ESHQOBIL VALI
Yozuvchi, shoir, tarjimon, pedagog, publitsist, adabiyotshunos
Eshqobil Vali (Eshqobilov Abduvali Kazakovich) 1965-yil 27-fevralda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tavallud topgan. 1972–1982-yillarda tumandagi 11-o‘rta maktabni tamomlagan. So‘ngra 1986–1991-yillarda SamDUning rus filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Talabaligida davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan bo‘lajak adib o‘qishni tamomlagach, mazkur fakultet aspiranturasida ilmiy-izlanishlarini davom ettirgan. Keyinchalik butun hayoti, ilmiy va ijodiy izlanishlari shu tariqa oliy ta'lim sohasi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi.
Dastlab SamDUda o‘qituvchi, 1995-yildan hozirgacha Samarqand davlat chet tillar institutida katta o‘qituvchi, bosh ilmiy kotib, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi mudiri, tahrir-nashriyot bo‘limi mudiri, jahon adabiyoti kafedrasi mudiri, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, Axborot-resurs markazi direktori vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. Hozirda Rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti.
Eshqobil Vali filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori. U O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining zaruriy nashrlari ro‘yxatiga kiritilgan “Xorijiy filologiya: til, adabiyot, ta'lim” ilmiy-uslubiy, adabiy-badiiy jurnalning tashabbuskor-tashkilotchisi, ko‘p yillik mas'ul kotibi, shuningdek, “Parnas” talabalar ijodiy klubi raisi, “Antik dunyo” xalqaro akademiyasining faxriy dotsentidir.
Pedagog-yozuvchi yoshligidan ijod bilan shug‘ullana boshlagan. Yillar o‘tib yozuvchi, shoir, tarjimon, publitsist, adabiyotshunos bo‘lib tanildi va Samarqand adabiy muhitining ko‘zga ko‘ringan yorqin vakili sifatida badiiy ijodni davom ettirib kelmoqda. Adibdagi iqtidor avval-boshdan, o‘quvchilik yillaridayoq viloyat va respublika yoshlar tashkilotlari yetakchilarining e'tiborini tortgan. Shu sababdan o‘sha damlardayoq Toshkent va Moskvadagi maxsus adabiy kurslarda tahsil olgan.
Hozirgacha “Zarafshon” nashriyotida “Paxsa qishlog‘im”, “Ming ikkinchi kecha”, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyotida “Sukunat mulki” she'riy to‘plamlari, keyinchalik “Ijod-Press” nashriyotida “Askar kundaligi” nasriy kitobi nashr etilgan. “Shohona bog‘” nomli tarjima asarlardan iborat Yevropa nasri antologiyasi ham chop etilgan. Eshqobil Valining asarlari o‘z uslubiga, falsafasiga ega. Bu ijodkor zamonaviy o‘zbek she'riyatiga “sonet haqida sonet” mavzusini olib kirgan deb ta'rif bergan B.S.Mixaylichenko “Поэтика узбекского сонета” monografiyasida.
Eshqobil Vali A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov bilan bir qatorda S.Esenin, M.Svetayeva, A.Axmatova, O.Mandelshtam, B.Pasternak, S.Kedrin kabi rus she'riyatining yigirmaga yaqin yirik vakillarining qator she'rlarini, italyan yozuvchisi A.Barikkoning “1900” nomli qissasini, V.Vulf, A.P.Chexov hamda M.Zoshchenko hikoyalarini va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. O‘zining asarlari esa rus, ingliz, tojik, qoraqalpoq, hind, urdu va italyan tillariga tarjima qilingan.