O‘zbekiston Respublikasi Ko‘zi ojizlar jamiyati (O‘zKOJ)ning 90 yillik yubileyi nafaqat Toshkent shahrida, balki O‘zKOJning butun mamlakatimizdagi bo‘limlarida ham tantanali nishonlandi. 2022-yil 25–27-sentabr kunlari poytaxtda va viloyatlarda bo‘lib o‘tgan turli ko‘ngilochar tadbirlar, taqdirlash marosimlari, uchrashuvlar barchani xushnud etdi. Yubileyda ko‘plab xorijlik mehmonlar ham ishtirok etishdi. Bunday insonparvarlik va bag‘rikenglik bayramiga “Tashrif” mehmonxonasi ham mezbonlik qildi.
Barchasi 90 yil avvalgi tarixga borib taqaladi. 1932-yilda mamlakatimizda Ko‘zi ojizlar jamiyati tashkil etildi. Ko‘zi ojizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning bilim olish, ishlash, dam olish, davolanish kabi muammolarini hal etish lozim edi. Buning uchun ta'lim va madaniyat sohasida ko‘zi ojizlarning o‘zlaridan ham mutaxassislar yetishtirib chiqarish talab etilardi. 1947-yilda Brayl yozuvida kitob chop etadigan bosmaxona qurildi. 1957-yilda ko‘zi ojiz insonlar hayotini, ijodini, yutuqlarini yoritib boruvchi “Bir safda” jurnali ta'sis etildi. 1958-yilda O‘zKOJ ko‘zi ojiz insonlarni ish va uy-joy bilan bilan ta'minlash, qolaversa, ishlab chiqarish va iqtisodiyotga hissa qo‘shish maqsadida hukumatdan 10 gektar hudud so‘radi: 5 gektar korxonalar uchun, 5 gektar ko‘zi ojizlarga turar-joy qurish uchun. 1959-yilda Toshkent shahri Chilonzor tumanida qurilish ishlari boshlandi va 1964-yilda bu yerda “Ko‘zi ojizlar mahallasi” tashkil etildi. Bugungi kunda “Tashrif” mehmonxonasi joylashgan Cho‘ponota ko‘chasi o‘sha mahalla bo‘yidan o‘tgan.
Qolaversa, O‘zKOJning 90 yillik yubileyiga “Tashrif” mehmonxonasidan tashqari “Dizayn-Print” bosmaxonasi va “Ijod-Press” nashriyoti ham o‘z hissasini qo‘shdi. “Ijod-Press” nashriyotida muqovalangan, “Dizayn-Print” bosmaxonasida bosilgan “Munir qalblar armug‘oni” to‘plamiga 96 nafar ko‘zi ojiz ijodkorlarning she'rlari va hikoyalari kiritilgan. Kitob taqdimoti yubiley kunlariga to‘g‘ri keldi.
Bugungi hayotimizda ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy muhit insonparvarlik jamiyati tamoyillari asosida bunyod etilgan. Qaytadan qurilgandek yangilangan “Tashrif” mehmonxonasi, ko'plab nogironlarni ish bilan ta'minlagan “Dizayn-Print” bosmaxonasi, endilikda hatto Brayl yozuvida kitob nashr etishni ham yo'lga qo'ygan “Ijod-Press” nashriyoti kabi tashkilotlar, ularni oyoqqa turg'azgan tadbirkorlar, umuman olganda, shu korxonalarda mehnat qilayotgan barcha insonlar aslida mantiqan yagona maqsadga – insonparvarlikka xizmat qilayotgan bo'lib chiqishi eng muhim natijadir.