“ZULM VA MUHABBAT”
Kitob nomi: “Zulm va muhabbat”
Janr: Qissalar
Muallif: Nodirabegim Ibrohimova
Nashriyot: “Ijod-Press”
“Zulm va muhabbat” Qo‘qon xonligi davrida Zubayda ismli qizning boshidan kechirganlari haqida hikoya qiladi. Tarixdan ma'lumki, Qo‘qon xoni Madalixon, ya'ni Muhammad Alixon 1822-yilda otasi Umarxonning vafotidan keyin o‘n yetti yoshida taxtga o‘tiradi. U o‘z hukmronligi davrida Qo‘qon davlati hududlarini kengaytirdi, uyg‘urlarni Xitoydan ajratib olishga harakat qildi, Rossiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Biroq umrining oxirgi yillarida axloqsizlikka va ichkilikbozlikka berilgani haqida ham ma'lumotlar bor. Keyinchalik Buxoro amiri Nasrulloxon Qo‘qonga yurish qilib, Madalixonni oilasi bilan birga qatl ettiradi. Madalixonning onasi, mashhur shoira Nodirabegim ham o‘shanda o‘ldirilgan. Har qanday xatolik og‘ir-oqibatlarga olib kelishi mumkin...
Nodirabegim Ibrohimovaning ushbu “Zulm va muhabbat” qissasi Qo‘qon xonligidagi o‘sha ma'naviy inqiroz davridagi voqealardan so‘zlaydi. Buvisi bilan yashaydigan Zubaydaning bo‘yi yetgan, ko‘chaga ham yopinchiqsiz chiqishi mumkin bo‘lmagan damlar edi. Kunlarning birida u suvga chiqayotib, ehtiyotsizlik qiladi. Ko‘chada ot minib ketayotgan Qosim yugurik Zubaydaning husni jamoliga ko‘zi tushadi. U soliq yig‘ish bilan birga qaysi xonadonda yosh va sohibjamol qizlar bor, albatta xon haramiga xabar yetkazishni odat qilgandi. O‘sha kezlari Madalixon 14-16 yoshli hurkak va navnihol qizlarni haramiga olib, vaqtincha nikohlab, aysh-ishrat qilishni kasbga aylantirgandi. Ayniqsa, sho‘rlik qizlar hech kim so‘ramaydigan yetim va kambag‘al bo‘lsa, ayni muddao edi.
Ertasiga Zubaydalar xonadoniga Qosim yugurik o‘nboshini ergashtirib keladi. O‘nboshining yonida askarlari ham bor edi. Ular qari kampirga nevarasini xon so‘rattirganini aytadi va qizni to‘yga tayyorlash uchun uch kun muhlat berishadi. Kampir nevarasini devor orqali qo‘shnining bog‘iga o‘tkazib, u yerdan qo‘shnining orqa eshigi orqali toqqa qochirib yuboradi. Zubaydaning dadasi vafot etgach, onasi tog‘dagi bir odamga turmushga chiqqandi. Zubayda bir amallab onasining uyiga yetib keladi. Onasi uni tashvish bilan kutib oladi. Zubaydaga avval-boshdan onasining eri yoqmas edi. Bu qishloqda qizni yangi sarguzashtlar kutib turardi...
Sal kam ikki yuz yil avval vatanimiz zaminida sodir bo‘lgan voqealar, o‘sha davr muhiti, qizlar taqdiri, amaldorlar zo‘ravonligi haqidagi “Zulm va muhabbat” qissasini o‘qing! Bu yurtga nega keyinchalik shimoldan chor Rossiyasi hujum qilgani, nima uchun uch xonlik Rossiyaga yengilgani, inson huquqlarini toptagan har qanday jamiyat qanday qilib tanazulga yuz tutishi, tutqunlik, qaramlik, vasallik, mustamlakalik – hammasi ilmsizlik, erksizlik, mashiatparastlik, shariatdan chekinish oqibatlari ekanini tushungandek bo‘lasiz.
Shuningdek, kitobdan muallifning “Tarmoqdagi taklif” qissasi ham joy olgan. “Ijod-Press” nashriyoti mahsuloti!