdi va “ma'qul”, “juda zo‘r bo‘libdi” degan luqmalar tashlashdi. Prokuror Yoqub Jalolov “Tila tilagingni” degandek menga mamnun boqdi. Menga aynan shu samimiy nigohlar zarur edi. “Xo‘sh, bizdan nima xizmat?” – deya so‘radi u. “Obuna qildirib berasiz, xolos”. – “Nechta?” –“Ellik mingta bo‘lar”, – dedim kamtarlik bilan. “Yuz mingta qildirib beraman. Barcha huquq-tartibot organlari, mahallalar, talabalar o‘qiydi hali buni”.
Kelgusi haftadan nashriyot hisobiga obuna tushumlari tusha boshladi va tez orada gazeta adadi 53000 donaga yetdi. Nihoyat, Quvasoy tuman gazetasi muharriri ham meni tan oldi.
Toshkent shahar IIBB nashri “Ogoh” gazetasini qanday tashkil qilganimning ham o‘zi bir tarix. Ammo shu gazeta tufayli yozuvchi va dramaturg bo‘lib tanilganim chin haqiqat.
Xo‘sh, jurnalistikada o‘qiganimda kim bo‘lardim? Shunisi aniqki, hech qachon matbaachi – muhandis, noshir va tadbirkor bo‘la olmasdim. Gazeta jurnalistikasi, tadbirkor ko‘zi bilan qaraganda, bugungi kunda inqirozga yuz tutayotgan biznesdir. Chunki endi axborotni tezkor yetkaza oladigan internet bor, televideniye bor. Gazetalarga endi ehtiyoj qolmayotir.
– Sobiq sho‘rolar davrida Tojikistonda ishlagansiz. U yoqlarga qanday borib qolgansiz?
– 1981-yillar edi. Biz yosh oila Toshkentda ijarada yashab, ishlashga qiynalib qoldik. Hech kim bizga yordam berolmas, bir uyga muhtoj edik. Boz ustiga ayolim Jamila homilador edi. Ishxonam rahbaridan “Qachon bizga uy berasizlar?” deb so‘rasam, “Ikki yil sabr qilsangiz Yunusobodda qurilayotgan uylardan beriladi”, degan javob oldim. Ikki yil men uchun juda uzoq muddat bo‘lib tuyuldi. O‘sha kunlari “Trud” gazetasidagi bir e'longa ko‘zim tushdi. Unda Tojikiston Matbuot qo‘mitasi yosh matbaachi mutaxassis kadrlarni ishga taklif qilib, ham ish, ham uy-joy bilan ta'minlashi haqida yozilgan edi.
Shunday qilib, taqdir taqozasi bilan janubiy Tojikiston viloyatlaridan bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa viloyat bosmaxonalar birlashmasining Bosh muhandisi vazifasiga tayinlandim. Bu juda mas'uliyatli vazifa edi. O‘sha davr siyosati yoritiladigan ikkita viloyat va o‘n uchta tuman siyosiy gazetalarining beto‘xtov chop etilishining ta'minlanishiga mas'ul edim. Gazetalar qo‘rg‘oshin harflarda terilar va sahifalarining yarim oy shaklidagi qo‘rg‘oshin qoliplari tayyorlanib, so‘ng rulonli rotatsiya mashinasida chop etilardi. Ammo bunday mashina yagona bo‘lib, agar buzilib qolsa, faqat Dushanbe yoki Termiz shahriga olib borib chop qilib kelish mumkin bo‘lardi. Gazetalarning o‘z vaqtida va sifatli chop etilishini viloyatning g‘oyaviy-siyosiy ishlar bo‘yicha rahbari hisoblangan Tabosharov familiyali sovuq bashara xodim nazorat qilardi. U arzimas holatga ham siyosiy tus berishga o‘rgangan, “o‘pkasi yo‘q”lardan edi. Kunlardan bir kuni juda xunuk voqea yuz berdi. Aksiga olib respublika rahbari Rahmon Nabiyev ishtirok etgan va uning ma'ruzasi yoritilayotgan gazeta chop etilayotganida kutilmaganda “Haqiqat” gazetasining bosh qismi kesilib yarmi tag tomonidan chiqa boshladi. Bu albatta mashinaning buklash-pichoq mexanizmidagi nosozlik edi. Ammo qancha urinmaylik “Haqiqat”ning boshi tiklanmadi. Gazeta kech qoldi. Tabosharov tezda yetib keldi va menga qarab: “Hoy farg‘onalik! “Haqiqat”ning boshi nega yo‘q? Nima, siz atayin fitna uyushtirayapsizmi?” deb o‘dag‘ayladi. Mashinani sozlashga respublikaning barcha yetakchi mutaxassislari jalb qilindi. Jumladan, Dushanbe poligrafkombinati, Termiz viloyat bosmaxonasidan va boshqa taniqli matbaachi mexanik-muhandislar yetib kelishdi va o‘sha kungi sonni poytaxtga olib borib chop qildik. Ammo partiya konferensiyasi yana davom etar, ma'ruza matnlari to‘xtamas va navbatdagi gazetalar qatorlashib, chop etishga tayyor holga kelmoqda edi. Biz o‘n chog‘li matbaachi mutaxassislar mashinaning chizmalarini yerga yozib olib boshimiz qotdi. Bahs cheksiz davom etar, ammo natijasi ko‘rinmayotgandi. Qanday qilmaylik, baribir “Haqiqat”ning boshi kesilib, kallasi dumidan chiqaverdi. Deyarli ikki sutka uxlamadik, tuzata olmadik. Keyingi sonini ham Dushanbega olib ketishga tayyorlay boshladik. Serg‘alva yana bir tong otdi. Bu orada Tabosharov kelib yana bir vaysab ketdi. Emishki, men atayin qilmoqda ekanman. Yaxshiki, poytaxtlik mexaniklar “Bu zavod deffekti”, zavod mutaxassislarini chaqirish kerak yoki zudlik bilan yana bitta shunaqa zahira mashina topib o‘rnatish kerak” degan xulosa berishgachgina menga bo‘lgan xusumati biroz pasaydi.
