“KELGINDI”
Kitob nomi: “Kelgindi”
Janr: Sarguzasht-fantastik qissa
Muallif: Nabijon Hoshimov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Nabijon Hoshimovning “Kelgindi” sarguzasht-fantastik qissasi bugungi kunlar bilan bog‘lanib ketsa-da, qiziqarli va g‘aroyib voqea 1977-yilga borib taqaladi. Keyin esa vaqt atalmish nisbiy tushuncha bugungi zamonni ortda qoldirib, kelajakka, aniqrog‘i, koinotdagi ajoyib sayyoraga ko‘chadi.
Kunlarning birida (voqea 1977-yilning yozida Farg‘onada boshlanadi) asar muallifi va akasi Qapchug‘ay qishlog‘idagi bir tanishinikiga mehmonga borishadi. Shohimardondan oqib keladigan soylardan biri shu qishloq chetidan o‘tardi. Jazirama yoz emasmi, Umar aka Povulg‘ondan kelgan mehmonlar uchun muzdek soy bo‘yida qozon osib, mehmondorchilik tashkil etadi. Ovqat pishguncha mehmonlar soyda cho‘milishadi. Shu payt soyning narigi tomonida osmonga tikilib turgan bir ayolga ko‘zi tushadilar. Keksaya boshlagan ayolning qo‘lida obdasta bor edi. Ayol o‘ziga-o‘zi javrab-javrab soyga yaqinlashadi. Obdastaga suv to‘ldirib, huv naridagi chinorni sug‘oradi. Bir qarashda mehmonlarga bu ayol telba bo‘lib ko‘rinadi. Shunda Umar aka ayolning g‘aroyib sirini gapirib beradi. Ayolning ismi Zulfizar bo‘lib, shu vaqtgacha turmushga chiqmagan edi. Chinor esa oqposhsha zamonida ekilgandi. Uni har kuni sug‘orishni ayolning otasi vasiyat qilib ketgandi. Qizig‘i, chinordan sal narida yerga sanchilgan uzun temir tayoq ham ko‘zga tashlanardi. Qishloq ahli uni yashinqaytaradigan “shayton qoziq” deb atashardi. Temir tayoq atrofidagi magnit maydoni sababli hayvonlar ham yaqin yo‘lolmay, hurkib nari qochishardi. Mehmonlarni qiziqtirib qo‘ygan Zulfizar esa yoshligida bir yigitni sevib qolgan edi. Qirq yildan beri sovchilarni kutardi. Chinorning ham, “shayton qoziq”ning ham sovchilarga va sirli muhabbatga bevosita aloqasi bor edi. Undan ham qizig‘i, yigit Farg‘onadan emas, umuman, O‘zbekiston tugul, Yer sharidan ham emasdi.
Mehmonlar bir ishonib, bir ishonmay, hayron qolishadi. Umar aka Zulfizarning o‘tmishini qishloqdagi Yo‘ldosh bobo tuzukroq bilishini aytadi. Qiziqish ustun kelgan yozuvchi va akasi Yo‘ldosh boboning uyiga yo‘l oladilar. Asarning asosiy voqealari Yo‘ldosh boboning hikoyasi bilan boshlanadi. Zulfizarning yoshlik chog‘larida soy bo‘yiga tuxumsimon, qanotsiz, dumaloq uchar jism qulagan edi. Qishloq ahli uni xorijning yangicha samolyoti yoki raketasi deb o‘ylaydi. Uchar jismdan bir yigit chiqadi. Qishloq ahli soydan suv tashib, metalldan yasalgan uchar jismning qizigan qoplamasidagi olovni bir amallab o‘chiradilar. Yigitning ismi Makvaytar edi. U Zulfizarni ko‘radi-yu nimanidir eslagandek qiziqib qarab qoladi...
O‘qing! Yerlik qiz va noma'lum sayyoradan kelgan yigit muhabbati haqida ajoyib va g‘aroyib sarguzasht qissa! Qirq yildan keyin ro‘y bergan mo‘'jiza, koinotga qudachilikka borgan qishloq ahli, ovqatxo‘r mehmonlar, Yo‘ldosh boboning raqobatchisi, o‘zga sayyorada bolalar qanday ko‘payadi... Zeriktirmaydigan samimiy fantastika!