“SARIQ IBLIS”
Kitob nomi: “Sariq iblis”
Janr: Qissalar
Muallif: Jahongir Ayyub
Nashriyot: “Ijod-Press”
Oltin vasvasasi necha ming yillarki odamzotni o‘z domiga tortib keladi. Oltinu kumushlar sabab insoniyat tarixida qancha urushlar, talonchiliklar, qotilliklar, o‘g‘riliklar yuz bergan. Afsuski, bugungi zamonda ham tilla-yu javohirlar vasvasasi saqlanib qolmoqda. Jahongir Ayyubning “Sariq iblis” qissasi xuddi shu mavzudagi bugungi zamon voqealaridan so‘zlaydi.
Bir shaharda Iskandar ismli zargar bor edi. “Zargar halol bo‘lsa hech qachon kosasi oqarmaydi” degan fitna gapni shior qilib olgandi. Zargarlik ustaxonasiga kelganlarning tilla taqinchoqlarini yolg‘onlari bilan arzon-garovga olish, ta'mirlash bahonasida ko‘proq egovlab, qipiqlaridan haftasiga bitta taqinchoq yasab sotish, oltinga mis aralashtirish va hokazo qallobliklari bisyor edi. Bu odam zargar-usta, olibsotar va badnafs qallob edi.
Kunlarning birida ustaxonasiga Burhon va Ravil degan ikki o‘g‘ri tilla taqinchoqlar olib kelishadi. Ular qo‘shni tumanda yashovchi, ilgari sudlangan, hozirda ham eski odatlarini qo‘ymayotgan jinoyatchilar edilar. Tabiiyki, o‘g‘irlik mollarni arzonga sotishadi va o‘sha kundan boshlab Iskandarning doimiy mijozlariga, aniqrog‘i, hamtovoqlariga aylanishadi. Zargar ularning kimligini bilardi. Sariq iblis vasvasasida yashaydigan zargar uchun esa arzon taqinchoq olib keluvchilarning kimligining farqi yo‘q edi.
Kitobdagi asosiy voqealar shundan so‘ng boshlanadi. Biroq Iskandar va ikki o‘g‘ri kechmishlari tez orada boshqa tomonga o‘zgaradi. Bunga sabab shahardagi tillafurush tujjorlar ichidagi eng mashhuri, eng olg‘iri bo‘lmish Xolidaxon degan ayol edi. Bu xotin nafaqat O‘zbekiston hududidan, qo‘shni davlatlaru Rossiya, Turkiya-yu Birlashgan Arab Amirliklaridan tilla taqinchoqlar olib kelib sotuvchi ustasi farang savdogar, Iskandardan aslo qolishmaydigan qallob va firibgar edi. Xuddi shu ayol va Iskandar o‘rtasida katta mojaro kelib chiqadi. Xolidaxondan tilla taqinchoq olgan xotin-qizlar sifatini tekshirtirish uchun Iskandarga sirg‘a, uzuk, zanjir, zebigardonlarini olib kelishadi. Iskandar esa o‘zini halol va professional usta qilib ko‘rsatib, Xolidaxonning mollarining aybini aytadi. Dog‘uli xotin o‘z aybini fosh etayotgan zargarni yo‘q qilishga qaror qiladi, ammo Iskandarning o‘ziga yarasha do‘stlari – Burhon bilan Ravil bor edi...
Shuningdek, kitobga muallifning “Mardikor qiz”, “Boshpana”, “Polvon” va “Kissavur” qissalari ham kiritilgan. Jinoyat ko‘chasiga kirgan gumrohlarning qismatlari, tirikchilik umidida mardikorlikka chiqqan qiz sarguzashtlari, ijarama-ijara sarson-sargardor yurgan yigit taqdiri – barchasi ushbu kitobdagi qiziqarli, hayotiy qissalarda!