Ana shunday tahlikali paytda oldimga uzun oq soqolli qorovulimiz asta kelib dalda berdi: “Akoi rais, xafa bo‘lmang, xudo o‘zi madadkor bo‘ladi. Hozir mahallamizda bir “xudoyi” bo‘lyapti. Mehmonlaringizni olib boring-da, bir tilovat qilib, sho‘rva ichib chiqinglar. Baribir nonushta qilasizlar-ku. Savob bo‘ladi. Marhum kishi yaxshi, ziyoli odam edi”.
Biz “Xudoyi”ga birinchilar qatori kirib bordik. Bir chetdagi so‘rida shumshayib, ola choponli, savatchadek sallali, echki soqolli mulla o‘tirardi. U Qur'on tilovat qildi. Oramizda turli millat vakillari, jumladan, o‘zbek, tojik, badaxshonlik, rus, nemis millatiga mansub mexaniklar bor edi. Hammamiz duoga qo‘l ochdik... O‘sha yerning milliy urf-odatiga muvofiq katta yog‘och tovoqlarda sergo‘sht, qaynoq sho‘rva tortilarkan. Marhumning xotirasiga katta novvos so‘yilibdi. Biz terlab-pishib sho‘rva uchun maxsus yopiladigan yupqa patirdan ham to‘g‘rab, yog‘och qoshiq bilan paqqos tushira ketdik. Ammo o‘lgan odamning kimligini va u haqda uylamasdik, chunki kallamiz “Haqiqat”ning boshi uchun bo‘layotgan g‘avg‘o bilan band edi. “Agar pichoq mexanizmini demontaj qilib, detallarini maydalab, boltlarini bir-bir tekshirib chiqsak-chi?” – dedim men. Badaxshonlik Chorshanbe ismli mexanik go‘shtni ishtaha bilan tanovul qilarkan: “Yo‘q, Nabijon, bo‘lmaydi. Buning uchun bir hafta vaqt ketadi. Keyin maxsus ajratuvchi qurilmalar ham topish lozim. Gazeta qarab turmaydi-ku”, – dedi. Nemis millatiga mansub Albert ismli yigit ham o‘rtaga gap tashlab qoldi: “Pichoq mexanizmini sozlash kerak, vassalom”. Men esa: “To‘g‘ri, lekin qanday qilib? U yerga qo‘l kirmaydi-ku”, – dedim. “O‘sha sozlovchi murvatni burash uchun odam mexanizmning ichiga kirishi kerak bo‘ladi. Ammo buning hecham iloji yo‘q”, – dedi usta Olim ismli poytaxtdan kelgan mexanik.
Ana shunday qizg‘in bahslar davom etarkan, tasbehini bir-bir tashlab bizni kuzatib o‘tirgan cho‘qqi soqolli mulla bir u mehmonga, bir bunisiga qiziqib qarab qo‘yardi. Bir payt mulla meni ohista turtdi-da, sof o‘zbek tilida so‘radi: “O‘g‘lim, so‘raganning aybi yo‘q. Biror muammolaring bormi deyman-a?” Men hayron bo‘lib: “Nima, siz o‘zbekchani tushunasizmi?” – deb so‘radim. “Ha, men asli farg‘onalikman. Bu yerga ichkuyov bo‘lib kelib qolganman. Siz menga sal tushuntiribroq ayta olasizmi? Nima bo‘ldi o‘zi?” – dedi. Mening ensam qotdi. “Obbo, endi shu odam yetmay turuvdi”, deb ich-ichimdan g‘ijindim. Lekin hamyurtim bo‘lgani uchun hurmat yuzasidan qo‘ynimdan “brak” bo‘lgan “Haqiqat” gazetasini olib ko‘rsatdim. “Haqiqat”ning kallasi kesilib ketyapti”, dedim-da, unga boshqalarning ko‘zi tushmasligi uchun yana tez buklab cho‘ntagimga soldim. “Hm-m, tushunarli, – deb qo‘ydi mulla soqolini o‘ychan silab olarkan va tomdan tarasha tushganday dedi: – Hech gapmas, uni tuzatib bera olaman”.
