SHERLOK XOLMS: Ginnes rekordlar kitobiga kirgan izquvar
Mashhur izquvar Sherlok Xolmsni ingliz yozuvchisi Artur Konan Doyl (1859-1930) o‘ylab topgan. Uning Sherlok Xolms haqidagi hikoyalari chop etilgach, avval Angliya ahli, keyin butun dunyo qiziqib qoldi. Ingliz millatiga mansub bo‘lmish Sherlok Xolms London shahridagi Beyker-strit ko‘chasi 221-uyda yashaydi deb ta'riflanadi. Qotmadan kelgan, doim trubka chekadigan, o‘tkir ko‘zli, nihoyatda kuchli fahm-farosat va aqlga ega bu qahramonga doktor Vatson hamrohlik qiladi. Sherlok Xolms har qanday murakkab jinoyatlarni ham eng mayda detallardan tortib, boshqa yirik tafsilotlargacha qunt bilan o‘rganib, albatta fosh etadi. Sherlok Xolmas jahon detektiv adabiyotining klassik personaji sifatida tarixda qoldi. U haqda o‘z davrida ham, hozir ham turli kinokompaniyalar va studiyalar filmlar suratga olmoqda. Sherlok Xolms obrazi eng ko‘p ekranlashtirilgan adabiy qahramon sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan.
Sherlok Xolms haqidagi asarlarda u 1854-yilda tavallud topgani aytilgan. Kasbi – xususiy izquvar. Uylanmagan, farzandlari yo‘q. Akasi – Maykroft Xolms.
Sherlok Xolms obrazini yaratishda Artur Konan Doylga Edinburg Qirollik shifoxonasida birga ishlaydigan Jozef Bell ismli kishi turtki bergan. Bu odam zukko inson edi. Har qanday odamning tashqi belgilari asosida kim ekanini aytib bera olardi. Detektiv janriga qo‘l urar ekan, Konan Doyl o‘sha Jozef Bellni prototip qilib oladi va uning ko‘plab xususiyatlarini Sherlok Xolmsda mujassamlashtiradi.
Sherlok Xolms haqida Konan Doyl jami 56 ta hikoya, 4 ta qissa yozgan. Birinchi hikoya «Qizg‘ish tusdagi surat» 1887-yilda chop etilgan bo‘lsa, oxirgisi 1927-yilda “Sherlok Xolms arxivi” nomi bilan e'lon qilingan.