“SADOQAT MALIKASI ZULFIYAXONIM”
Kitob nomi: “Sadoqat malikasi Zulfiyaxonim”
Janr: Esse va she'rlar
Muallif: Nurali Qobul
Nashriyot: “Ijod-Press”
Mazkur kitob yozuvchi Nurali Qobulning shoira Zulfiyaxonimga bo‘lgan cheksiz hurmati sababli dunyoga kelgan. Unda yozuvchining shoira bilan birgalikda faoliyat yuritgan yillari yodga olinadi.
Nurali Qobul o‘z essesini uzoqdan – Baxmal tog‘lari etagidagi O‘smat shahriga tutash O‘rtabaland qishlog‘idagi bolalik damlaridan boshlaydi. Ma'lumki, bugungi kunda O‘smat Jizzax viloyati Baxmal tumani ma'muriy markazi hisoblanadi. Cho‘l va qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish yillarida yozuvchining qishlog‘ini Jizzax shahriga tutash tumanga ko‘chirib keltirishadi. Shunday qilib, Nurali Qobul bolalik damlarida Hamid Olimjon tug‘ilib o‘sgan joyda yashab, shoirning maktabida tahsil oladi, shoir bolaligida o‘ynab yurgan adirlarni kezadi.
Oradan yillar o‘tib, Nurali Qobul zabardast yozuvchi bo‘lib yetishganida, ish faoliyati buyuk shoira Zulfiyaxonim bilan bog‘lanadi. O‘sha kezlari Zulfiyaxonim jurnalning, Nurali Qobul nashriyotning rahbari bo‘lib, binodagi barcha bosh muharrirlar va direktorlar oshxonaning alohida bo‘lmasida tushlik qilishardi.
Kitobni o‘qir ekansiz, Nurali Qobul Zulfiyaxonim ibratli hayotining, dardlaru armonlarining ko‘plab jihatlarini ochib berganiga shohid bo‘lasiz. Zulfiyaxonimning ham, Nurali Qobulning ham uylari Do‘rmonda edi. Kunlarning birida ular bitta xizmat mashinasida Do‘rmonga qaytayotganlarida, Hamid Olimjon avtohalokat tufayli hayotdan ko‘z yumgan joyda to‘xtaydilar. Bu hozirgi “TTZ”dagi “Beshkapa” masjidi chorrahasi yaqinida sodir bo‘lgan edi, ya'ni bolalar suyak-sil kasalliklari sanatoriysi darvozasidan chorrahaga tushish hozir ham qiyalik. 1944-yil 3-iyul kuni Do‘rmondan Hamid Olimjon, Chustiy va Uyg‘unni olib qaytayotgan yuk mashinasi shu joyda ag‘darilgan...
O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiyaxonim haqidagi bu kitob Hamid Olimjon yodi bilan yashash, uning bolaligi o‘tgan joylarga sayohat, o‘tmish qatag‘onlari, Sharof Rashidovning Hamid Olimjon va Zulfiya hayotidagi roli, zamonaviy she'riyatning yuksalishi, yana ko‘plab biografik va adabiy ma'lumotlarga boy.
Shuningdek, kitobdan ulug‘ shaxsiyatlarning Zulfiya haqidagi fikrlari ham o‘rin olgan. Kitob so‘ngida esa Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning eng sara she'rlaridan namunalar keltirilgan.
Hamid Olimjon yozadi:
“Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni...”
Zulfiyaxonim yozadi:
“Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga,
Ey qalbimning dilbari shoir!
Qancha bo‘ldi birga o‘ltirib,
So‘zlashmadik dillarga doir...”
Nurali Qobulning navbatdagi ushbu kitobini albatta o‘qing! Unda Zulfiyaxonim bilan birga Hamid Olimjon, shu bilan birga, kitob muallifi Nurali Qobul – demakki, o‘zbek adabiyotining uch shaxsiyati haqida ko‘plab tushunchalarga ega bo‘lasiz.