Bosh sahifa/YANGILIKLAR/Ra'no Abdullayevaning kitobi nashr etilmoqda

Ra'no Abdullayevaning kitobi nashr etilmoqda

« Назад

Ra'no Abdullayevaning kitobi nashr etilmoqda 03.05.2023 22:05

Sho‘rolar davrining mashhur o‘zbek davlat va jamoat arbobi, tarix fanlari doktori, O‘zbekiston LKSM Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi, so‘ng O‘zbekiston Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, 1987-yildan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining mafkura masalalari bo‘yicha kotibi bo‘lgan, ko‘pchilikka “Navro‘zni taqiqlagan ayol” nomi bilan tanilgan Ra'no Abdullayevaning “Do‘zaxni yengib” kitobi nashr etilmoqda.

Hujjatli-publitsistik qissa hamda memuar janri xarakterlariga ega bu kitob shu vaqtgacha “O‘zbeklar ishi”, “Paxta ishi” deb atalgan yaqin tarixning qora kunlaridan hikoya qiladi. Unda siz SSSR Bosh prokuraturasi tergovchilari Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi yangicha qatag‘on haqida dahshatli va rad etib bo‘lmas haqiqatlar bilan tanishasiz. Shu vaqtgacha Gdlyan-Ivanov qatag‘oni haqida ko‘plab qissa va hikoyalar, ocherklar, maqolalar yozilgan, intervyular tashkil etilgan. Biroq Ra'no Abdullayevaning “Do‘zaxni yengib” asari “O‘zbeklar ishi” va “Paxta ishi” deb atalgan bu mudhish jarayonni avvalgi yozilgan barcha asarlardan farqli o‘laroq, o‘ta mukammal va kuchli dalillar bilan fosh etadi. Kitobxon Buxoroda boshlangan bu qatag‘on butun O‘zbekistonga qanday yoyilgani, zanjir reaksiyasi yoki piramida uslubi ishga tushgani, avval kichik amaldorlarni, so‘ng tuman rahbarlarini, viloyat rahbarlarini, oxir-oqibat respublika oliy martabali shaxslarini ham o‘z domiga tortib ketganini o‘qirkan, jarayon sobiq Ittifoq siyosatiga salbiy ta'sir o‘tkazib, Moskvadagi rahbariyat qanday tarixiy xatoga yo‘l qo‘yganini anglab yetganlarida juda kech bo‘lganini dalilli voqealar va tafsilotlar orqali tushunib yetadi. Shu sababli kim “O‘zbeklar ishi” bo‘yicha to‘liq tushunchaga ega bo‘lishni istasa, mazkur kitobni mutolaa qilishi lozim.

Shuningdek, Ra'no Abdullayeva o‘z asarida Navro‘z bayramini Navbahor deb o‘zgartirish haqida gap ketganini, ammo hibsga olingach, dushmanlari matbuot orqali qanday tuhmatlar uyushtirishgani, unga “Navro‘zni taqiqlagan ayol” tamg‘asini yopishtirishga urinishgani haqida yozadi. Ikki yildan ortiq Moskvadagi Butirka hibsxonasidagi tor kamerada saqlangan ayol  o‘z kitobi orqali bugungi zamondoshlarni ogohlantiradi: o‘z milliy davlatingizning, o‘z mustaqilligingizning, o‘z erkinligingizning qadriga yeting! Bugungi O‘zbekistonga tashqaridan hech kim zulm o‘tkazolmaydi, hech bir vatandoshimizning taqdirini, ozod xalqimizning kelajagini yot kuchlar barbod etolmaydi. Agar qonunni mensimagan, inson huquqlarini poymol qiladigan, tuhmat va qatag‘on uyushtiradigan shaxslar yetishib chiqsa, ularni ham albatta mag‘lubiyat kutadi. Zero, yaqin tarixdan chiqarilgan saboqlar va “Do‘zaxni yengib” kabi asarlar bugungi yoshlarni o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslikka undab bo‘lgan bo‘ladi.

Ra'no Abdullayeva 1935-yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tavallud topgan. Hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiladi. U sobiq Ittifoq davrida, Gdlyan va Ivanov hali mansab kursisida o‘tirgan vaqtlardayoq qatag‘ondan oqlanib chiqqan birinchi va yagona shaxsdir. Agar pora olgani yoki noqonuniy ishlari isbotlanganida edi, shafqatsiz rejim hech qachon oqlamagan bo‘lardi.


Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!