Lobar maktabni bitirib, o‘qishga o‘tmoqchi, kasb egallab, so‘ngra turmushga chiqib, baxtli ayol bo‘lmoqchi edi. Biroq maktabni tamomlagan kuni tog‘asining o‘g‘lidan sovchi kelgach, ota-onasi yo‘q deyolmaydi. Bir yoqda ko‘ngilsiz turmush, erining har kuni ichib kelishlari, ikkinchi tomonda qaynonaning halitdan bepushtlikda ayblashlari...
Shunday kunlarning birida dugonasi Rossiyaga ishga ketayotganini, Lobar bilan eriga ham ish va kvartira topib berishlarini aytgach, Lobarning qiziqishi ortadi. Chunki o‘sha kuni Lobar erini shifokor ko‘rigiga olib borgan bo‘lib, er-xotinning davolanishlari uchun pul kerak edi. Shunday qilib, yosh oila Moskvaga jo‘naydi. Hamma balo o‘shanda boshlanadi. Qimor o‘ynab, aroq ichib o‘rgangan er Rossiyada beshbattarini qiladi. Tungi bar yerto‘lasida rus va chechen qimorbozlari qarta o‘ynashlarini eshitadi. “Men ham o‘ynayman, hamisha yutganman”, deydi Lobarning eri. Biroq omad undan yuz o‘giradi. Eri Lobarni qimorga tikadi-yu yutqazib qo‘yadi. Qimorbozlar dalahovlisiga olib ketilgan Lobar xor bo‘lishi mumkin edi. Ammo qimorbozlarga qarshi kurash boshlagan chechen killeri Lobarning joniga aro kiradi. Keyinchalik Lobar Shomilning Moskva viloyatidagi dalahovlisida xizmatkor bo‘lib ishlaydi va Anna Sergeyevna degan xo‘jalik bekasidan qarta sirlarini o‘rganadi...
Azamat Qorjovovning “Qil ustidagi taqdir” sarguzashtnomasining 2011-2015- yillarda 6 ta kitobi nashr etilgan. Asar Lobar ismli samarqandlik ayolning superprofessional qartabozga aylanib, “Qora qarta jodugari” laqabi bilan Rossiya, Turkiya va Italiya mafiyasi nazariga tushgani, oddiy gastarbayter ayol qanday qilib dunyoning birinchi raqamli qartabozi sifatida barcha dushmanlarini yenggani, ammo xalqaro jinoyatchilar tarmog‘iga o‘z o‘g‘lini qutqarish uchun qo‘shilishga majbur bo‘lgani haqida hikoya qiladi. Lobarga bu ishda jahon statusiga ega superprofessional killer – chechenistonlik Shomil yordam beradi. Lobar Rossiyaga ilk marta kelganida qimorbozlar qo‘lidan qutqargan ham o‘sha Shomil edi.
Ushbu kitob “Qil ustidagi taqdir” qissasining birinchi jildidir.