Qo‘limdan yeyayotgan nonim tushib ketdi va “u meni masxara qilyapti” deb tezroq bu yerdan ketish chorasini izlay boshladim. Mulla yaxshilab duo qildi. Biz o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik. “Mening ismim Shokarim, – dedi mulla. – Bir paytlar Farg‘ona bosmaxonasida ishlaganman”. Men so‘radim: “Nima, qorovul bo‘lganmisiz?” Mulla javob berdi: “Yo‘q. Pechatnik bo‘lganman. Mashinani deyarli o‘zim sozlardim”. Tuflisining ipini bog‘layotgan usta Olim: “Mashinaning markasi qanaqa edi?” – deya so‘radi. “Men ishlagan mashina eski “PVG-84-2”, Ribinsk zavodida ishlab chiqarilgan edi”, – dedi mulla. Bizning ko‘zimiz yarq etib ochildi. Bu bizning mashinamizning markasining aynan o‘zi edi.
Mulla sexga keldi. U bahaybat mashinaning u yer-bu yerini ushlagan bo‘lib, atrofini bir bor aylanib chiqdi. Kasbini sog‘inganidanmi, ko‘zlarida shodlanish aks etardi. “Yaxshi, – dedi u buklash-pichoq mexanizmini ko‘zdan kechirarkan. – Hech gapmas, tuzatamiz!” Mexaniklar ham hayron bo‘lib, mendan “Chto on govorit?” deb so‘rashdi. “Tuzatib beraman deyapti”, deb rusiyzabonlarga tarjima qildim. Mexaniklar hayronu lol edi.
“Bo‘lmasa, hamyurt, mundoq qilamiz, – dedi mulla menga yuzlanib. – Birinchidan, menga yangi xalat topib berasiz. Keyin ikkita baquvvat yigitlarni tayinlaysiz. Meni dast ko‘tarib asta-asta pichoq mexanizmining ichiga tushirishadi, xo‘pmi? Keyin o‘ninchi kalitni uzatvorasizlar”. Mo‘ysafidning o‘zi buyruq berib uni pichoq mexanizmi ichiga tushirishlarini tayinladi. Bu juda qo‘rqinchli holat edi. Mabodo mashina ishlab ketsa bormi, uni burdalab tashlardi. Shu tufayli men bosmaxona bo‘yicha elektr chirog‘ini o‘chirib qo‘yishlarini buyurdim. Ammo qo‘rg‘oshin qoliplar qotib qolishi mumkin edi. Baribir o‘chirtirdim. Chunki bu vaziyat inson hayoti uchun xavfli edi.
Chopon va sallasini yechib, xalat kiygach, kichkina odamga aylangan mullaning jussasini dast ko‘tarib ohistalik bilan mexanizm ichiga tushira boshlashdi. Nihoyat u ko‘rinmay qoldi. Uning qo‘liga elektr fonar va o‘ninchi kalitni uzatishdi. “Nima gap, tog‘a?!” – deya so‘radim men. “Oh-ho, topdim. Qizil murvati bo‘shab ketibdi-ku. Shuni qotirib qo‘ysak, bo‘ldi”, – dedi u ichkaridan ovoz qilib va “Bismilloh...” deya kalima qaytarib oldi-da, tiqirlatib bir nimalar qila ketdi. Bir ozdan so‘ng: “Ana bo‘ldi! Endi meni bu yerga qanday tushirgan bo‘lsanglar, shunday shoshilmay chiqarib olasizlar”, – dedi. Shunday qilindi. Uni kosmanavt uchuvchini qutqarib olganday hayrat va hayajon bilan mexanizm ichidan tortib olindi. “Nabijon, endi yurgizib ko‘ringlar-chi”, – dedi u kulib.
