“BO‘RI OVI”
Kitob nomi: “Bo‘ri ovi”
Janr: Qissalar
Muallif: Nurali Qobul
Nashriyot: “Ijod-Press”
Biryo‘la o‘n yettita bo‘rini o‘ldirgan qotil haqida hikoya qilinadigan bu kitob nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki o‘z davrida sobiq SSSR adabiyotida ham katta tirajlarda o‘qilgan, o‘sha zamon adabiyotshunoslari chig‘irig‘idan ham, bugungi kitobxonlar sinovidan ham o‘tgan asardir. Yozuvchi Nurali Qobul mazkur kitobga kiritilgan qissalari bilan o‘tgan asrning 80-yillarida katta shuhrat qozondi va elga tanildi. O‘sha zamonlarda yurtimiz san'atida “sotsialistik realizm” degan g‘oya hukm surardi. Ko‘plab yozuvchilaru shoirlar kommunistik g‘oyalarni alqab, sotsialistik mehnatni ulug‘lab, ishchiyu dehqonlarni, partiya vakillarini ko‘klarga ko‘tarib, soxta ulug‘lab yurgan kezlari Nurali Qobul bugunda hatto Gollivud kinokompaniyalari film suratga olsa bo‘ladigan o‘tkir syujetli, kuchli dramaga, milliy va umuminsoniy fojialarga yo‘g‘rilgan psixologiya aks etgan asarlarini bitdi. Shuning uchun Nurali Qobulni “o‘zbekning Chingiz Aytmatovi” deb atashgan edi. Bu asarlar o‘sha davrda o‘zbek, rus va boshqa tillarda jami bir necha million adadda o‘qilgan. Voqealar asosan Jizzax viloyatida, Baxmal tog‘i va uning tegrasida ro‘y beradi.
Shuningdek, kitobdan “Bo‘ri ovi” qissasidan tashqari “Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar”, “Yashashga kechikma” va “Men hammani sevaman” asarlari ham o‘rin olgan. Yozuvchi o‘z qissalarida inson uchun yashash hamda kurashning bosh mezoni bo‘lmish tabiat, uning taraqqiyoti va tanazzuliga mutasaddi bo‘lgan insoniyat o‘rtasidagi munosabatlar, umuminsoniy tuyg‘ular – halol mehnat, mehr-muhabbat, ezgulik, to‘g‘rilik va o‘zgalar qalbiga ozor bermaslik haqida kuchli va unutilmas voqealik bilan hikoya qiladi. Sobiq sho‘rolar tuzumi davridagi adolatsizliklar badiiy ochib berilgani va betakror ruhiyati sabab bu asarlar bugungi kunda ham yashab kelmoqda...
Bo‘ri o‘lib yotardi. Ovchi uning qorniga pichoq sanchadi. Shunda kutilmagan voqea yuz beradi...
“Ijod-Press” nashriyotida nashr etilgan ushbu kitob yaqin o‘tmish odamlarining hayotini ko‘z o‘ngingizda qayta jonlantiradi. Qachonlardir Samarqanddan Jizzaxga yoki Jizzax tomondan Samarqand sari o‘tar ekansiz, katta yo‘ldan o‘ttiz chaqirimcha narida osmonga bo‘y cho‘zgan purviqor Baxmal tog‘lariga ko‘zingiz tushib, kitobdagi qahramonlarni eslaysiz. Ular hozir yo‘qdir, ammo hammasidan qolgan izlar, so‘nib ketgan ovozlar, o‘q ovoziyu so‘nggi nidolar eshitilgandek tuyuladi. Unutmang, adabiyotda “Bo‘ri ovi” kabi kitoblar bor ekan, barchasi yoningizda va yodingizdadir. Ta'rif bilan birga tarix ham yashaydi.