“BOLAJON, DARSGA TAYYORMISAN?”
Kitob nomi: “Bolajon, darsga tayyormisan?”
Janr: Bolalar uchun o‘zbekcha-inglizcha ilmiy-ommabop qo‘llanma
Muallif: Muslima Zaripova, Jonibek Rahmonqulov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Ushbu kitob maktab yoshidagi bolajonlar darsdan tashqari va dars jarayonida yordamchi manba sifatida foydalanishlari uchun tayyorlangan qo‘llanma bo‘lib, o‘zbek va ingliz tillaridadir. Sahifalar rangli suratlar bilan boyitilgan. Qo‘llanma “Lug‘at”, “Didaktik materiallarning darsdagi samarasi”, “Sinfdan tashqari o‘qish uchun hikoyalar”, “O‘yinlar”, “She'rlar”, “Topishmoqlar”, “Ertaklar” kabi boblarga bo‘lingan. Kitob hajmi 112 bet.
“Kirish” qismidan keyin kitobning asosiy sahifasi inglizcha va o‘zbekcha transkriptsiyali alfavit bilan boshlangan. Bunda bolajonlar ingliz va o‘zbek alifbosidagi harflar tartibi, qanday o‘qilishi kabi bilimlarga ega bo‘lishadi. “Lug‘at” bobi kichik yoshdagi o‘quvchilar zehniyati va ruhiyatini hisobga olgan holda oson tushuniladigan, ammo qiziqarli rangli rasmlar va ularning inglizcha-o‘zbekcha nomlari bilan berilgan. Sahifadan sahifaga o‘tilgani sayin kengroq va chuqurroq ta'lim beruvchi, bolaning topqirligini oshirib, mustaqil ilmini rivojlantiruvchi topishmoqlar va rangli suratlardagi topshiriqlarga gal keladi. Bular 1-4-sinflarga mo‘ljallangan topishmoq va topshiriqlar bo‘lsa-da, qiziqarligi jihati bilan har qanday yoshdagi o‘quvchilarni o‘ziga jalb eta oladi.
Shu tariqa kitobdan o‘quvchi uchun qiziqarli rang-barang misollar, mashqlar, hikoyalar, o‘yinlar, she'rlar hamda ertaklar o‘rin olgan. Bolada qiziqarli hikoya, ertak va she'rlarni o‘qishga chanqoqlikni oshirish bilan birga topqirlik qobiliyatini ham shakllantiradi, shuningdek, ingliz tilini o‘rganishdagi dastlabki bilimlarni ham beradi. Har bir o‘quvchi ma'lum bir ma'noda o‘z iste'dodi va qobiliyatiga ega. O‘qituvchi esa dars davomida o‘quvchining iste'dodini, iqtidorini yuzga chiqaruvchi yagona insondir. Darsning qiziqarli, samarali, mazmunli o‘tishi uchun dars davomida didaktik materiallar, tarqatmalar, har xil metodlardan foydalansa maqsadga muvofiqdir. Ushbu qo‘llanma o‘qituvchi 40-45 daqiqali darsda birgina darslik bilan cheklanib qolmasligida asosiy yordamchilardandir.
Qo‘llanmadan o‘quvchilarning o‘zlari ham mustaqil foydalanib, bilimini charxlashi mumkin.
Qo‘llanma Qashqadaryo viloyat Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Ilmiy kengashining qaroriga asosan chop etilgan bo‘lib, “Ijod-Press” nashriyotining bolajonlar uchun nashr etgan eng muvaffaqqiyatli kitoblaridan biridir. “Bolajon, darsga tayyormisan?” kitobini o‘qigan va uqqan bola albatta darsga tayyordir.