Mashinani yurgizdik. Hamdu sanolar bo‘lsinki, “Haqiqat” gazetasining kallasi kesilmay odatdagiday chop etila boshlandi. Quvonib ketdik. Kimdir “Ur-ra” deyar, kimdir qarsak chalardi. Yigitlar mo‘ysafidni endigina ushlab osmonga otishmoqchi bo‘lib turishgandi, shu mahal Tabosharov kelib qoldi va gazetaning shovillab bir tekis chiqayotganini ko‘rib “Haqiqat bor ekanu” deya kulib qo‘ydi va “Kim tuzatdi?” deb so‘radi. Mo‘ysafid “meni aytmanglar” deganday ishora qildi. “Bog pomog”, dedi Albert kulib. Viloyat rahbari hammamizning qo‘limizni bir-bir siqib chiqdi. Mo‘ysafidni ko‘rib, “Siz bu yerda nima qilyapsiz, otaxon?” deb so‘radi. “Shunchaki yigitlarga yordam beryapman”, dedi u kamtarona.
Biz Tabosharov bilan borar ekanmiz, u “Agar shu bugun ham mashinani tuzatmaganingizda ishingizga siyosiy tus bermoqchi edik. Sizni xudoning o‘zi asradi”, deb qo‘ydi. O‘sha kuni mullaning tavsiyasi bilan chop qilish sexida g‘ulg‘ul tovuq so‘yib, qon chiqarib, osh qildik. Mulla tilovat qildi. So‘ngra mehmonlarni kuzatib qo‘ydik. Mulla ham ketarkan, “Nabijon, bir gap bo‘lsa to‘g‘ri masjidga boravering, xizmatingizga tayyorman”, dedi. Keyinchalik Farg‘onaga borganimda, Farg‘ona bosmaxonasining direktoridan “Bir vaqtlar shu yerda Shokarim aka degan pechatnik ishlaganmi?” deb so‘radim. Oktyabr Qodirovich haqiqatan ham bir vaqtlar shunday bosh pechatnik ishlaganini va to‘satdan xotin, bola-chaqasini tashlab, allaqayoqqa g‘oyib bo‘lganini aytdi. Ammo uning imom-xatib bo‘lib qolganini eshitib ajablandi.
– 90-yillarda sizning o‘z shaxsiy armiyangiz bo‘lganini, askarlaringiz fermangizni qo‘riqlaganini eshitganman. Bu qanchalik haqiqat?
– O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillari xususiy tadbirkorlik ishlarim yaxshigina rivoj topdi. Men Oltiariq tumanida ilk bor fermer, baliqchi, tadbirkor sifatida tanildim. Biz – uch og‘a-inilar – rahmatli katta akamiz Zokirjon, kichik akam Ne'matjon va men tumanda birinchilar qatorida fermer xo‘jaligi tashkil qilishga jazm etdik. Buning uchun esa yerni Povulg‘on qishlog‘iga qarashli eng unumsiz hisoblangan, zovurlar kovlangan bo‘lishiga qaramay, yer osti suvlari juda ham yaqin qumlik joydan oldik. Xullas, “Jahon andozasi” deb nomlangan fermer xo‘jaligi bunyod bo‘ldi va uni Ne'matjon akam boshqara boshladi (men esa o‘sha davrda Oltiariq tuman bosmaxonasining rahbari edim). Baliqchilik havzalari – ko‘l va kanallar qazish bilan birga uy hayvonlari va parrandalar boqish uchun inshootlar ham quradigan bo‘ldik. Bankdan tumanda ilk bor fermerlik maqsadida kredit mablag‘i oldik. Ishlar ko‘ngildagidek boshlab yuborildi. Dalaga o‘nlab ulkan skreper va buldozerlar turnaqator bo‘lib kirib kelishdi. Ularning ovozidan yer titrardi. Tumanda boshlangan dastlabki fermerlik harakati mahalliy hukumat tomonidan ham to‘la qo‘llab-quvvatlandi.
Bir kuni qorovul Xudoberdi aka shikoyat qilib keldi. Nima emish, baliq ko‘liga juda ko‘p yovvoyi o‘rdaklar qo‘nayotganmish. Bu haqda tevarak-atrof qishloqlardagi ovchilar xabardor bo‘lib, ko‘l atrofiga xandaq qazib pisib yotishganmish. Qorovul meni ko‘l bo‘yiga olib borib ovchilar harakati bilan tanishtirdi. Chindan ham qurollangan ko‘plab ovchilar ko‘l qirg‘og‘i bo‘ylab xandaq qazib, miltiqni nishonga qaratib pisib yotishardi. Ulardan birini tanidim, qishlog‘imizdan ekan. Mening e'tirozimga u shunday javob qaytardi: “Nabi aka, bizga sizning balig‘ingiz kerakmas. Biz yovvoyi parandalarni ovlaymiz, xolos. Axir, ular siznikiyam, davlatnikiyam emas”.
