“OMADSIZ OSHIQ”
Kitob nomi: “Omadsiz oshiq”
Janr: Roman
Muallif: Ibrohim Azim
Nashriyot: “Ijod-Press”
Chirchiq shahri atrofidagi qishloqlarning birida Bahrom degan bola yashagan edi. U tarbiyali, mard, kamgap yigit bo‘lib voyaga yetadi. Maktabni bitirish arafasida sinfdosh yigitlar har kech qaysidir o‘rtog‘ining uyida to‘planib, dars tayyorlashardi. Bunday kechalarda gohida yigitlar maktabdagi qizlar haqida so‘zlashardilar. O‘rtoqlari Bahromga Latifa degan qizni maqtashadi va unga ishqiy noma yozishga undashadi. Qiz kitobni yaxshi ko‘rishini, shuning uchun xatni kitob orasiga solib olib borish kerakligini aytishadi. Yigit xuddi shunday tayyorgarlik ila qizni kutib turarkan, yuragi dukillab urib, hayajonlana boshlaydi. U bilmas ediki, butun bir hayoti oldinda. Ne-ne ko‘rgiliklar, xuddi detektiv yoki sarguzasht kitoblarda yozilgan kabi voqealar, ayriliq, askarlik, ayirmachilik, judolik, talabalik va nihoyat, hayot to‘siqlari ustidan g‘alaba qozonish sharofati... yana qancha kechmishlar kutib turibdi. Bechora inson, besh kunlik dunyo, jonsiz o‘tmishning jonli namoyandalari...
Ibrohim Azimning ushbu “Omadsiz oshiq” asari real voqealarga asoslangan bo‘lib, o‘tgan asrning 60-70-yillarida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Bo‘stonliq, Qibray atroflarida tug‘ilib o‘sgan, hozirda keksalik gashtini surayotgan yoki bu foniy dunyoni tark etgan ayrim insonlarning yigitlik va hech qachon qaytmas yoshlik damlaridan hikoya qiladi. O‘sha damlarda bugundagidek internet, mobil telefon yo‘q, yoshlarning hayoti butunlay boshqacha edi. Agar kitobxon hech bo‘lmasa, 90-yillar hayotini eslasa, kitobni o‘qir ekan, o‘sha davrlar ko‘z o‘ngida jonlanadi, asar qahramonlarini ko‘rgandek, ovozlarini eshitgandek bo‘ladi.
Kitobni bir bor bo‘lsa-da o‘qib ko‘ring! Asar qahramoni Bahrom hozir yetmish yoshlarga yaqinlashgandir. Ammo uning yoshligi va kechinmalari albatta sizga tanish tuyuladi. Chunki qachonlardir siz yoki ota-onangiz Bahrom kechirgan voqealarning va tuyg‘ularning bir chimdimini bo‘lsa-da, tatib ko‘rgansiz. Qonma-qon, jonma-jon, ruhma-ruh bir sharpa kabi kezib yuradi bu kitobning dardlari...