Bosh sahifa/KITOBLAR/“Sehrli kitob”

“Sehrli kitob”

“SEHRLI KITOB”

Kitob nomi: “Sehrli kitob”

Janr: Ertaklar

Muallif: Azamat Qorjovov

Bosmaxona: “Dizayn-Print”

Bolalar uchun ko‘plab ertaklar yozgan yozuvchi Azamat Qorjovovning ushbu “Sehrli kitob” nomli ertaklar to‘plamiga zamonaviy ertaklar kiritilgan. Ertaklar dastlab “Sug‘diyona”, “Dildosh”, “Mozaika” kabi gazetalarda chop etilganida, ota-onalar tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, bular kabi yangi ertaklardan doimiy ravishda berib borilishni so‘rashgan. Chunki bugungi kunda nashriyotlar asosan sobiq Ittifoq xalqlari, Jahon xalqlari, turli adiblarning eski ertaklarini nashr etishadi. Ularni esa ko‘pchilik mutolaa qilgan. “Sehrli kitob” ertaklar to‘plamidan bugungi kun voqealari bilan birga, o‘tmish aks etgan yangicha ertaklar ham joy olgan. Shu sababli kitob “Yangi zamon ertaklari” turkumidan deb ataladi va qiziqarli voqealar zamiriga bugungi bolalar uchun yangicha bilimlar ham singdirib yuborilgan.

Kitob “Ahmoq hassa” nomli ertak bilan boshlangan. Unda cholning suyanchig‘i bo‘lgan hassaning kibrga berilishi va o‘zini katta ishlarga munosib deb hisoblashi hikoya qilinadi. Oxir-oqibat o‘zboshimcha hassani traktor bosib ketadi. Uning sinig‘ini boshqa bir chol topib olib, eshagini haydaydigan tayoq qilib oladi. “Baliq ham vovillaydi” ertagi Qora dengizda sodir bo‘lgan voqeani aks ettiradi. Stavrida balig‘i va uning onasi dengizda suzib yurganida, to‘rga tushib qoladi. Baliqchilar ularni ilmiy izlanish olib borayotgan olimlarga berishadi. Tutqunlikda halok bo‘lishidan hasratlangan ona vafot etadi. Baliqcha dod-faryod uradi. Olimlar gidrofon orqali baliqlarning ovozini o‘rganishayotgan edi. Ularga stavrida baliqchasining faryodi it vovillashiga o‘xshab eshitiladi. Kefal balig‘i ot tuyoqlari ovoziga o‘xshash ovoz chiqarishini, yelimbaliq xur-xurlashini, ilonbaliq chiyillashini aniqlagan olimlar stavrida balig‘ining vovillashidan hayratlanishadi. Baliqcha hurlikka chiqishni istayotganini anglab, dengizga qo‘yib yuborishadi. “Uch amakivachcha” ertagi uch bolakayning qanday qilib savollarga javob berishi haqida. Ikki bolakay o‘z tarixini pisand qilmay, boshqa xalqlar tarixi kuchli degan tushunchaga ega edilar. Ammo uchinchi bola Amerikani birinchi bo‘lib Beruniy kashf etganini, “algebra” so‘zi al-Xorazmiy asari nomidan olinganini, televizorga asos bo‘lgan ilk ixtiro esa Toshkentda amalga oshirilganini aytadi.

Shular kabi “Qora uy”, “Oshiq tomchi”, “O‘n ikkita gugurt cho‘pi”, “Yomonlar uyushmasi” kabi 23 ta ertakni o‘qib chiqishingiz mumkin. Barcha ertaklar qiziqarli voqealar zamiriga tizilgan.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!