“YAKSHANBAGA O‘TAR KECHASI”
Kitob nomi: “Yakshanbaga o‘tar kechasi”
Janr: Detektiv, sarguzasht, hayotiy-maishiy
Muallif: Azamat Qorjovov
Nashriyot: “Ijod-Press”
“Yakshanbaga o‘tar kechasi” detektiv janridagi qissa bo‘lib, militsiyadan bo‘shatib yuborilgan yigit Toshkentdagi Shimoliy vokzal atrofida chipta sotish bilan shug‘ullana boshlaydi. Bu temiryo‘l vokzali kassasidan tashqaridagi o‘sha paytlardagi noqonuniy “biznes” edi. Kunlarning birida eski tanishi axtarib keladi. Tanishi puldor odam edi. U o‘z hayotida sodir bo‘lgan sirli voqeani gapirib beradi va yigitni o‘z xotinining izidan tushishga yollaydi. Sababi, shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi xonadonida jinoyat sodir bo‘lgan edi. Ma'lum vaqt o‘tgach, jinoyatda oila a'zolaridan birining, ya'ni o‘z xotinining qo‘li borligidan shubhalanib qoladi. Nega o‘z xotinidan? Bu odam bir qizni sevib qolgan va yashirincha uylanib, ikki xotinli bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay birinchi xotinining uyida jinoyat yuz beradi. Militsiya jinoyatchilarni fosh etolmaydi. Vaqt o‘tgan sayin bularning bari birinchi xotinining ishi ekanidan gumonsiray boshlaydi. Puldor qachonki o‘zga ayolga ishq bog‘lab, sevgi o‘yiniga kirishganida, birinchi xotini undan-da ustamonlik bilan o‘yin boshlagan edi. Sobiq ichki ishlar xodimi birinchi xotinning izidan tushib, yakshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan voqeaning siri nimada ekanini ochishga urinadi va g‘alati dalillarga duch keladi. Buni hech kim kutmagan edi.
“Uchinchi qarta siri” qissasi ham detektiv janrida, shuningdek, sarguzasht hamdir. Asar kim hayotda loqayd va noshud bo‘lsa, avvalo oilasini, baxtini, yashashdan maqsad-ma'nosini boy beradi degan g‘oyani o‘zida mujassam etadi. Umrning har bir dami g‘animat. Yo‘qotilgan baxt uchun esa ko‘proq kurashmoq darkor. Cho‘pni u yerdan bu yerga olib qo‘ymaydigan, bir so‘m topishni uddalayolmaydigan noshud yigitning xotini nochor turmushga nuqta qo‘yish qaroriga keladi. Ushbu qarorga kelgan kechada yomg‘ir yog‘adi va uy tomidan chakka o‘tadi. Qo‘rqinchli tun edi. Hovlida bir sharpani sezadilar. Ertasiga ayolning tog‘asi kelib, Amerika ko‘k bo‘risi hayvonot bog‘idan qochganini gapirib beradi. Kambag‘al oila hayotida allaqachon sarguzasht boshlangan edi. Bularning hammasi ko‘k bo‘riga bog‘liqmi, uch dona xosiyatsiz qartagami, kitobni o‘qiganingizda bilib olasiz.
Shuningdek, kitobdan muallifning “Yigit baxti” qissasi ham joy olgan. Asar chekka qishloqda yashovchi, otasi piyonista bo‘lgan, qishloq fermerining qiziga oshiq yosh yigit haqida. Bu qissa real voqealarga asoslangan bo‘lib, Toshkentdan Qashqadaryoga qaytayotgan yigitni yoqilg‘i quyish shoxobchasida uchratib qolgan bulung‘urlik kishi tomonidan so‘zlab berilgan. Qachonlardir bo‘yoqlari ko‘chgan uy derazasiga klyonka qoplangan, polsiz uyda yashagan, cho‘ntagida bir tiyini yo‘q yigitcha tulporlar tufayli qanday qilib Toshkentga borib qolgani va poytaxtda hech kimning tushiga kirmagan voqealarni boshidan kechirgani haqidagi hayotiy, ishqiy va sarguzasht janrlaridagi qissa. Unutmang, omadning o‘zi kifoya emas! Bunga “Yigit baxti” qissasini o‘qiganingizda amin bo‘lasiz.