U desam bu dedi, xullas, yotgan joyidan turgisi kelmadi. Ovchilar o‘ttizdan ziyod ekan. Eng yomoni, ular ko‘l atrofida go‘yo bir-birlarini nishonga olgandek pisib yotishardi. “Bir-birini otib qo‘ysa nima bo‘ladi?” degan savol paydo bo‘ldi va men bu haqda tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berdim. Ko‘l atrofi tintuv qilindi va ko‘plarining hujjatsiz qurollari olib qo‘yildi. Lekin ovchilarning ba'zilari baribir kelaverishdi. Shunda bir voqea yuz berdiki, baliq ko‘lini qo‘riqlash, tovuqlarni parvarishlash, sholiga qarash, baliqlarga yem berish muammolari birdan hal bo‘ldi. Bu SSSR Mudofaa vaziri Yazovning alternativ harbiy xizmat tashkil etish haqidagi buyrug‘i edi. Bu haqda gazetalarda e'lon qilindi. Bu Sobiq Ittifoqning oxirgi yillaridagi buyruqlardan biri bo‘lib, unga ko‘ra xo‘jalik va tashkilotlar zarur bo‘lsa mahalliy harbiy komissariyat bilan shartnoma tuzib, askarlarni mehnatga jalb qilishlari va oylik maoshlarining 80 foizini harbiy byudjet hisobiga o‘tkazishlari mumkinligi haqida gap borardi. Ajoyib g‘oya keldi: “Bo‘ldi! Men o‘z armiyamni tuzaman. Ishlarni harbiylashtiramiz. Shunda birorta begona ovchi bizning sarhadlarimizga yaqinlasha olmaydi. Harbiy intizom o‘rnatamiz. Ishimiz unumdorligi yanada oshadi!” Bu haqda Ne'mat akamga aytgandim, ma'qulladi. Harbiy istehkom tashkil qilishga bel bog‘ladik. Akam unga sardor, ya'ni praporshiklik qiladigan bo‘ldi.
1990-yillar edi. Men SSSR Mudofaa vazirining buyrug‘i e'lon qilingan “Izvestiya” gazetasidan bir nusxa olib va har ehtimolga qarshi shartnoma loyihasini mashinkalatib, uni gazeta ichiga solib, to‘g‘ri tuman harbiy komissari huzuriga kirib bordim. U asli buxorolik Sharof Ro‘ziyev ismli podpolkovnik ekan. Taklifimni eshitib hayron bo‘ldi. Chunki hali gazetani o‘qib ulgurmagan emish.
“Menga askarlar kerak. Alternativ xizmat. Oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lab, siz bergan hisob raqamiga pul o‘tkazib turaman. Mana shartnoma loyihasi”, – deya qo‘limdagi qog‘ozlarni uzatdim. Harbiy komissar shartnoma loyihasiga zimdan ko‘z yugurtirib chiqdi. “Yaxshi, – dedi nihoyat. – Men bir viloyatdagilar bilan bog‘lanib, so‘ng sizga xabar qilaman. Bizning tumanda hozir turli joylardan qochib kelgan askarlar bor. Ularni qaytarib yuborsak dezertirligi uchun Sibir sovuqlarida azob chekishadi. Menimcha, shu yerda ishlaganlari ma'qul. Bir jihatdan buyruq chiqqani yaxshi bo‘libdi. O‘sha askarlarniyam chaqirtiraman”. – “Qachon xabar olay?” – “Indinga. Lekin aytib qo‘yay, hammasi harbiy ustav bo‘yicha bo‘lishi kerak. Faqat qurol bermaymiz. O‘z hisobingizdan boqasiz, ust-bosh berasiz, tushunarlimi?” – “Tushunarli, o‘rtoq podpolkovnik”, – dedim men g‘oz turib. “Ularning harbiy biletlari mening qo‘limda bo‘ladi. Qaysi biri xizmatdan bo‘yin tovlab shilt-pilt qilsa, harbiy ustav bo‘yicha chora ko‘riladi”, – dedi u.
Shunday qilib, harbiy qochoqlardan to‘rt kishi, yangi xizmatga chaqirilayotganlardan olti yigit bizning baliqchilik xo‘jaligimizda harbiy xizmatni o‘taydigan bo‘lishdi. Biz ularga “Bu yer harbiy garnizonlar uchun ozuqa yetishtiriladigan xo‘jalik bazasi” deb tushuntiradigan bo‘ldik.
Biroq askarlarga ustav bo‘yicha sharoit yaratib berish, soqchilik ishlarini tashkil qilish, zimmalariga yuklangan vazifa bajarilishini nazorat qilish, ularni armiya qoidalariga binoan harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va buning uchun siyosiy-ma'rifiy ishlar olib borish, sport va harbiy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanib turishlarini ta'minlashimiz lozim edi.
