“MENING YURTIM”
Kitob nomi: “Mening yurtim”
Janr: She'rlar
Muallif: Ahad Qayum
Bosmaxona: “Dizayn-Print” MCHJ O‘ICHK
“Mening yurtim” kitobida Ahad Qayumning asosan Vatan sevgisi mavzusidagi she'rlari jamlangan bo‘lib, sahifadan sahifaga o‘tilgani sayin sevgining takror va takror kuylanishi kitobxonga ham ko‘chib, yurakdagi ishq olovini yanada gurillatadi. Kitobdan shoirning nafaqat Vatan, xalq va istiqlol mavzusidagi ko‘plab she'rlari, balki sadoqat, muhabbat, mehr-oqibat bobidagi misralari ham joy olgan. Shuningdek, mashhur xonandalar tomonidan kuyga solingan she'rlari bilan ham tanishishingiz mumkin.
She'riyat shunday bir san'atki, uning sarhadlari inson ko‘nglining eng yuza qismini ham, tubsiz qa'rini ham qamrab oladi. Ahad Qayum she'rlari shunday. Satrlarida til uchida turgan so‘zlar, qalbning hammaga xos kechinmalari, gohida esa siz aytmoqchi bo‘lgan, lekin oddiygina qilib aytib ko‘rishni istamaganingiz ajib dardlar aks etadi. Muallif o‘z she'rlarida zamonaviy mavzularni ko‘p qalamga oladi. Ularni sodda til, o‘ynoqi ohang va oshiq dardi bilan qog‘ozga tushirgani uchun o‘z vaqtida ko‘plab yoshlarning e'tiborini qozongan. She'rlari xonandalar tomonidan kuyga solinib, el orasida shuhrat topgani esa shoirga mashhurlik keltirgan. She'riyat ixlosmandlari orasida nafaqat yoshlar, katta yoshlilar ham uchrashi shoir she'rlari yoshlar qatlamidan yuqorilab borganidan darak beradi. Demak, she'riyat bitta o‘lchovdan iborat emas, u dengiz kabi goh chuqurlashsa, gohida sohilbo‘ylariga mo‘'jaz mavjlar bilan uriladi.
“Manzil boshqa, yo‘ling boshqa bo‘lmasin,
Vatanni sev, eling boshqa bo‘lmasin,
Soxta surat bilan yashama aslo,
Tiling boshqa, diling boshqa bo‘lmasin”
deb yozdi Ahad Qayum. Yoki odamlar bir-biriga g‘animat ekanini yana bir bor eslatadi:
“Baxtim o‘tkinchidir, nolam g‘animat,
Bu kunlar g‘animat, olam g‘animat,
Qadrlab yashaylik go‘zal hayotni –
Do‘stlar, odamga odam g‘animat”.
Ba'zi satrlarida esa ham oddiylik, ham falsafiylik ko‘rinadi. Bu satrlar shoirning xalqona ohanglarga yaqin bo‘lishga urinayotganidan dalolat beradi:
“Do‘stingman deb choh qazdilar, oh –
Men u chohga sig‘madim biroq.
Goho ayol makriga uchdim,
Goh ko‘ngil og‘usin ichdim...”
“Mening yurtim” kitobi kirill va lotin yozuvlarida bo‘lib, “Dizayn-Print” MCHJ O‘ICHK bosma mahsuloti hisoblanadi.