Bosh sahifa/MUALLIFLARIMIZ/Sobirjon Hakimov

Sobirjon Hakimov

Sobirjon Hakimov

Sobirjon Hakimov 1963-yil 15-fevralda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1970–1980-yillarda tumandagi 25-o‘rta maktabda o‘qigan. O‘quvchilik davridan beri kitobga oshno bo‘lgan adib she'rlar mashq qila boshlagan.

1981–1983-yillarda “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidagi qurilish batalonida harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, 1983–1987-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining O‘zbek va qozoq filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Ijodga va pedagogikaga ishtiyoqmandlik natijasida 1987–1989-yillarda mazkur institutning ko‘ptirajli gazetasida ishlab, rus guruhlariga o‘zbek tili o‘qitish kafedrasida mehnat faoliyatini davom ettirgan. She'riy ijodidan namunalar 1988–1990-yillarda “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarda chop etilgan. “Yoshlik bayozi” almanaxiga she'rlari kiritilgan.

Toshkentdagi faoliyatini yakunlab, 1989–1990-yillarda Marhamat tumanidagi 17-o‘rta maktabda ona tili va adabiyot fanlaridan dars bera boshlagan. Shuningdek, 1990-1992-yillarda “Bahor” sog‘lomlashtirish oromgohida, 1992–1994-yillarda 26-o‘rta maktabda ishlagan. Ma'lumki, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ham Qovunchi qishlog‘ida tavallud topgan. Bolalikdan Muhammad Yusuf bilan tanish bo‘lgan Sobirjon Hakimov shoirning ijodini kuzatib borish bilan birga ko‘plab maslahatlar olgan.

1995-yildan hozirgacha Marhamat tumanidagi 3-son ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan maktab-internatida yosh avlodga ona tili va adabiyoti fanlaridan saboq berib kelayotgan Sobirjon Hakimov o‘qituvchilik faoliyati bilan birga badiiy ijodni ham to‘xtatmadi. 2000-yillarda qissa va roman janrlariga qo‘l urdi. Asarlari O‘zbekistonda xususiy adabiy gazetalar rivojlangan 2002-2015-yillarda “Bekajon”, “Erudit” kabi haftalik gazetalarda chop etib borilgan.

2014-yilda “Ijod-Press” nashriyoti Sobirjon Hakimovning ijodiga e'tibor qaratdi va  o‘sha yili “45-maydon” kitobi bosmadan chiqdi. 2015-yilda “Xatar changalida”, 2017-yilda “Jarima bataloni” nomli kitoblari nashr etildi.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!