Bosh sahifa/MUALLIFLARIMIZ/Xonbibi Himmat qizi

Xonbibi Himmat qizi

Xonbibi Himmat qizi

Xonbibi Himmat qizi (Maxamova Xonbuvi Himmatovna) 1968-yil Samarqand viloyati Ishtixon tumani Shayxlar qo‘rg‘onida tavallud topgan. 1975–1985-yillarda tumandagi 4-o‘rta maktabda o‘qigan. Maktabni tamomlab, 1986-yildan Shayxlar paxta tayyorlash punktida mehnat faoliyatini boshlagan. Bolaligidan kitobga mehr qo‘ygan, qalam tebratgan, jurnalist bo‘lishni orzu qilgan Xonbibi Himmat qizi o‘z maqsadlari yo‘lida hormay-tolmay intiladi va nihoyat 1993-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi milliy universitetning Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kiradi.

13 yoshida feleton yozib, Shayxlar qishlog‘iga tanilgan Xonbibi Himmat qizi talabalik baxtiga erishgach, universitetda olgan bilim va o‘gitlar ta'sirida ko‘plab maqolalar, hikoyalar yoza boshlaydi. Universitetni tamomlagach esa haqiqiy jurnalistlik faoliyatini boshlaydi. Turli gazeta va jurnallarda faoliyat yuritgan. 2005-yilda “Muvozanat”, 2006-yilda “Ayol qalbi”, 2007-yilda ”Oila tilsimi” gazetalarining bosh muharriri bo‘lgan.

2017-yilda “Ijod-Press” nashriyoti uning “Ayollar qamoqxonasidan maktublar” nomli asarini nashr etadi va kitob keng kitobxonlar ommasiga manzur bo‘ladi. Hikoyalari ”Milliy istiqlol g‘oyalari” maktab darsligiga ham kiritilgan.

Xonbibi Himmat qizi o‘z faoliyati davomida ko‘plab ijodiy tanlovlarda g‘olib bo‘lib, boshqa yo‘nalishdagi e'tiroflarga ham loyiq ko‘rilgan. 1997-yilda ”Oila shifokori” gazetasida e'lon qilingan ”Lazer XXI asr texnologiyasi” nomli maqolasi uchun ”SORBY FINE” kompaniyasining sertifikatiga ega bo‘lgan. 2008-yilda esa “Baxtimiz qomusi” va ”Mening konstitutsiyam” tanlovi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. 2011-yilda ”Atirgul” ko‘rik-tanlovi g‘olibi, 2019-yilda Germaniya Xalq universitetlari Assotsiatsiyasi (DVV) ning O‘zbekistondagi filiali tomonidan “Aholining ijtimoiy zaif qatlamiga ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatishda OAVning roli” mavzuidagi tanlovda hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi “Ma'rifat” targ‘ibotchilari jamiyati tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, 2020-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston OAVda yoritilgan eng yaxshi material uchun” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Tim Torlouning diplomiga ham sazovor bo‘lgan. 2020-yil “Muhammad Yusuf izdoshlari” nomli tanlovda “Akam” hikoyasi g‘olib deb topilgan.

Xonbibi Himmat qizi 2022-yildan Toshkentdagi 147-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabining ijodiy-madaniy ishlar targ‘ibotchisi bo‘lib ishlab kelmoqda. “Parvoz” ijodkorlar to‘garagini ochgan. Shu bilan birga XONBIBI XIMMAT KIZI nomli telegram kanalini yuritadi. Jamiyat hayotida ro‘y berayotgan  voqea-hodisalarga nisbatan o‘ziga xos tanqidlari bilan o‘quvchilar nazariga tushgan.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!