“ZINDONDAN NIDO”
Kitob nomi: “Zindondan nido”
Janr: Badia-esselar
Muallif: Muhammad Salom
Nashriyot: “Ijod-Press”
1984-yil oxirida O‘zbekistonga Rossiyadan dahshatli dushman kirib keladi. Ularning jinoyatlari keyinchalik tarixda “Paxta ishi” va “O‘zbek ishi” deb nomlangan. SSSR Bosh prokuraturasining ikki tergovchisi Gldyan va Ivanov boshchilik qilgan bu qatog‘onlarda yuzlab o‘zbeklar jabrlandi, qamoqqa tashlandi, hayotdan ko‘z yumdi. O‘zbek xalqining boshiga kulfat solgan “qonundagi terrorchilar” – Gdlyan va Ivanovni keyinchalik faollar BMTning xalqaro sudi – Gaaga sudiga berishadi. Biroq ular jazodan qutulib qolishadi. Ikkisini ham O‘zbekistondayoq o‘ldirish imkoniyatlari bor edi. Masalan, ular Jizzaxda ichki ishlar xodimini qo‘lga olishmoqchi bo‘lganida, qurolini topshirib, qiynoqlarda qolishni istamagan militsiya xodimi to‘pponchasini chiqaradi va o‘zini otadi. Aslida u avval qarshisidagi dushmanni, so‘ng umr bo‘yi qamoqda azoblanmaslik uchun o‘zini otish tanlovini tanlasa ham bo‘lardi.
Falokat Buxoroni ham chetlab o‘tmagan edi. Buxorolik mashhur yozuvchi Muhammad Salomning “Zindondan nido” nomli asari o‘sha paytlarda Buxoroda bo‘lib o‘tgan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qonli voqealar, hibsxonadagi qiynoqlar, tuhmatlar, shantajlar va inson qadri bir pul qilingan vatandoshlarimiz hayotidan hikoya qiladi. Asar Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani rahbari Salim Rahimovning qanday qo‘lga olingani, qamoqxona podvallarida azoblanishi, so‘ng Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga olib ketilib, o‘limga mahkum etilganlar kamerasiga tashlangani haqida hikoya qilib, uni tanigan-bilgan, birga ishlagan yoki qo‘l ostida faoliyat yuritgan kishilarning boshiga ham misli ko‘rilmagan kulfatlar solinganiga guvohlik beradi. “Zindondan nido” real voqealar haqida bo‘lib, Muhammad Salom bu asarni yozishdan avval Dushanbedagi qamoqxonaga borib, Salim Rahimov bilan shaxsan uchrashib, suhbatlashgan. Avvaliga bu uchrashuvga ruxsat berishmaydi. Ammo G‘ijduvon xalqi bosh ko‘taradi, qolaversa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Odil Yoqubov ham Muhammad Salomning Tojikistonga borishini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston bosh prokuraturasi yo‘llanma berishga majbur bo‘ladi.
O‘qing! O‘zbekiston, Rossiya va Tojikiston qamoqxonalarida qonga belangan o‘zbeklar haqidagi “Zindondan nido” kitobi! “Ijod-Press” nashriyoti mahsuloti!