Bosh sahifa/MUALLIFLARIMIZ/Usmon Qo‘chqor

Usmon Qo‘chqor

Usmon Qo‘chqor

Iste'dodli shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor 1953-yil 15-iyulda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tavallud topgan. Bolaligidan kitobga mehr qo‘ygan bo‘lajak shoir keyinchalik o‘zi ham she'rlar bita boshladi. O‘rta maktabni tamomlagach, universitetda o‘qish va yetuk shoir bo‘lish umidida Toshkentga otlandi.

1970–1975-yillarda ToshDUning O‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi Universitetni tamomlab, 1975–1977-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida ishladi. Biroq vaziyat taqozosi bilan Shofirkon tumaniga qaytib ketdi va 1977–1979-yillarda o‘rta maktabda ona tili va adabiyotdan dars berdi. Shoir qalbi katta adabiy muhitni qo‘msardi. Shu sababli 1979-yilda yana Toshkentga qaytdi. Toshkentda o‘tgan yillarida turli nashriyotlarda va jurnallarda muharrir, bosh muharrir kabi lavozimlarda ishlab, ijodiy faoliyatini davom ettirdi. Haqiqiy ijodi 70-yillar oxiri va 80-yillar boshida boshlangan.

1982-yilda “Hayajonga ko‘milgan dunyo” nomli ilk she'riy to‘plami nashr etilgach, shoir sifatida tanildi. Keyinchalik “Akssiz sadolar” (1986), “Uyqudagi minora” (1987), “Og‘ir karvon” (1991), “Chamangul” (1996) kabi bir qancha she'riy to‘plamlari kitob holida chop etildi.

Usmon Qo‘chqor katta asarlarga ham qo‘l urgan. Jumladan, uning “Quvg‘in” dostoni va “Imom Buxoriy” she'riy dramasi o‘z davrida muvaffaqiyat qozongan edi.

Shuningdek, tarjimonlik shoirning ikkinchi ijod olami bo‘lib, Sharq va G‘arb adabiyotining yetuk namunalarini o‘zbek kitobxoniga mahorat ila yetkazdi. Husayn Jovidning “Amir Temur” va “Shayx San'on” dramalari, shuningdek, ozarbayjon yozuvchisi Yusuf Samado‘g‘lining “Qatl kuni” romani, yana bir ozarbayjon adibi Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani kabilar shular jumlasidandir. “Ijod-Press” nashriyoti Usmon Qo‘chqor tarjimasidagi Yusuf Samado‘g‘lining “XX asrning eng yaxshi 111 asari” turkumiga kirgan “Qatl kuni” romanini nashr etib, o‘zbek kitobxonlariga qayta tuhfa etdi.

Usmon Qo‘chqor she'rlari inson qalbida mangu yashaydigan yoshlikning beg‘ubor tuyg‘ularini uyg‘otish orqali o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. Tarjimalari esa xorij adiblarini jonli satrlarda o‘zbek tilida hikoya qildiradi. Bolalar uchun yozilgan va 1996-yilda nashr etilgan “Chamangul” she'riy to‘plami o‘sha yili Respublika Davlat matbuot qo‘mitasining yillik mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Usmon Qo‘chqor 2017-yil 21-sentabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!