Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/“YO‘QOLGAN QIZDAN MAKTUBLAR”

“YO‘QOLGAN QIZDAN MAKTUBLAR”

104

Йўқолган қиздан мактублар

“YO‘QOLGAN QIZDAN MAKTUBLAR”

Kitob nomi: “Yo‘qolgan qizdan maktublar”

Janr: Qissalar

Muallif: Azamat Qorjovov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Bu kitob qishloq to‘ylarini o‘tkazib yuruvchi san'atkorlar guruhidagi Elmir ismli doirachi yigitning kunlarning birida dashtdagi to‘yda kosa-tovoq yuvuvchi mardikor qizni uchratib qolganidan boshlanadi. Elmir sohibjamol mungli qizni bir qarashda sevib qoladi. Biroq oldinda dahshatli va g‘aroyib kunlar kutayotganini yigit bilmasdi. Qizning ismi Sayyora edi. O‘sha kuni qizni shaharchadagi uyiga kuzatib qo‘yishga ahd qilgan yigit yaqindan tanishib olish niyatida edi. Qiz esa qandaydir sirli o‘tmishi sababli yigitdan o‘zini olib qochadi. O‘shanda Elmir hayhotdek uyida yolg‘iz yashaydigan yetim va bo‘ydoq yigit edi. Sayyora bilan umr yo‘llarini bog‘lab, baxtli oila qurishni o‘ylayotgandi.

Elmir Sayyora haqida surishtiradi. Qizning hayoti ham achchiq kechmishlarga to‘la edi. Qarindoshinikida yashab, mardikorlik qilar, onasi boshqa joyda o‘z bilganicha yashardi. Shunday bo‘lsa-da, qiz hayotning guli, bir oilani obod qiladigan tarbiyali, bir yigitga vafoli yor bo‘ladigan sohibjamol malak edi. Elmir usiz yasholmasligini anglab, aqldan ozishiga sal qoladi. Ammo bularning bari dahshatli tarixning boshlanishi edi. Ko‘p o‘tmay qiz to‘satdan vafot etadi. Nogohoniy o‘limdan karaxt bo‘lgan doirachining ko‘ngliga qil sig‘may, dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib yurgan musibatli yomg‘irli kunda qizning qabriga boradi. Yigitga bir maktub keladi. Maktub muallifi marhuma qiz edi. Dastlab Elmir sirli qizning arvohi narigi dunyodan maktub yuborganiga ishonmaydi. O‘limidan oldin xat yozib qoldirgan bo‘lsa, kechikib yuborilgan deb o‘ylaydi. Oradan ko‘p o‘tmay ikkinchi maktub kelganida, yigit bu yerda dahshatli sir borligini tushunib yetadi. Har gal xat yomg‘irli kunda kelardi. Elmir maktublar sirini aniqlash uchun barcha ishlarini yig‘ishtirib, Sayyoraning o‘tmishini o‘rganishga kirishadi. Uni qo‘rqinchli sarguzasht kutib turardi...

O‘qing! Azamat Qorjovovning 2008-yilda bir odamdan eshitgan voqealari asosida bitgan qissasi! Asar asosida 2009-yilda “Maktub” filmi tasvirga olingan. Dastlab gazetada “Qabrga qaytgan maktublar” nomi bilan chop etilib, gazetxonlar orasida katta shuhrat qozongan bo‘lsa, 2012-yilda “Dizayn-Press” nashriyotida kitob holida nashr etilib, minglab kitobxonlarni qiziqtirib qo‘ygan. 2015-yildan keyin esa “Ijod-Press” nashriyoti bir necha bor qayta nashr etdi. Yaqinda yana nashr etildi. O‘zbekistonda internet rivojlangach, bu asardan parcha tarqalib ketgani sababli elektron kitob do‘konida eng ko‘p so‘ralgan kitoblar sirasiga kirdi.

Asar triller va qo‘rqinch (“ujas”) janrida emas, ammo kitobxonlar kitobga “eng qo‘rqinchli asar” deb ta'rif berishgan. Muallif “bu asarim sevgi va sirli sarguzasht haqida edi, kitobxonlar nega uni mistika va qo‘rqinchli asar sifatida qabul qilishganiga hayronman” degan.

Shuningdek, kitobdan muallifning “Yetti kunlik kelinchak” qissasi ham joy olgan. Unda chillasi chiqmagan kelinni qanday qilib yoshi katta boshqa erkakka nikohlab qo‘yishgani haqidagi Samarqandda yuz bergan voqea hikoya qilingan.

Boshqa kitoblar bilan tanishish

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!