“Bu yer maxfiy harbiy bo‘linma bo‘lishi kerak, ya'ni “Polevaya pochta”. Bo‘lmasa uylariga ketib qolaverishadi. Harbiy intizom buziladi”, – dedi Ne'mat akam mening sa'y-harakatimni ma'qullar ekan. “Mayli. Biz ularni yopiq mashinada juda uzoq yo‘l bostirib, aylantirib, yarim kechasi olib kelamiz. Buning uchun shiyponimizni kazarma qilamiz. Keyin dala yo‘limizga shlangbaum postini qo‘yamiz. Begonalar umuman o‘tmasligi kerak”, – dedim men. “Bo‘pti. Unda karovatlarniyam ikki qavatli qilamiz, sariyog‘niyam dumaloq qilib o‘lchab beramiz. Kun tartibiniyam ishlab chiqamiz, navbatchi ham turadi”, – dedi akam. “Yaxshi. Ularning ichida birovi bir yil xizmat qilib Krasnoyarskdan qochib kelgan ekan. O‘sha yigitni guruh sardori etib tayinlaymiz. Siz unga topshiriq berib, keyin uning bajarilishini nazorat qilasiz”, dedim men.
Shunday qilib, baliqchilik xo‘jaligimizda harbiy bo‘linma tashkillash ishlari jonlanib ketdi. Hatto qorovullarimiz ham bu ishni jiddiy qabul qilishib, allaqayerdan ola-bula kiyimlar topib kiyib olishdi va o‘zlarini go‘yo harbiy xizmatchiday tuta boshlashdi. Hademay sport maydonchasi, soqchilar turish joylari qurildi, yo‘laklar chetiga tosh terilib oppoq qilib bo‘yab chiqildi. Bino peshtoqiga SSSR bayrog‘i emas, balki o‘sha davrdagi O‘zbekiston bayrog‘ini ildirib qo‘ydim. 1989-yili oktabr oyida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan edi. Hali mustaqillik haqida tushunchaga ega bo‘lmasak-da, barcha buyruq va atamalarni sof o‘zbek tilida olib borish va bu bilan o‘ziga xos milliy armiyamizni tashkil qilganimizni namoyish qilmoqchi bo‘ldik. Jumladan, buyruqlarni quyidagi tarzda tayyorladik: “Stroytsa! – Saflaning!” – “Smirno! – G‘o‘ddaying!” – “Volno! – Shalpaying!” – “Shagom marsh! – Qadam bos!” – “Pesnyu zapevay! – “Ashula ayt!” – “Razoydis! – Tarqal!” – “Pod'yom! – Uyg‘on!” – “Otboy! – Qot!” – “Lojis! – Yot!” – “Trevoga! – Qo‘zg‘al!” – “Otstavit! – Bas qil!” va hokazo. Saf qo‘shig‘i ham tanlandi. Akam “Qarg‘alar” qo‘shig‘ini tiqishtirmoqchi bo‘ldi. Men e'tiroz bildirdim. Chunki “Qarg‘alar” qadam bosishni chalg‘itib tashlardi.
“Alternativ xizmat ko‘rsatish” bo‘yicha tuman harbiy komissari bilan o‘zaro shartnoma tuzdik. To‘rt qochoq askarni olib yopiq mashinada viloyat harbiy komissariatiga “kadr olish” uchun bordik. Olti nafar yangi chaqiriluvchini shu yerda ajratib berishlari kerak edi. Harbiy komissariat hovlisi o‘g‘illarini kuzatgani kelgan ota-onalar bilan gavjum edi. Ayniqsa, ayollar yig‘i-sig‘i qilishar, sochlari olingan o‘g‘illarini alqashar va betinim ochofatlardek ovqatlantirishardi.
Samolyotda va poyezdda uzoq o‘lkalarga ketuvchilar uchun avtobuslar qatorlashib turishar, harbiy orkestr harbiy marsh kuyini chalardi. Biz ham yopiq “UAZ” mashinamizni bir chetga qo‘yib buyruq bo‘lishini kutib turdik. Shofyor o‘zimizdan. Unga adirliklar oralab tosh-chang yo‘llarda qorong‘i tushgunicha aylantirib, so‘ngra daladagi “harbiy bo‘linmamizga” olib kelishni, yetib kelgach, harbiy kiyimdagi Ne'mat akam shlagbaumda uni to‘xtatib askarlarning hujjatlarini bir-bir sinchiklab tekshirib, so‘ng shlagbaumni ochishini va ularni saf tortdirib kazarmaga olib kirishi, bu yerning qonun-qoidalarini yaxshilab tushuntirishi haqida tayinlab qo‘ydim.
“Yangi kadrlar”ni ro‘yxat bo‘yicha qabul qilib olgach, ularga ota-onalari bilan xayrlashib, xaltalarini olib tezlik bilan mashinaga chiqishlarini buyurdim. Birining otasi, birining akasi kelib mendan so‘ray ketishdi: “Xizmat qayerda bo‘ladi, uka?” – “Bunisi harbiy sir – “Polevaya pochta”, – dedim men qisqa qilib. “Qanaqa qism? Bilsak bo‘ladimi?” – “Dengiz piyodalari”. – “Iltimos, o‘g‘limga yaxshi qarashsin”. – “Xo‘p, aytaman. Xavotir bo‘lmanglar...” Keyin chaqiriluvchilarga “Qani yigitlar, mashinaga!” – deya buyruqona qichqirdim.
