“QIL USTIDAGI TAQDIR” TELESERIALI:
II mavsum “Tashrif otel”da suratga olinmoqda
Ma'lumki, o‘tgan yili “Zo‘rTV” telekanalida “Qil ustidagi taqdir” teleserialining I mavsumi namoyish etilgan edi. Avgust oyida boshlangan teleserial namoyishi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sarguzasht, kriminal, detektiv janrlaridagi mazkur teleserialni suratga olgan “Navo media solutions” studiyasining yutubdagi “navo.tv” kanaliga ham joylashtirildi. Bugungi kunda 1 milliondan ortiq kishi tomosha qilganini ko‘rish mumkin. Yutubdagi ushbu kanalda qoldirilgan izohlarda tomoshabinlar “Bo‘larkan-ku shunday serial olsa”, “Bu serial “Shaytanat”dan keyin o‘zbek kinosidagi eng kuchli serial”, “shu vaqtgacha o‘zbek seriallarini ko‘rmasdim, mana shu serialni sevib tomosha qilyapman”, “bizda ham xorij seriallaridan qolishmaydigan senariylar yozadiganlar bor ekan-ku”, “davomi qachon bo‘larkan deb soat sanab kutyapman” kabi iliq gaplarni o‘qish mumkin.
O‘z eri tomonidan qimorga tikilgan, so‘ng Shomil ismli professional qotil tomonidan ozod etilgan Lobar ismli o‘zbek ayoli dalahovlida xizmatkor bo‘lib yurganida, sobiq Ittifoq davridagi yengilmas qartaboz Anna Sergeyevnadan qarta sirlarini o‘rganib, dunyoda tengi yo‘q qartaboz ayolga aylanib, Rossiya, Turkiya, keyinroq Italiya mafiyasi nazariga tushgani haqida hikoya qiluvchi o‘tkir syujetli bu teleserial Azamat Qorjovovning olti kitobdan iborat “Qil ustidagi taqdir” nomli asari asosida suratga olingan. Teleserialni tomosha qilganlar voqealar Lobar o‘g‘lini topgan nuqtada tugashidan xabarlari bor. Ko‘p sonli tomoshabinlarning talab va istaklari inobatga olinib, “Navo media solutions” studiyasi teleserialning II mavsumini suratga olishni boshladi. Voqealar “Qil ustidagi taqdir” asarini kitob holida chop etgan “Ijod-Press” nashriyotining “Tashrif otel” mehmonxonasida ham bo‘lib o‘tmoqda. Qamoqxonadan ozod etilgan Lobar, qimor dunyosini zir titratgan amerikalik Jodugar Ketrina va fokuschi qartaboz Devid Gurgen voqealari “Tashrif otel”da yuz beradi. II mavsum “Zo‘rTV” telekanalida va yutubdagi “navo.tv” kanalida joriy yilning yoz faslida namoyish etilishi kutilmoqda.
Kitobxonlar esa “Qil ustidagi taqdir”ning VII kitobini yaqin oylarda mutolaa qilishlari mumkin. Avvalgi oltita kitob esa 2011–2015-yillarda nashr etilgan. So‘nggi kitob chop etilganidan keyin sakkiz yil o‘tib “Ijod-Press” nashriyoti Lobarning yangi sarguzashtlarini nashr etib, yettita kitobni bitta maxsus paketda sotuvga chiqarishni rejalashtirgan.