Bosh sahifa/KITOBLAR/“Zulmat diyorida”

“Zulmat diyorida”

“ZULMAT DIYORIDA”

Kitob nomi: “Zulmat diyorida”

Janr: Qissalar

Muallif: Rustam Jabborov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Bu kitob ISHID hukmronligi davrida Suriyaga borib qolgan aka-ukalarning ayanchli taqdiri haqida hikoya qiladi. O‘sha yillari jangarilar Suriya va Iroqning juda katta hududini bosib olib, Iroqu Shom Islom Davlati, ya'ni ISHID tuzilganini e'lon qilishadi. Va'dalar bisyor edi: ISHID dunyodagi eng adolatli islomiy davlat, barcha hukmlar shariat ahkomlari bilan yurtiladi, shoh ham, gado ham teng. Yevropa va Amerikadagidek kufrga yo‘l qo‘yilmaydi, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar kabi musulmon davlatlardagidek xorijlik musulmonlarga past nazar bilan qaralmaydi, kimki yangi davlatga – ISHIDga kelsa va yangi davlatni qurishda ishtirok etsa, unga fuqarolik berilib, kelgusida barcha fuqarolar teng va boyu badavlat yashaydi...

O‘sha yillari yurtimizda Qumri xola degan beva ayol bor edi. Eri jigar sirrozidan vafot etganida, to‘ng‘ich o‘g‘li Isomiddin o‘n ikki yosh, kenjasi Nizomjon sakkiz yosh edi. Ikki farzandi o‘gay otaning qo‘lida o‘smasin deb Qumri xola boshqa turmush qurmaydi. Maktabda farrosh bo‘lib ishlaydi, mehnat ta'tiliga chiqqanida dalada yer chopadi, yakshanba kunlari bozorda kartoshka-piyoz sotadi. Ming mashaqqat bilan farzandlarini ulg‘aytiradi. O‘g‘illari voyaga yetgach esa Rossiyada ishlashga qaror qiladilar. Ularni internet orqali Qozon shahridagi qurilishga chaqirishgan edi. Nizomjon borishni istamasa-da, akasi Isomiddan qo‘yarda-qo‘ymay olib ketadi. Ularni Qozon aeroportida Marat ismli yigit kutib olib, asli Tojikistonning Regar tumanidan bo‘lgan Ravshan hoji degan biznesmenning uyiga olib boradi. Uy deyarli bitgan, pardoz ishlari qolgandi, xolos. Negadir ikki ishchi allaqayoqqa g‘oyib bo‘lgani uchun ular internet orqali e'lon bergan va aka-ukani ishga olgandilar.

Ishchilar orasida faqat Ortiqali degan kishigina O‘zbekistondan edi. Hammalari dastlab Qozondagi “Qul Sharif” masjidiga juma namozlariga borib yurishadi. Ko‘p o‘tmay esa g‘alati taklif paydo bo‘ladi...

Rustam Jabborovning “Zulmat diyorida” kitobining boshlanishi shunday. Aka-ukalarning ona yurtni tashlab, Rossiyaga, u yerdan Suriyaga yo‘l olishgani, ISHID jangarlari hayoti, kurdlar bilan to‘qnashuvlar, Suriya armiyasi bilan shiddatli janglar... Barchasi yaqin o‘tmish va kechagi kunlardan so‘nggi nidolar!

Shuningdek, kitobdan muallifning “Yoshlik beboshlik emas” qissasi ham joy olgan.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!