Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/“OLAPAXMOQ”

“Olapaxmoq”

56

Олапахмоқ

“OLAPAXMOQ”

Kitob nomi: “Olapaxmoq”

Janr: Sarguzasht qissa

Muallif: Nabijon Hoshimov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Bir qishloqdagi ko‘hna va tor hovlida Nuri ayaning ikki o‘g‘li – Nurbek va Oybek bola-chaqasi bilan yashardi. O‘sha damlarda Nurbekning o‘g‘li Qobilning bo‘yi cho‘zilib, ovozi do‘rillab, maktabni tamomlaydigan kap-katta yigit bo‘lib qolgandi. Taomilga ko‘ra hovlida kenja farzand Oybek o‘z oilasi bilan qoladi, Nurbek esa ko‘chib ketadi.

Nurbek qishloqdan ancha chetdagi tuproqli dalada bir amallab loysuvoq imorat quradi. Drenaj suvlar ko‘lmak hosil qilgan chuqurliklardan chelaklab suv tashib, loy qiladilar va uy ichini suvaydilar. Elektr yo‘q, gaz yo‘q, yo‘l ham tushmagan hududda oila og‘ir hayot kechira boshlaydi. Hatto, derazalarga oyna topolmay, klyonka qoqib qo‘ygan edilar. Bu imorat yangi uyga emas, eski kulbaga o‘xshardi. Hovlilar oralatib kichik ustunlarda elektr simi tortib kelishadi. Biroq Qobil yangi uylaridan maktabga borishga qiynalardi: issiq kunlarda tizza bo‘yi tuproq, yog‘ingarchilikda botqoq kabi loy kechib yurish aytishgagina oson edi.

Og‘ir hayot joniga tekkan Qobilning otasi olis xorij o‘lkalarida ishlab pul topib kelishga qaror qiladi. Ota ketadi, ammo ko‘p o‘tmay sovuq o‘lkadan sovuq xabar eshitadilar. Oila boshlig‘i falokatga yo‘liqib, ko‘zlari ko‘rmay qolibdi, hozir to‘shakda yotgan emish. Agar olib kelishmasa, o‘ligi o‘sha yerlarda qolib ketishi mumkin ekan. Qobilning onasi shiferga deb yiqqan pulini tugunga solib, qaynisi Oybekning uyiga ko‘zda yosh bilan boradi. “Bizga na shifer, na pul kerak! Iltimos, qaynim, mana pul, Rossiyaga borib akangizni olib keling!..”

Oybek qishloqdan nariga chiqmagan, akasi singari kamxaraj, oddiy odam edi. Uning olis o‘lkalarga borishga yuragi dov bermayotganini tushungan Oynisa o‘g‘li Qobilni ham birga yuborishga qaror qiladi. Shu tariqa oq-qorani tanimagan yosh Qobil o‘z amakisi bilan safarga otlanadi...

Nabijon Hoshimovning “Olapaxmoq” sarguzasht qissasi otani qutqarish maqsadida poyonsiz yurtga safarga chiqqan yigitchaning boshidan kechirganlari haqida hikoya qiladi. Begona yurtda odam savdosi qurboniga aylangan yigitchaning joniga bir it oro kirmaganida holi nima kechishini tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Odamlarda mehr-oqibat yo‘qolgan bir paytda oddiy itning minglab chaqirimlik yo‘lda hamrohlik qilishi-yu, yomonlaru falokatlardan qanday xalos etgani haqidagi qiziqarli qissa sizga manzur bo‘ladi degan umiddamiz! It hatto O‘zbekistongacha keladi...

U yog‘ini kitobni o‘qiganda bilib olasiz!

Boshqa kitoblar bilan tanishish

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!