Yangi askarlar apil-tapil mashinaga o‘tirishdi. Shofyorimiz Mutalibjon eshikni tashqaridan qulflab qo‘ydi va g‘izillatib ketdi. Kuzatuvchilar qo‘l siltab, hayron qolaverishdi. Men bo‘lsa sal narida turgan “Jigulim”ga borib baliqchiligimiz tomon haydadim. Chunki bugun tuman voyenkomi kelishi, bo‘linma bilan tanishishi va uni baliq bilan mehmon qilishim rejalashtirilgan edi. Borsam komandir allaqachon kelib, qayiqqa o‘tirib qarmoqda baliq tutib o‘tirgan ekan. U sport kiyimida edi. Oldida yashik ustida gazaklar. Har tutilgan baliqqa qarab xursand qiyqirib qo‘yardi.
Ne'mat akam bo‘linma boshlig‘i, ya'ni “praporshik” vazifasini xuddi kinolardagiday sovuqqonlik bilan jiddiy bajardi. Ertalabki uyg‘onish buyrug‘ini soat 600 da o‘zi berdi va yangi askarlarni yarim yalang‘och safga tuzib, ko‘l atrofi bo‘ylab yugurtirib keldi, badantarbiya o‘tkazdi. So‘ngra bugundan boshlab har kuni shu takrorlanishini aytib, bu ishga mas'ul qilib xizmatdan qochib kelganiga bir yil bo‘lgan Asqar ismli yigit guruh sardori etib tayinlanganini va hamma uning buyruqlarini bekami-ko‘st bajarishi kerakligini uqtirdi. Sardor ilk bor “Tekislaning!”, “G‘o‘ddaying!” degan o‘zbekcha buyruqni berib, askarlarni oshxona deb atalmish ayvon tomon hozircha qo‘shiqsiz olib ketdi. Qorovul Xudoberdi aka oshpazlik vazifasini ham bajarardi.
Ne'mat akam soqchilar guruhi uchun o‘zi yog‘ochdan miltiq yasab, qora rangga bo‘yab berdi va aralash bozordan go‘yo amerika jangchisiga o‘xshab ketadigan maxsus kiyim ham sotib olibdi. Bu kiyimdagi soqchini uzoqdan ko‘rgan ovchi tugul har qanday odam hurkib, unda qo‘rquv hissini uyg‘otarmish. Natijada baliq ko‘li uzra pashsha ham uchmay qo‘ydi. Ammo hammayoqni chivin bosib ketgan, suvning yoqimli ohanrabosi ularni o‘ziga jalb qilardi.
Soqchilar bo‘lsa tunu kun o‘sha bir dona maxsus kiyimni navbatma-navbat almashib, kiyib navbatchilik qilishar, baliqlarning sakrashi, yovvoyi o‘rdaklarning suvga tushishi, chigirtkalarning chirillashi-yu qurbaqalarning vaqillashini tinglab va “qarg‘alar” qo‘shig‘ini xirgoyi qilib hayotdan zavq olishar, o‘tirib yaqinlariga maktub yozishardi. Mana, o‘sha Ne'mat akam konvertini almashtirgan Po‘lat ismli yigitning xatlaridan biri:
“Sog‘inchli xat. Assalomu-alaykum, oyijon, dadajon. Biz harbiy qismga yaxshi yetib oldik va xizmatlarni boshlab yubordik. Ob-havosi xuddi o‘zimizning joylardaqa issiq ekan. Afsuski, hamma narsani yozib bo‘lmaydi. Bu harbiy sir. O‘zim sog‘-omon, yaxshiman. Hech xavotir olmanglar, xizmatlarim joyida, pochti polugrajdanskiy ekan...”
Ammo faqat uch oygachagina “harbiy bo‘linma”mizning maxfiyligi saqlandi, xolos. Askarlar bu yerga yaxshi ko‘nikib qolishdi. Bir-ikkita landovur, ishyoqmas, hamisha norozi askarni hisobga olmaganda aksariyat yigitlar vatan uchun chin dildan xizmat qilishar va doimo ko‘tarinki kayfiyatda edilar. Ular asosan hududni qo‘riqlash, baliqlarni parvarishlash, sholini o‘tash, betarbiya inkubatsiyadan to‘g‘ri chiqib kelgan tovuqlar o‘rtasida “siyosiy-ma'rifiy targ‘ibot ishlari” olib borish, buzoq va qo‘ylar tagini va keyinroq shaharlik ijarachi rusiyzabon chorvadorlar olib kelgan “oq qo‘y”, ya'ni cho‘chqalarni boqish ishlariga jalb qilindilar.
