“YANGI TUG‘ILGANLAR”
(III kitob)
Kitob nomi: “Yangi tug‘ilganlar”, III kitob
Janr: Roman, fentezi
Muallif: Stefani Mayer
Tarjimon: Muhabbat Yo‘ldosheva
Bosmaxona: “Dizayn-Print”
Oddiy inson bolasi va qonso‘rar vampir o‘rtasidagi muhabbat tarixidan hikoya qiluvchi dunyoga dong taratgan mashhur “Sumerki” romanlar seriyasining dastlabki uchta asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, “Dizayn-Print” bosmaxonasida chop etildi va sifatli hamda qulay narxlarda kitobxonlarga taqdim etilmoqda. Amerikalik yozuvchi ayol Stefani Mayerning “Sumerki” asarlari seriyasiga kiradigan “Zulmat ostonasidagi muhabbat” va “Yangi oy” nomli birinchi, ikkinchi kitoblar Dilfuza Sobirova tomonidan, “Yangi tug‘ilganlar” nomli ushbu asar esa Muhabbat Yo‘ldosheva tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Kitobning asl varianti ingliz tilida millionlab nusxalarda sotilib, jahon bestselleri darajasiga ko‘tarildi.
“Yangi tug‘ilganlar” kitobi Bellaga uning do‘sti Jeykob yozgan maktub bilan boshlanadi. Jeykob oddiy hindu yigit emas, barcha vampirlar yoqtirmaydigan bo‘rilar avlodidan edi. Ha, u bo‘ri-odam edi. Garchi o‘sha paytlarda AQSHda tinchlik hukm surayotgan, barcha vampirlar o‘tmishdagidek odam qoni bilan oziqlanishni to‘xtatib, tinch yo‘lni tanlashgan bo‘lishsa-da, Jeykob bir narsadan xavotirda edi. AQSHning sershovqin va aholisi zich joylashgan janubidan kamgina odam yashaydigan shimoldagi shaharchaga – otasining uyiga ko‘chib kelgan Bella o‘z sinfdoshlari orasida vampirlar borligini bilmaydimi? Bildi, eshitdi. Oddiy odamdek yashashga va maktabda o‘qishga qaror qilgan vampirlar endi uning sinfdoshlari. Biroq nega Bella vampirlar oilasining vakili bo‘lgan Edvardni sevishda, ularning qarindoshlari, ya'ni bir to‘da vampirlar bilan bordi-keldi qilishda, sayohatga chiqishda davom etmoqda? Jeykob shuni tushunmasdi va maktubida Bellani qat'iy ogohlantiradi.
Bu vaqtda Bella politsiyada ishlaydigan otasi bilan yashardi, Edvard va uning oilasi hisoblangan Kallenlar bilan aloqasini haqiqatan uzmagandi. Uzmoqchi ham emasdi. Kunlarning birida Bella mehmonga borganida, Jasper bugungi dunyodagi yangi vampirlar haqidagi dahshatli haqiqatni so‘zlab beradi. AQSHga yaqin Meksikada Benito ismli vampir yashardi. U tinch yo‘lga qaytish haqidagi kelishuvni buzib, Mexikoda kechasi odam yeyishni boshlaydi. Qancha ko‘p odam yashaydigan shahar bo‘lsa, shuncha yaxshi edi. Kimningdir yo‘qolib qolganini hech kim bilmaydi. Benito o‘ziga xalaqit beradigan tavba qilgan vampirlarni yo‘q qilish uchun qo‘shimcha kuch to‘playdi. Qo‘shimcha kuch esa yangi tug‘ilgan vampirlar edi. Shunday qilib Benito ayrim yosh yigitlarni o‘ldirmay, ularning qonini zaharlab, vampirga aylantiradi. Yangi tug‘ilgan vampirlar to‘polonchi va bebosh bo‘lishardi. Ular yordamida Benito ko‘plab eski vampirlarga qirg‘in keltiradi...
O‘qing! Stefani Mayerning “Yangi tug‘ilganlar” nomli uchinchi kitobi! Oddiy o‘quvchi qizni kelgusida qanday voqealar kutmoqda edi? Jeykob ismli bo‘ri-odamni tanlaydimi, Edvard ismli sinfdosh vampirnimi? Bellani ham vampirga aylantirishsa, yangi tug‘ilganlar safiga qo‘shilgan qiz qanday yo‘l tutadi? Bularning birortasini oldindan aytib bo‘lmaydi. Zero, noodatiy sevgi haqidagi ushbu roman kutilmagan voqealari va nogohoniy yechimlari bilan mashhur!
Barchasini kitobni o‘qiganda bilib olasiz!