Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/QALAM HAQI KIMDA QANCHA: yozuvchilarning xizmat haqlari

QALAM HAQI KIMDA QANCHA: yozuvchilarning xizmat haqlari

94

ҚАЛАМ ҲАҚИ КИМДА ҚАНЧА ёзувчиларнинг хизмат ҳақлари

QALAM HAQI KIMDA QANCHA: yozuvchilarning xizmat haqlari

Qalam haqi, ya'ni gonorar yozuvchiga gazeta-jurnalda, elektron holatda yoki nashriyotda kitob bo‘lib chop etilgan asari uchun to‘lanadigan mablag‘dir. Ba'zan “men pul uchun yozmayman” degan gaplarni eshitamiz. Pul uchun yozmaslikni ikki xil tushunish mumkin: birinchisi, yozuvchi pul ishlash uchun adabiyotni tirikchilikka aylantirmagan, ikkinchisi, u davlat hisobidan tirikchilik qiladi yoki pul oqib keluvchi boshqa xususiy tomoni borki, gonorar haqida o‘ylamaydi.

Bu dunyoda yashash uchun yeyishga, ichishga, kiyinishga, bola-chaqa boqishga, kommunal to‘lashga, dori-darmon sotib olishga to‘g‘ri keladi. Hatto, avtobusda ham bepul yurib bo‘lmaydi. Shunday ekan, yozuvchiga ham pul kerak. Unga davlat maosh beradimi, biror tashkilotdan maosh oladimi, yozuvchi inson sifatida baribir pul ishlashga majbur. Shu o‘rinda uning ijodiy mahsulotiga qalam haqi to‘lanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixdan ma'lumki, shoirlarga saroy hukumati yoki badavlat shaxslar tomonidan yaxshigina qalam haqlari to‘langan. Sobiq Ittifoq davrida esa shunday muhit shakllantirilgan ediki, yozuvchi Uyushmaga a'zo bo‘ldimi, unga davlat tomonidan uy, hatto dalahovli ham tuhfa etilishi mumkin edi. Bitta kitobi uchun to‘langan gonorarga mashina sotib olsa bo‘lardi. Ijtimoiy-iqtisodiy daraja shuni taqozo etardi.

Keyinchalik inflyatsiya va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat o‘zgardi. Yozuvchining o‘rtacha gonorari bitta kitobga, agar AQSH dollari o‘lchovida o‘lchasak, 200-500 dollarni tashkil eta boshladi. Avtomobil narxi 5-10 ming, uy narxi 20-30 ming AQSH dollari hisobida baholansa, yozuvchilar naqadar tang ahvolda qolganini tushunish mumkin. Senariychilar va yozuvchilar taqqoslansa, o‘rtada katta moliyaviy farq borligini ko‘rish mumkin. Senariychiga bitta badiiy film uchun 50-60 million so‘m qalam haqi to‘lanadi. Teatrda ham vaziyat yomon emas: bitta pyesa uchun boshlang‘ich summa 20 million so‘m atrofida bo‘lsa, keyinchalik har sahnaga qo‘yilgan spektakl uchun ham ulush to‘lanadi.

Biroq yillar o‘tgan sayin O‘zbekistonda ham nashriyotlar bo‘yicha vaziyat yaxshilanib bormoqda. Bu mualliflik huquqi himoyalanishi kuchayishi va nashriyot tizimlaridagi takomillashishlarga bog‘liq. Masalan, “Qo‘rqma” romani muallifi Javlon Jovliyev “oyina.uz” portaliga 2021-yilda bergan intervyusida shunday deydi: “Qo‘rqma” romanim uchun men bilan ham bitim tuzilgan, sotuvning 10 foizi har oy naqd beriladi. Hozirgacha kitob ikki marta nashr qilindi, jami 23 ming tiraj chiqqan bo‘lsa, shundan qirq millionga yaqin gonorar oldim va bu to‘lov davom etmoqda.”

Kitob uchun qalam haqi to‘lashning kamayib ketishining bir qancha sabablari bor. Asosiylari ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi bo‘lsa, yana bir omil nashriyot o‘zi nashr etgan kitoblarni sotolmaydi va mablag‘ tushmaydi. Bu esa kitobxonlarning ko‘pligi yozuvchining ko‘proq qalam haqi olishiga bog‘liqligini isbotlaydi.

Xo‘sh, chet ellarda, xususan, Amerika va Yevropada vaziyat qanday? Ingliz tilida nashr etilgan kitoblarni faqat Angliya o‘qimasligi ma'lum. AQSH, Angliya kabi ko‘plab davlatlar ingliz tilli. Kitob sotib oluvchilar ham, kitobxonlar ham ko‘p. Qolaversa, mualliflik huquqi va tirajlar bo‘yicha ham bu mamlakatlarda yozuvchi kuchli himoyalangan. Natijada “Garri Poter” muallifi Joan Rouling nashriyotlar va kinokompaniyalardan tushgan qalam haqi va ulushlar tufayli o‘n yilga bormay dunyodagi birinchi yozuvchi-milliarderga aylandi.

Milliarder bo‘lmasa-da millionerga aylanganlar ham ko‘p. Stiven King, Jeyms Patterson, Daniella Stil,  Den Braun kabilarni sanab o‘tish mumkin. Ular kitoblari orqali 100 million dollardan 500-600 million dollargacha qalam haqi ishlab olishgan. Masalan, bestseller kitoblari bilan mashhur bo‘lgan amerikalik yozuvchi Jeyms Patterson 2012-yilda eng ko‘p qalam haqi oladigan yozuvchilar ro‘yxatiga kirgan edi. U 2011-yil aprelidan 2012-yil mayigacha nashriyotlardan jami to‘qson to‘rt million dollar qalam haqi olgan. Shuningdek, u 2009-yilda 17 ta kitobi uchun “Hachette Book Group” nashriyot uyi bilan bir yuz ellik million dollarlik shartnoma imzolagan edi. Yozuvchi Stiven King esa Jeyms Pattersondan so‘ng ikkinchi o‘ringa tushib qolgandi. Ya'ni Kingning 2012-yildagi daromadi o‘ttiz to‘qqiz million dollarni tashkil etgandi. Albatta, bu yozuvchilarning kitoblari bir necha million nusxalarda sotilgan. Bizda esa bir yozuvchining bitta kitobini o‘rtacha 5 ming nusxada sota olish nashriyotlarning orzusi hisoblanadi.

Shu bilan birga, chet elda ham g‘alati qalam haqlari uchraydi. Misol uchun, tarixga “Menken shartnomasi” nomi bilan kirgan qalam haqi ham bor. Kanada kinokompaniyalaridan biri amerikalik yozuvchi Luis Menken (1880-1956)dan bir asarini ekranlashtirishga ruxsat so‘ragan. Yozuvchi rozi bo‘lgan. “Qalam haqingiz qancha bo‘ladi?” deb so‘rashadi. Menken bir umrga yetadigan spirtli ichimlik so‘raydi. Shundan keyin Menken vafot etgunga qadar kanadaliklar unga har oy el (pivoga o‘xshash ichimlik) joylashtirilgan quti jo‘natib turishgan.

Azamat Qorjovov

Barcha qiziqarli maqolalar

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!