– Bu qachongacha davom etdi? Nahotki, askarlardan birortasi bu armiya emas, o‘zlari yashaydigan Oltiariq tumanidagi baliqchilik fermasi ekanini payqab qolmagan bo‘lsa?
– Hammasi joyida ketayotgandi. Ammo Ne'mat akam va qo‘shni qishloqlik Po‘lat ismli askar yigit qovun tushrib qo‘yishdi va harbiy sirimiz fosh bo‘ldi. Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan bajarayotgan, soqchilikda hushyor turgan Po‘latga durbin ham berib qo‘yilgandi. Baliq ko‘limizning yonidan oqib o‘tadigan ulkan kollektor zovurning u tomoni qo‘shni Poloson qishlog‘iga qarashli yerlar edi. Soqchining ko‘zi bir payt o‘sha tomonda velosipediga o‘t yuklab, uni arang yetaklab olgan kishiga tushadi. Velosipedning dami chiqib ketgan bo‘lib, uni yuk bilan arang yetaklab kelar, o‘zi terlab-pishib ketgandi. Bir payt velosipedning old g‘ildiragi ko‘tarilib yiqilib ketibdi. U odam nima qilarini bilolmay boylamni yechib olibdi va velosipedga yana yuklab olish uchun urina boshlabdi. Lekin eplolmabdi. Tevarak-atrofga boqib yordam izlabdi va askar yigitga ko‘zi tushibdi. Askar yigitning rahmi kelibdi va u kishiga yordam berishga chora izlab zovur qirg‘og‘iga kelibdi. So‘ngra shart yechinibdi-da, zovur suviga o‘zini tashlabdi. Zovur suvini qamishlar qoplagan, ichida har xil daranda-sarandalar bo‘lishi mumkin edi. Mardonavor o‘tib boribdi. Ammo ne ko‘z bilan ko‘rsinki, velosipedli kishi qo‘shnisi Sotvoldi aka ekan. “Ie, Po‘latjon, senmisan? Armiyaga ketmaganmiding?” – so‘rabdi Sotvoldi aka ajablanib. Po‘lat dovdirab qolibdi. “Sh... shu yerda... xizmatda... Sizni ko‘rib qolib... yordamga keldim-da”.
Po‘lat o‘tni yuklashvoribdi-da, yana o‘z harbiy pozitsiyasiga o‘tib olibdi. Sotvoldi aka qishloqqa borganida, Po‘latning dadasi ko‘chadagi o‘rindiqqa o‘tirib o‘sha kuni o‘g‘lidan olgan xatni o‘qiyotgan ekan. Po‘latjon soqchilik kiyimida fotosurat ham jo‘natgan ekan. O‘tni yuklab asta kelayotgan Sotvoldi akani ko‘rib maqtangisi kelibdimi, suratni ko‘rsatibdi: “O‘g‘lim maxfiy qismda soqchilikda turarkan. Mana, rasmini ko‘ring”. Bunga javoban Sotvoldi aka: “Po‘latjon bilan hozir gaplashdim. Velosipedimga manavini yuklashib yubordi”, debdi. “E, qo‘ysangiz-chi, qo‘shni! Gapniyam ja olasiz-da! Mana, “Polevaya pochta” deb qo‘yibdi-ku”, debdi Po‘latning dadasi. “To‘g‘ri, bu dala pochtasi-da. O‘g‘lingiz huv anavi Povulg‘on qishlog‘ining dalasida xizmat qilyapti, o‘lay agar”, debdi Sotvoldi aka. – “Har narsa desangiz deng, lekin menga boshqa bunaqa hazil qilmang, iltimos, qo‘shni!” – “Istasangiz hoziroq o‘g‘lingizning oldiga olib borib kelaman. Mashinangizni g‘irillatib olib chiqing, behazil”. Aksiga olib o‘sha kuni “harbiy istehkom”da shlagbaum ochiq qolgan ekan. Bir mashina bo‘lib Po‘latning momosi va ota-onasi kirib kelishi butun boshli “harbiy bo‘linma”ni “portlatib” yubordi.
– O‘sha davrlarni eslayman. Bizning qishloq fermasida ham ikkita askar xirmonga qorovullik qilardi. Odamlar ularga non, ovqat berishardi. Ajoyib suhbatingiz uchun rahmat. Bu voqealarni hajviy yo‘nalishdagi avtobiografik asar qilib yozsangiz bo‘larkan.
– Ha, yozganman. Yaqinda “Ijod-Press” nashriyotida nashr etiladigan “Izlarimdagi o‘zim” nomli kitobimda hammasi haqida batafsil o‘qib olasiz.
Azamat Qorjovov suhbatlashdi.
www.ijodpress.uz saytidan ko‘chirilganda manba ko‘rsatilishi shart!