MASHHUR YOZUVCHILAR HAYOTIDAN: ajoyib va quvnoq voqealar
♦ ♦ ♦
Aleksandr Dyuma “Uch mushketyor” romanini gazeta seriali tarzida yozgan. Yozuvchi har songa romandan bitta seriya yozib berardi. Har bir satrni hisoblab qalam haqi to‘lashga kelishilgan edi. Ko‘proq qalam haqi olish uchun Dyuma romandagi asosiy qahramonlardan biri – Atosning xizmatkori bo‘lmish Grimo obrazini o‘ylab topadi. E'tibor berib qaralsa, Grimo juda ko‘p joyda “Ha” yoki “Yo‘q” deb javob beradi. Uning har bir javobi bitta satr hisoblanadi va qalam haqi to‘lanadi. Romanning davomi “Yigirma yildan so‘ng” deb ataladi. Tahririyat bu asarga so‘zlar soniga qarab qalam haqi to‘lashga shartnoma tuzadi. Shundan so‘ng Grimo obrazi darrov sergap va ezmaga aylanib qolganini ko‘rish mumkin.
♦ ♦ ♦
Aytishlaricha, kunlarning birida mashhur yozuvchi Fransua Rable Lion shahridan mamlakat poytaxti Parijga bormoqchi bo‘ladi. Biroq hamyonida pul tugab qoladi. Shunda u o‘zi qo‘ngan mehmonxonaning hammaga ko‘rinadigan joyiga uchta xaltacha qoldiradi. Birinchisiga “Qirol uchun zahar”, ikkinchisiga “Qirolicha uchun zahar”, uchinchisiga “Shahzoda uchun zahar” deb yozib qo‘yilgandi. Mehmonxona sohibi zudlik bilan hukumat odamlariga xabar beradi. Rableni tutib, aravada shoshilinch tarzda poytaxtga – qirol saroyiga olib kelishadi. Qirol ham hayron edi. Nahotki, Fransua Rable unga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan? Yozuvchi o‘shanda qirol Fransisk I ga ro‘para kelgach, uchala xalatachadagi shakarni suvga qo‘shib, ichadi va ularda hech qanday zahar yo‘qligini, Parijga kelish uchun pul tugab qolgani sababli shu tadbirni o‘ylab topganini aytadi.
♦ ♦ ♦
Viktor Gyugo 1862-yil ta'tilga chiqib, “Xo‘rlanganlar” romanini kitobxonlar ommasi qanday kutib olganini bilish uchun noshirga bor-yo‘g‘i bitta belgidan iborat telegramma yuboradi. Mana o‘sha telegramma: “?”. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay noshirdan ham atigi bitta belgidan iborat qisqa javob keladi: “!”. Bu telegrammalar insoniyat tarixidagi eng qisqa yozishmalar bo‘lib qoldi.
♦ ♦ ♦
Amerikalik yozuvchi va ruhshunos Timoti Liri bir qancha badiiy asarlar va ruhiy testlar muallifidir. Uyidan giyohvand moddalar topilgach, qamoqqa olinadi. Qamoq ma'muriyati mahbuslarni testdan o‘tkazishga qaror qiladi. Yaxshi natija ko‘rsatganlar yengil tartibdagi ishlarga jalb etilardi. Buni qarangki, Timoti Liriga berilgan ruhiy testni bir vaqtlar uning o‘zi tuzgandi. Natija a'lo chiqqach, Lirini qamoqxona bog‘iga bog‘bonlikka o‘tkazishadi. Olti oy o‘tib, Liri qamoqdan qochib ketadi.