Yaqin vaqtlargacha “Dizayn-Print” O‘ICHK MCHJ bosmaxonasi o‘zining qoshida ochilgan “Ijod-Press” nashriyot bo‘limi tayyorlagan kitoblarni chop etardi. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarish quvvati “Ijod-Press” nashriyoti kitoblarini chop etishga yetardi, xolos.
Biroq davlatimizning tadbirkorlarga keng yo‘l ochishi natijasida konvertatsiya, kredit olish, investitsiya kiritish osonlashdi. Natijada bosmaxona modernizatsiya qilinib, xorijdan so‘nggi rusumdagi uskunalarni xarid qilish imkoni tug‘ildi. Ko‘p o‘tmay yangi uskunalar o‘rnatildi, yangi ish o‘rinlari ochildi. Tezkorlik va sifat oshgach, matbaa talablariga to‘liq javob bera oladigan bosmaxonaga buyurtma beruvchilar kundan-kunga ko‘payaverdi. Chunki “Dizayn-Print” bosmaxonasining ishlab chiqarish quvvati keskin oshib, endi u “Ijod-Press” nashriyot kitoblarini bosishdan tashqari chetdan kitob, broshyura, flaer, plakat kabilarni ham buyurtma olish imkoniga ega bo‘ldi. Masalan, avvalgi eski uskuna bir ish kuni davomida 2000 dona kitob mahsuloti bosardi. Endilikda yangi uskunalar 15000 dona rangli muqovali kitobni bosmadan chiqarish quvvatiga ega.
Suratda ko‘rib turganingizdek, turli buyurtmachilar badiiy kitoblardan tasqari o‘quv qo‘llanmalari ham buyurtma berishmoqda. Bosmaxona avtomatlashganga o‘xshasa-da, u yerda II guruh nogironlari ham ish bilan taʼminlanganini ko‘rish mumkin. Zero, bu temirdan inson qadri ustunligiga yaqqol misol. Ish bilan ta’minlash nafaqat tadbirkorning, balki davlatimizning ham siyosati, shu siyosati ichidagi mehr-muruvvatidir.