Umid Ali

UMID ALI

Umid Ali (Ko‘chimov Umid Aliqulovich) 1978-yil Samarqand viloyati Camarqand tumani Joyisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. 1985–1995-yillarda Samarqand tumanidagi 23-o‘rta ta'lim maktabida o‘qigan.

1997–2001-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgach, 2001–2003-yillarda Samarqand tumanidagi 23-umumta'lim maktabida ona tili va adabiyot fanlaridan dars berdi. 2003-yil noyabrdan boshlab matbuotga ishga o‘tdi. “Erudit” MCHJ tasarrufidagi “Erudit”, “A'lo kayfiyat”, “Bekajon” gazetalarida musahhih, bo‘lim mudiri, muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. 2012–2013-yillarda esa “Afrosiyob” gazetasida muxbir, keyinchalik “Kelajak avlod” gazetasida bosh muharrir bo‘lib faoliyat yuritdi.

Badiiy ijodga o‘quvchilik davridan beri qiziqadi. Ilk she'ri talabalik chog‘larida “Yog‘du” gazetasida chop etilgan. Universitetda tahsil olayotgan yillari SamDU qoshidagi “Shalola” yosh ijodkorlar to‘garagining faol ishtirokchisi, keyinchalik uning mas'ul xodimi bo‘lgan. Dastlabki ijod namunalari “Samarqand”, “Zarafshon” kabi shahar va viloyat gazetalarida, keyinchalik “Turkiston”, “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” singari respublika gazetalarida, “Yosh kuch”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallarida chop etila boshlangan. Samarqand radiosining “Zarafshon mavjlari”, Respublika Yoshlar radiokanalida ko‘plab she'rlari o‘qib eshshittirilgan.

Birinchi she'riy to‘plami “Dilmohim” 2005-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida nashr etilgan. Shundan so‘ng “Salom, shirin tuyg‘ular!”, “Ko‘kka yo‘l”, “Ko‘ngilga sayr” kabi she'riy va nasriy to‘plamlari chop etilgan.

“Bekajon” gazetasida respublikamizdagi taniqli ijodkorlar va adabiyot namoyondalari bilan suhbatlar uyushtirib, keyinchalik ularni to‘plab, ellikdan ziyod suhbatdan iborat to‘plamni adabiyotshunos olim, professor Naim Karimov so‘zboshisi va mas'ul muharrirligi bilan “Ko‘ngilga sayr” nomi bilan chop ettirdi (2009-yil, “Yangi asr avlodi” nashriyoti).  Ushbu kitob yuzasidan “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati gazetasida maqola chop etildi (2009-yil, sentabr). Shuningdek, “Dilmohim”, “Salom, shirin tuyg‘ular!” kitoblari yuzasidan adabiyotshunos olim, professor Hotam Umurov, taniqli shoir Tursun Alilar tomonidan taqrizlar ham yozilgan. “Qo‘ng‘iroqgullar” nomli qissasi “A'lo kayfiyat” jurnalida O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov so‘zboshisi bilan chop etilgan.

Umid Ali badiiy tarjima bilan ham shug‘ullanadi. Ernest Xemingueyning “Yomg‘irda qolgan mushuk”, Ivan Buninning “Yoshlar va keksalar”, “Xiyobon”, “Kichik ishqiy sarguzasht” hikoyalarini, Artur Samarining “Dardi bedavolar” qissasini rus tilidan o‘zbekchaga o‘girgan.

She'r va hikoyalarim rus, ingliz, italyan, ispan, xitoy tillariga tarjima qilingan.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!