Ma'lumki, “Dizayn-Print” bosmaxonasi bugungi kunda ko‘zi ojizlar uchun brayl yozuvidagi kitoblar chop etishni ham yo‘lga qo‘ygan. Buning uchun bosmaxona Shvetsiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan maxsus printerlar bilan jihozlandi. Qisqa muddat ichida brayl yozuvi mutaxassislaridan iborat jamoa ham shakllantirildi.
Biroq mutaxassislarning malakasini oshirish brayl yozuvidagi kitoblar chop etishda muhim ahamiyatga egaligi hech kimga sir emas. Ularga o‘zlari foydalanadigan printerlarni ishlab chiqargan kompaniyadan vakil yuborilishi maqsadga muvofiq edi.
Mamlakatimizga tashrif buyurib, brayl yozuvi printerlari bo‘yicha trening o‘tkazayotgan malayziyalik mutaxassis Anna Lau “Dizayn-Print” bosmaxonasida ham ikki kunlik trening mashg‘ulotlari o‘tkazdi.
Shuni ta'kidlash joizki, “Dizayn-Print”dagi brayl yozuvi printerlarining aksariyat qismi Shvetsiyaning “Indeks-Brayl” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Everest-D V 4” printerlari bo‘lib, Anna Lau mazkur kompaniyaning Osiyo bo‘yicha mutaxassislaridan biri hisoblanadi.
O‘tkazilgan trening mashg‘ulotlarida “Dizayn-Print”ning brayl nashrlari bo‘yicha bosh muharriri Shahzod Hasanov, mutaxassislar Adham Qarshiboyev, Maftuna Rajabova va O‘lmas Obidovlar tajriba orttirishdi. Anna Lau brayl yozuvi printerlaridan samarali va to‘g‘ri foydalanish, tuzatish, ta'mirlash kabi ishlarda jamoaning malakasi oshishida yordamlashdi. Trening yakunlangan kuni esa “Dizayn-Print” mutaxassislariga Shvetsiyaning “Indeks-Brayl” kompaniyasi sertifikatlari topshirildi.
Joiz bo‘lsa, shuni eslatib o‘tish kerakki, Shvetsiyada ishlab chiqarilgan “Indeks-Brayl” printerlarining Malayziyadagi mutaxassisini O‘zbekistonga olib kelish va turli viloyatlarda, shaharlarda trening o‘tkazishni shu sohada faoliyat ko‘rsatadigan qashqadaryolik faol Shokir Panjiyev tashkillashtirdi.
Anna Lauga nafaqat “Dizayn-Print” jamoasi va uning “Tashrif otel” mehmonxonasi, balki butun O‘zbekiston yoqib qoldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mashg‘ulotlardan so‘ng malayziyalik mehmon “Tashrif otel” mehmonxonasi hovlisida o‘zbekona osh damlashda ishtirok etdi. U o‘zbek xalqini mehmondo‘st deb eshitgan edi, ammo o‘z ko‘zi bo‘lib ko‘rmagandi.