Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/MUHAMMAD SALOM: yozuvchining tarjimai holi

MUHAMMAD SALOM: yozuvchining tarjimai holi

80

Муҳаммад Салом

Muhammad Salom

Yozuvchi, jurnalist, noshir

Muhammad Salom (Salomov) 1938-yil Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Cho‘g‘olon qishlog‘ida tavallud topgan. O‘n to‘rt yoshidan kolxozda ishlagan.

1955-yilda o‘rta maktabni tamomlab, ikki yil davomida maktabda bolalar yetakchisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 1958–1963-yillarda Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlagach, avval “Buxoro haqiqati” gazetasida ishlagan. Keyinchalik Toshkentga ko‘chib kelib, “Yosh leninchi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasida katta adabiy xodim, “O‘zbek qomusi”da katta ilmiy muharrir, so‘ngra “Yosh gvardiya” nashriyotida katta muharrir, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib mehnat faoliyatini davom ettirgan. Pensiyaga chiqqunicha, ya'ni 1989-yilgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nasr kengashida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlagan.

Muhammad Salom matbuotda ilk bor 1951-yilda chiqish qilgan. O‘shanda G‘ijduvon tumanining “G‘ijduvon haqiqati” gazetasida kichik bir xabari chop etilgan. Shundan so‘ng bo‘lajak yozuvchining xabar, maqola, lavha, ocherklari “Buxoro haqiqati”, “Yosh leninchi”, “O‘zbekiston madaniyati”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalarida, “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnalida e'lon qilinib, O‘zbekiston radiosi efirlarida ham yangray boshlagan.

1960-yilda Samarqand viloyatining “Lenin yo‘li” gazetasida “Hozircha kechirsang bas” deb nomlangan birinchi hikoyasi chop etilgan. O‘zbek adabiyotiga yangi yozuvchi kirib kelayotgan edi. 1964-yilda “Kechirolsang bas”, “Ikki oshna” hikoyalari “Guldasta” adabiy-badiiy to‘plamiga kiritilgan.

Bir necha yil o‘tib, kitoblari nashr etila boshladi. “Kechirim” (hikoyalar, 1969), “Yurakdagi izlar” (qissa va hikoyalar, 1970), “Toshloqdagi xazina (ocherklar, 1971), “Sevgi tori” (qissa, 1973), “Iqror” (qissa va hikoyalar, 1975), “Shifobaxsh qo‘llar” (ocherk, 1976), “Dovul” (qissa, 1977), “Muvozanat” (roman, 1984) kitoblari nashr etildi.

Muhammad Salom keksalik davrida ham samarali ijod qilishda davom etdi. Ocherk, badia, hikoyalari respublika gazeta va jurnallarida berib borildi. “Tanaffus” qissasi 2005-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida e'lon qilindi. Uzoq yillik mehnati samarasi bo‘lgan to‘rt qismli “Najot” romani 2012-yilning may oyida Yozuvchilar uyushmasining nasr kengashi muhokamasidan o‘tib, yuqori baholandi. Romanning birinchi qismi 2007-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan bo‘lsa, 2014-yilda esa mazkur asar “KATTA XONADON. Iztiroblar va sevinchlar” nomi bilan (to‘ldirilgan holda) “Tafakkur” nashriyotida nashr etildi. 2020-yilda esa “Ijod-Press” nashriyoti adibning “Zindondan nido” nomli kitobini bosmadan chiqardi va kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

Ikki asr adibi Muhammad Salom bugungi kunda o‘zbek yozuvchilarning eng keksalaridan biridir. Bolaligi Ikkinchi jahon urushi davriga, matbuotda maqolalari chiqishi o‘tgan asrning 50-60-yillariga, yozuvchi sifatida shakllanishi 60-70-yillarga to‘g‘ri keldi. U gazeta-jurnallar va nashriyotlarga asarlarini olib borgan kezlari tahririyatlarda Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Ibrohim Rahim, Sunnatulla Anorboyev, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov kabilar ishlagan zamonlar edi. Ular ko‘plab yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishgan, tahrir qilishgan.

Muhammad Salom hamon ijodda, hamon izlanishda.

Boshqa mualliflarning tarjimai hollari

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!