Bosh sahifa/KITOBLAR/“Buloqli mozor siri”

“Buloqli mozor siri”

“BULOQLI MOZOR SIRI”

Kitob nomi: “Buloqli mozor siri”

Janr: Qissa va hikoyalar

Muallif: Ma'mura Zohidova

Nashriyot: “Ijod-Press”

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi tog‘li qishloqlardan birida qabriston bor edi. Qabriston hududida buloq ko‘z ochgan bo‘lib, kelib ketguvchi ziyoratchilar shu buloq suviga tanga tashlash irimini bajarardilar. Bu voqea kitobda shunday yoziladi: “Qabriston haqida biror og‘iz so‘z eshitsam, hayotimda shohid bo‘lganim – bir voqea yodimga tushaveradi. O‘shanda maktabning 7-sinfida o‘qir edim. Uyimizga Namangandan mehmonlar kelishdi. Kechki payt bo‘lganidan hammamiz uyda edik. Hozir 94 yoshga chiqqan buvijonim u paytlarda ancha tetik edilar. Mehmonlarni ko‘rib terilariga sig‘may sevinib ketdilar. Oldinda yo‘l boshlab kelayotgan gavdali, barvasta ayol – Karima aya buvim bilan negadir yig‘lamsirab ko‘rishdi. Ketida bir-biriga o‘xshab ketadigan xushro‘y ikki juvon, yana biri yigirma yoshlardagi, ikkinchisi mendan bir oz kattaroq qizlar...”

Voqea davom etadi. Asarda mehmonning kelini befarzand ekani, bola ko‘rish uchun barcha choralarni qo‘llayotgani haqida gap ketadi. Bularning barini 7-sinf o‘quvchisi eshitib turadi:

“– Ammo keliningiz juda ko‘hlik. Adabiyam yaxshi. Bunaqasini keyin topolmaysiz, – dedilar buvim shosha-pisha, xuddi kelinlarini ketkazib yuborishlaridan qo‘rqqandek.

– Ertaga bir Qaytarma mozorga borib kelsak, – dedi Karima aya buvimga zorlangandek.

Buvim bu gapni uncha xushlamadilar... Keyinroq tushunishimcha, qabriston ichidan chiqqan bu buloqqa qabrlar yonidan o‘tib borilgani uchun hammaning, ayniqsa, bolalarning borishini istamagan ekanlar.

– Karimaxon, sahar namozlaringizda duo qiling. Hali bular yosh. Bir etak bolali bo‘lishadi, – dedilar buvim.

Rovonga – Zilola opamning yoniga chopdim. Men kelgan qizlar ichida eng kattasi deb o‘ylaganim – Zilola opa to‘yiga uch-to‘rt yil bo‘lgan kelinchak ekan. Hali e'tibor bermagan ekanman. Zilola opamning ko‘zlari shunday ma'yus ekanki, derazaga yaqin kelganimni ko‘rib bir qaragan edi, ich-ichlarim zirqirab ketdi. U bolani, allaqachon uxlab qolgan bo‘lsa ham, allalar, mayin allasi ohangida butun vujudi bilinar-bilinmas tebranar, ko‘zlari do‘mboqqina bolakayning yuzida, xayoli esa, bilmadim, qayerlarda edi. 

Ertasi ertalab choydan so‘ng mehmonlarning hammasini ergashtirib, G‘ova qishloqning shundoq yuqorisidagi mozorga boshlab keldim...”

Bu va boshqa kechmishlar bilan “Buloqli mozor siri”ni mutolaa qilish davomida to‘liq tanishasiz. Inson hayoti chigal, hayot murakkab, tirikchilik har bir jonni o‘z chig‘irig‘idan o‘tkazadi. Xuddi shu mashaqqatlar, iztiroblar insonning asl qiyofasini belgilaydi. Qiyinchiliklar iskanjasida o‘zligini, o‘z qadr-qimmatini boy bermay chiqsagina inson o‘z mukarram nomiga loyiq sanaladi.

Ma'mura Zohidovaning ushbu to‘plamga jamlangan qiziqarli, ta'sirchan hikoyalari va qissasining bosh g‘oyasi ham shudir. Kitob asl adabiyot ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi, shu bilan birga keng kitobxonlar ommasiga ham manzur bo‘ladi.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!